“Bu bog'lar bir bog'lar bo'ladi hali...”

    “Yangi O'zbekiston” gazetasining shu yil 25-mart sonida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi Shuhrat Rizaevning “Bu bog'lar bir bog'lar bo'ladi hali...”  nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni o'qishingiz mumkin.

    Hassos shoiramiz Zulfiyaxonimning “Bu oqshom” sheʼridan olingan mazkur misra uning umr soʻnglarida — eʼzozu ardoqlar ichra nishonlangan sakson yillik toʻyi kunlarida qogʻozga tushgan edi. “Ruhi abadga oʻtib” borayotganini sezgan shoira umidbaxsh-nekbin kayfiyatda “tanho sajdagohi – Vatan”ining kelajagini shunday tasavvur qilgan edi.

    Ha, haqiqiy shoirlar ham valiymonand bashoratlar qilguvchi zotlardir. Ne ajabki, chorak asrcha vaqt oʻtib orzulangan bogʻlar chappar urib, gulga kiryapti...

    18-mart tongida uch yuzlar chamasi mardum jam boʻlib, Toshkentning 3-4 sana avval qurilgan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi tomon yoʻlga tushib, shu manzilning bir chaqirimcha yuqoriroq qismiga borib toʻxtadik.

    Muvaqqat majlisxona tarxida qurilgan qurilmaga kirib, Prezidentimiz bilan uchrashdik, nutq-maʼruzasini tingladik. Odatdagidek, yondirguvchi, olovlantiruvchi bir izhori dil, soʻng samimiy suhbat-muloqot boʻldi. Sabab mavzu — “Yangi Toshkent shahrining poydevorini qurish ishlarining boshlanishi”...

    “Ana surpriz-u, mana surpriz”...

    Yoʻq, bu niyat turli munosabat bilan bosh rahbarimiz tomonidan 1,5-2 yillar avval bir necha bor aytilgan, koʻngillarga choʻgʻ ham solib ulgurgan edi. Nihoyat, shu ishni boshlash tadbiri tashkil etildi va unda ishtirok etgan kattayu kichik jami olimu ulamo, shoiru zurafo, ziyoliyu sanʼatkor, arbobu ahkom – birortasi yorugʻ oʻy va ishtiyoqu ilinjsiz bu tadbirni tark etmadi.

    Biz turkistoniylarga taqdir oʻzi ikki daryo oraligʻini azalu abaddan peshonamizga bitib, Siru Amu oraligʻidagi Movarounnahr diyori deya belgilagan ekanki, daryolar orasida tiriklik tamali bilan necha asrlar umrguzaronlik qildik. Qarangki, Yangi Toshkent gʻoyasini ilgari surgan Prezidentimiz koʻngliga yana daryolar oraligʻida havo musaffo, obi hayot – suv farovon, iqlim moʻtadil boʻladi, degan fikrlar kelibdiki, yangi muhtasham shahar uchun Chirchigʻu Qorasuv daryolari orasi manzil belgilanibdi. Ortida togʻ – Parkent tizmalari – yaqindagina koronavirus pandemiyasidan uvadalanib chiqqan oʻpka-vujudlarga hayot baxsh etuvchi sarrin shabbodalar esib, dillarga huzur topmogʻiga yana bir omil. Ha, Yangi Toshkent shahri tarxini chizgan Buyuk Britaniya, Singapuru Turkiya meʼmorlarining ham bor manzarani koʻrib koʻzi quvnagan, ilhomi joʻsh urgan shekilli, meʼmoriy yechimlar ham favqulodda koʻrkam, orasta, batartib, zamonaviy shaharsozlikning qatʼiy xalqaro nizomlariga muvofiq, har qarichi hisobga olinib, mushohada etilganki, davlatimiz rahbari iftixorlanib, “aqlli shahar” deganicha bor.

    20 ming gektar maydon, bir million aholi uchun mukammal sharoit, uy-joy — istiqomatgohlar, davlat idoralari, tibbiyot muassasalari, bogʻu rogʻ-saylgohlar, nainki odam, hatto avtoulovlargacha zamonaviy qoʻnalgʻa, maktab, bogʻcha, teatr, kutubxona... bir inson uchun 80-90 yillik hayotida ehtiyoj boʻladigan bari tiriklik vositalari koʻzda tutilgan.

    E, otangga balli! Mana shu-da “insonni qadrlash” degani!

    Biz shoʻro zamonida ham, ilk istiqlol yillarida ham “hammasi inson uchun” degan iborani koʻp bor takrorladik. Shoʻroda-ku, bari soxtalik, koʻzboʻyamachilik boʻldi. Ammo mustaqillik yillarida ham bu tamoyil nogiron vujuddek goh u, goh bu muallaqliklarda bir koʻrinib, bir koʻrinmay, bilinmay turdi, katta-katta amaliy ishlarda yuz koʻrsatmadi. Aksincha, fuqarolar koʻnglidan mubham kayfiyatlar arimadi, ishonch, eʼtiqod mustahkam boʻlmadi. Vaholanki, oʻsha yillar “Mustaqillik – bu huquq” degan tamoyil ilgari surildi-yu, ijtimoiy, maʼnaviy huquqbuzarliklar jamiyat hayotiga kirib, chuqurlashib boraverdi. Inson emas, shaxs emas, oʻziga xos olomon falsafasi, jilovlangan izdihom koʻrinishi avj oldi. Keyinroq, 2017-yillar boshida Oʻzbekistonning saylangan yangi Prezidenti bu hodisani aniq taʼriflab, oʻtmish yillarni “ongsizlikni ongli ravishda avj oldirgan davr” sifatida baholadi. Mana, endi zamoni yetib, insonni, Oʻzbekiston fuqarosini amalda qadrlab, uning huzuru halovati, sihati, jismoniy va maʼnaviy kamoloti uchun xizmat qiladigan toʻkis sharoit barpo etilyapti. Aql, ilm-fan, maʼrifat barcha yaratiqlarning negizi boʻladigan bu maskanda umrguzaronlik qilmoq uchun ham har bir inson “aqlli shahar madaniyati”ni toʻliq oʻzlashtirishi, har bir harakatda umum tomonidan qabul qilingan qonun-qoidalarga binoan yashamogʻi zarur. Bir million hamyurtimiz istiqomat qiladigan Yangi Toshkentda eng yuqori darajada maoshlantiriladigan 200 ming ish oʻrni bunyod etilar ekan. Shaharning bor quvvatu qudrati, qulayligu yumush-xizmati, bari insonning sira ozorlanmay, emin-erkin yashashi, dam olishi, halovat ummonida bahuzur suzmogʻi uchun yoʻnaltirilar ekan...

    Mana sizga Forobiyu Firdavsiy, Kamponella va yo Gasperalik Ismoilbey orzulagan shahru kent.

    Voqelikka aylanajak ertak...

    Bu izdihomda ham Prezidentimiz yana jadid bobolarni esladi. Toshkentni taʼriflay turib, oʻsha davrdagi qizgʻin ijtimoiy maʼrifiy harakatning markazi boʻlganini tilga oldi. Xayolimda tarix jonlandi: XX asr boshi Toshkentning eski shahar qismi 1,5 ming gektarni tashkil etib, unda 146 ming aholi yashaydigan 21 ming turar joy boʻlgan. Bu yerda tom maʼnoda maʼrifat mashʼali gurkiragan. Jadidlar shaharning aynan shu qismida asosiy mahalliy xalq yashashini nazarda tutib, barcha harakatlarini mazkur hududga yoʻnaltirdilar.

    “Usuli jadid” maktablar, xayriya jamiyatlari, ilk milliy mabtuot nashrlari, matbaa, teatr, kutubxona... kabi barcha maʼrifiy-madaniy muassasalar eski shaharda barpo etildi. Bu makon ayni maʼrifat markaziga aylanib ketdi. Albatta, hozir eski shaharning markaziy qismi – Eski Joʻva bozoriga tutash qadimiy mahalla hududlari qisman saqlangan – Sagʻbon, Chigʻatoy, Xasti Imom, Qorasaroy, Qumloq va hokazo. Endi Xasti Imomdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Abdulla Qodiriy ijod maktabi, muzeyi, bogʻi, “Turon” zamonaviy kutubxonasi nazaran goʻyo eski shaharning kirish darvozasi taassurotini beradi. Boshlanishdagi Abdulla Qodiriy haykali goʻyo ulugʻ adib bagʻriga ne bir kitobni mahkam bosgancha, Toshkent shahriga kirib keladigan sayyohu mehmonlarni kutib olayotgandek tuyuladi. Bu darvozadan kirgan mardum baayni moziyga shoʻngʻiydi – Islom sivilizatsiyasi markazida eng qadim oʻtmishimiz, shaharsozlik madaniyatining shakllanishi va rivoji, islom madaniyati va maʼrifati, Birinchi va Ikkinchi Renessans negizlari, allomalari, ularning jahoniy kashfiyotlari va hokazo maʼlumotlar bilan tanishadi. Sagʻbon, Chigʻatoy mavzelari, Eski Joʻva bozori manzaralarini koʻrib, koʻhna moziy ruhiyatiga kiradi. Oʻzbekistonning uch ming yillik davlatchiligining shonli-sharafli kechmishi, tabarruk zotlari, osori- atiqalariga oid maʼrifat bilan qurollanadi, fayziyob boʻladi.

    Moziydan oʻtgach, kishi koʻz oʻngida endi bugungi Toshkent namoyon boʻladi. “Toshkent siti”dan boshlab bu yogʻi chor tarafga uzala yoyilgan koʻp qavatli imoratlar, saylgohlar maʼmuriy, madaniy, maʼrifiy, tibbiy muassasa, inshootlar, koʻngilochar tomoshaxonalar, istirohat bogʻlari, gipermarketlar, savdo markazlari, ravon yoʻlu yoʻlkalar, beadoq imoratlar... bari bugungi zamonaviy Toshkent belgilari. Oʻtmishu bugunning ajib uygʻunligi. Mana endi Mirzo Ulugʻbek tumani boʻylab keta-ketguncha yoʻl nihoyasi Yangi Toshkentga, yaʼni kelajakka borib ulanadi. Koʻringki, makonu zamon tushunchasidagi oʻtmish — bugun — kelajakning ajib birligi, vobasta mushtarakligi. Xayollaring hapqirib, qalban surur tuyasan. Hayrating oshib, kelajakning ham tezroq voqe boʻlishini tilaysan.

    Ha, zamonaviy Oʻzbekiston moziyni oʻrganib, qadrlab, bugunini bunyod etib, kelajakka intilayotgan mamlakat. Bu fikrning ayni isboti kechagi, bugungi va kelajakdagi shahri aziz Toshkentdir.

    Boshqalarni bilmadim-u, yetti pushtim toshkentlik boʻlgani uchun sururim ham, gʻururim ham oʻzgacharoq boʻldi, dildan yayradim, nuroniylik inayotgan yoshimga bolalik, yoshlik havaslari yopirildi... Mana, endi yashash kerak, toʻlib, toʻlqinlanib, yonib, yolqinlanib, yaratib yashash kerak, vassalom!

    “Bular mening armonlarim”

    Bular-ku Navroʻz shukuhi, Ramazon barokati arafalaridagi xayrli harakatlar mujdasi. Koʻngillarga zavq-shavq, safo baxshida etguvchi xushniyatlar. Yurtimiz rahbari xush kayfiyat asnosida bu yilgi qish mavsumi, oʻsha palladagi 15-20 kun ichi roʻy bergan noxush sinovlarni ham yodga oldi.

    Ota-bobomiz “qishning bir kuni qolsa ham qoʻrq”, deguvchi edi. Biz esa 30-40 yildan beri tayinli qish, sovuq boʻlmadi, deb xotirjam yuraverdik. “Koʻza kunda emas, kunida sinadi” deganlaridek, Oʻzbekistonning bor yonilgʻi, energetika sanoati imtihondan oʻtdi, aniqrogʻi, oʻtolmadi. Ularni ham tushunish mumkin. Suhbatlashib qolsang, hasratidan chang chiqadi. Ammo yana kaltak shular boshida sinadi. Chunki vaqtida kerak chora-tadbirlarni belgilamagan, qoʻli yetadigan kamchiliklarni bong urib ovoza qilmagan. Oxir-oqibat qishning qora chillasida barchaga eng badburush, sovuqdan ham sovuq koʻringan ham shular boʻldi. Ming-minglab xonadonlar gazsiz, elektr energiyasisiz amallab jon saqladi. Mashinasi borlar uni oʻt oldirib qoʻyib, baharnav isinib, tunni tongga ulaganini eslaydi. Ortiq quvvatni koʻtarolmay yonib ketgan transformatorlar, sim-kabellar, suvi yaxlab yaroqsiz holga kelgan batareyalar... e-he, hasrat daftari ochilsa, tonggacha yopilmaydi. Xullas, ana shu holatlarni eslab, Prezident energiya taʼminotini endi hech qachon uzmaslik, bundan buyon bu sohada muammo boʻlmasligi tadoriklarini takror-batakror sharhlab, izohlab bayon etdi. Soʻz isboti oʻlaroq shu yerning oʻzida Yuqorichirchiq, Ohangaron, Boʻka tumanlarida ishga tushiriladigan quyosh panelli elektr stansiyalari qurilishiga izn-start berdi.

    Ana shu holatlarni kuzata turib, bir narsani sezgandek, anglagandek, boʻldim. Prezidentimiz qahraton zabtiga olgan kunlari fuqarolarining sovuq azobini oʻz qalbidan oʻtkazganini, tunlari bedor bezovtalanib, bolalar, keksalarning ahvoli ne kechdi ekan, deya bor vujudi ila oʻrtanganini his etgandek boʻldim. Avvalda ham turli uchrashuvlarda, ayniqsa, 2020-yil 20-may kuni Adiblar xiyobonini ochgandan soʻng bizlarni yangi qurilgan Respublika bolalar tibbiyot markaziga olib borib, eng yangi zamonaviy tibbiy uskunalarni koʻrsatib, endi oʻzbekning bolalari oʻlmaydi, chaqaloqlarimiz nobud boʻlmaydi, deya koʻz qarogʻi namlanib, “bular mening armonlarim”, deganlari xotiramga keladi. Ana shular Prezidentimizni bu yilgi qora chillada koʻngli nechogʻli qaro tortib, necha bor koʻz qarogʻi toʻlganini anglatgandek boʻldi menga. Ha, chora boʻlaturib, bir muddat chorasiz giryon qolish ham mislsiz azob yurt rahbariga...

    Darvoqe, chora xususida. Alloh insonga maxluqotdan ayri ongu tafakkur, til, qalb neʼmatlarini berdimi, demak har ishda chora topa bilish salohiyatini ham ato etgan. Ijod, ixtiro, yaratish, kashf etish degani bari asli chora izlamoq va topmoqdir. Chorasiz odamni bechora deganlar. Bora-bora bechoralik kambagʻallik, xoru zabunlik, ojizlik maʼnolarini orttirgan. Xoʻsh, biz xoru zabunmizmi, qoʻlidan bir ish kelmaydigan ojizu notavonmizmi? Yoʻq, aslo, Alloh saqlasin! Biz qodirmiz! Albatta, mutlaq qodirlik Allohdan. Biz esa bandasiga berilgan qodirlik darajasida chora topa bilguvchimiz. Shunday ekan, nega hamma harakat, intilishlarimiz ham oʻxshayvermaydi? Ishtiyoq bilan boshlanadi-yu, koʻpincha ora yoʻlda qolib ketadi? Prezident buning ham javobini oʻzi berdi. Tashabbusni rahbar boshlaydi-yu, ammo uni lozim darajada davom ettiruvchilar yoʻq yoki oʻta sust. Demak, tizim yoʻq, tizimli yondashuv yoʻq. Bir martalik yoki “katta koʻrib yo bilib qolishi”dan xavotirda bir necha martaligina amaliy chora bor. Bunday oʻlda-joʻlda yondashuvdan, koʻzboʻyamachilikdan kimga naf-u, kimga ziyon? Albatta, xalqqa ziyon, yurtga, Vatanga zarar. Bu lirik chekinishlarning bari oddiygina dunyoqarash masalasiga kelib bogʻlanadi. Dunyoqarash-koʻzqarash barcha harakatning negizi, gʻoyaviy asosi.

    Mustaqillik havosi va havasi bilan 32 yil yashab qoʻydik. Qoʻlimizni yuragimiz ustiga qoʻyib, har birimiz oʻzimizdan soʻraylik – tasavvur va tafakkurimizda tamomila yangilanish boʻldimi? Yo global dunyo oqimiga tushib olib, mayogʻimizni bilmay, anglamay, pachoq kemada suzib yotibmizmi oqim boʻyicha?! Tafakkurning yangilanishi, dunyoqarashning tamomila oʻzgarishi biz uchun “hayot yo mamot” masalasi yoki Abdulhamid Choʻlpon iborasicha, “yo oʻlish, yo qolish” masalasidir.

    Albatta, bunday balandparvoz soʻzlar ayrimlarga erish tuyular. Ammo men bu masalani Oʻzbekiston xalqi va davlatchiligi uchun shu qadarli muhim masala hisoblayman. Sababi, biz tashqi siyosat, iqtisodiyot, xalq xoʻjaligi boʻyicha qancha yuksak marralarga erishmaylik, inson ongu tafakkuri, dunyoqarashi borasida bir joyda depsinib qolsak, na-da taraqqiyot, na-da oʻsish-oʻzgarish, na-da yangilanish sodir boʻlmaydi. Millat birikmaydi, el-yurt xotiri jamu tinchlik barqaror boʻlmaydi. Chunki insonning qornini toʻqlab, ustini har qancha butlamang, unda insonlik sifatlarini shakllantirib oʻstiradigan kuch ong, ruhiyat va dunyoqarashdir.

    Uygʻonmoq bu dunyo bilan barobar yashamoqdir!

    Taʼkidlab oʻtganimizdek, yurtimiz mustaqilligini eʼlon qilganimizga hademay 32 yil toʻladi. Bir insonning ongu tiynati toʻla shakllanib, barkamollikka erishish yoshi bu. Ammo maʼnaviy barkamollik oʻz-oʻzicha paydo boʻladigan hodisa-holat emas.

    Men shu oʻrinda 2019-yil dekabr oyi soʻnglaridagi bir voqeani eslashni joiz oʻylayman. Oʻsha kezlar buyuk adib Abdulla Qodiriyning 125-yillik tavallud sanasini nishonlayotgan edik. Prezidentimiz eski shahar boshlanishidagi Qodiriy bogʻi va muzeyiga tashrif buyurib, jamoatchilik, ziyolilar bilan uchrashdi. Uchrashuvdan avval muzey va “Turon” kutubxonasi bilan tanishtirish uchun ekspozitsiya zaliga boshlab kirganimizda, davlatimiz rahbari juda teran maʼnoli savol berib: “Jadid va qadim munosabatlari hozir ham davom etyapti – a?!” dedi. Kutilmaganda berilgan savol kaminani biroz taraddudlantirdi. Chunki bu savol asosan soha mutaxassislariga yaxshi ayon boʻlib, mavzuni ichdan oʻrganmagan odam buni bilavermaydi. Tushundimki, Prezidentimiz jadidchilik masalalariga oʻta sinchkovlik bilan diqqat qaratibdi. 120-yillar avval oʻlkamizda yuz bergan harakatchilikning mohiyat ildizi, kurash va ehtiroslar manbaini bor boʻyicha anglab, uning bugungi kunlarimiz uchun ibratli tomonlarini mushohada etibdi.

    Ochigʻi, bir asrlik tarixni biz yuz bergan voqea-hodisa sifatida qayd etib ketaveramiz, lekin uning bu kungi zamona uchun ham achchiq saboqlarini bor miqyosida anglayvermaymiz. Oʻsha paytda meni taraddudlantirgan savolni keyinroq yana idrok etib, oʻzimcha javoblar topgandek boʻldim. Qiziq dunyoqarashni oʻzgartirish masalasi salmogʻi oʻsha “jadid - qadim” mavzusini eslatdi menga.

    Jadid yangi, yangilik tarafdori, qadim eski, konservativ qarashlar vakili. Xoʻsh, istiqlolimizning 32 yilligi ostonasida endi qadimchi, yaʼni eskilik tarafdori, eskicha qarashlar boʻlishi mumkinmi?! Eskicha qarashlar, jilla qursa, oʻttiz ikki yil oʻtgan davr shamollarida yoʻq boʻlib ketishi kerakmasmidi? Vaqt nisbati oʻzi eski narsalarni chiritib, yoʻqotib tashlamaydimi?! Ha, tabiat dialektikasiga koʻra shunday boʻlishi kerak, albatta. Ammo gap shundaki, Oʻzbekistondagi istiqlol davri chorak asrining oʻzi global davr epkinlarida eskirib, “eskilik” boʻlib qoldi. Endi davr, voqelik shitobi bizni suratu siyratiga koʻra butkul yangi sifat bosqichiga olib chiqdi. Endi taraqqiyotning ham, oʻsish oʻzgarishning ham favqulodda yangi pallasida oʻz oʻrnimizni belgilash harakatlarida turibmiz. Yangidan uygʻonmoq, yangi Uygʻonish davrining maqsad tamoyillarini barqaror etmoq bugun biz – 36 millionli xalq uchun ayni “hayot yo mamot” masalasi boʻlib turibdi.

    Rahmatlik ustozimiz, atoqli jadidshunos olim Begali Qosimov aytmoqchi, “Uygʻonmoq bu dunyo bilan barobar yashamoqdir!”. Ha, bugun Oʻzbekistonda boshlanib, besh yildan beri shitoblanib, tezlanib borayotgan yangi Uygʻonish bu dunyo bilan barobar, teng va mushtarak yashamoq orzusidir. Demak, endi besh yil avvalgi tarix, munosabatlar muayyan maʼnoda tarix, boʻlib oʻtgan kechmishdir. Toʻgʻri, biz oʻzimiz shaklu shamoyilimizga koʻra deyarli oʻsha-oʻshamiz-ku, besh yilda hamma narsa juda chappasidan ketmas, deb oʻylaymiz. Yoʻq, asli hammasi tabiiy nizomidan oʻzgara boshladi, texnik, texnologik inqilob inson ongini, tafakkurini va qalbini oʻzgartirib yubordi. Dunyoga boʻylashmoqchimisan, demak, beistisno barcha holatu hodisotda oʻzgarish, taftish, tahlil, mushohada, mulohaza boʻlmogʻi aniq. Chunki oʻz oroling, koʻlu koʻlmagingda qolib ketolmaysan. Chunki bu chorasizlik, harakatsizlik degani, oʻlim bilan barobar hodisa boʻladi bu. Demak, dunyo oʻzgarayotgan ekan, atrof javonibda yangicha munosabatlar, yangi dunyo ekan, bizning ham dunyomiz, shunga muvofiq dunyoqarashimiz ham oʻzgarmogʻi shart. Agar shunday boʻlmasa, biz zamon aravasidan tushib qolaveramiz. Bu ishda bayroq, albatta, ziyolilar qoʻlida boʻlmogʻi shart. Taassufki, ziyolilarimiz, buyuk shoirimiz Erkin Vohidov aytmoqchi:

    Bir ishga qasd qilib shoir yo olim,

    Xayol surib – keyin ne boʻlar holim –

    Qudrati bor boʻla turib, ilohim,

    Dilidan jurʼati ketmasin uning,

    degan bir hol-ahvolda turibmiz. Vaholanki, biz bugun yana Erkin aka daʼvatiga quloq tutmogʻimiz zarur boʻlyapti:

    Bong uring, hammani uygʻoting.

    Bong uring, shaharu qishloqda.

    Hayajon koʻtaring, toʻp oting.

    Odamlar uyqudan uygʻoning,

    Shoshiling, qidiring tez najot

    Jon kuysin, qalb yonsin,

    To yonib ketmasin bu hayot.

    Ovozlar boricha baqiring,

    Odamlar! Yo hayot, yo mamot!

    Ha, bong urish kerak, shart. Sababki, hozir har qachongidan koʻra tahlikali, ochiq tahdidli zamonda va makonda yashab turibmiz. Ayrim sobiq gegemon mamlakatlarning imperiyachilik kayfiyatlari yana uygʻonib, ochiqdan-ochiq siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, mafkuraviy-maʼnaviy tahdid tusini oldi. Endi yana “Yo hayot, yo mamot” degan masala biz uchun tarix sahnasiga chiqyapti. Xoʻsh, biz – ziyolilar kim bilanmiz? Shoir aytmoqchi, “jurʼatsizlik” sirtmogʻiga ilinib, oddiy kuzatuvchi boʻlib yuraveramizmi?!

    Erkin Vohidov yuqorida keltirilgan satrlarni yozganida deraza ortida XX asrning 70-yillari edi. Shoir sira tap tortmay jurʼatini ham, fuqarolik pozitsiyasini ham baralla namoyish etib, bong urgan edi. Ana shoirning soʻzi, fuqaroning pozitsiyasi, millatning fidoyisi. Aytish mumkinki, oʻz davrining jadidi. Ehe, u davrning qadimchilari – butun boshli qizil ajdaho, yanchib yoʻq qilib yuboradigan shafqatsiz mashina edi. Shu vaziyatda Erkin aka oʻzida “jurʼat” topa bildi. Chunki uning qaygʻusi millat, Vatan, erk, hurriyat qaygʻusi edi. Nahotki, orada oʻtgan 45 yillik muddat ziyolilarimizning qonini shu qadar sovitdi, gungu karaxt qilib tashladi. Yana koʻringki, mustaqil boʻldik deb koʻkrak kerganimizga ham shuncha oʻtibdi. Hech qursa, shu soʻnggi besh yilning ravish-raftorini mushohada qilaylik. Mustaqillikda oʻtgan yillardan chorak asrini izlanish, adashish, yoʻqotish va yoʻl, chora izlash pallalari deb koʻraylik.

    Bugun endi oʻz yoʻlimizdamiz, oʻz oʻzanimizni topganimizni his etib, “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasida kamarbasta boʻlib turaylik. Bugungi jadid-qadim maʼnaviy muhorabalarida pozitsiyamizni aniq belgilab olaylik. Shu maʼnoda, hozirgi ijtimoiy-maʼnaviy jarayonda birgina jadid-u, qolgan barchamiz qadimchilarga oʻxshaymiz. Yurtimiz rahbari zamonamizning Behbudiysi, Munavvarqorisi, Abdulla Avloniysi boʻlib, dunyo bilan birga barobar yashamoq uchun uygʻonish gʻoyasini bayroq qilib saflar oldida. Ortda esa saflar parokanda, oʻngu soʻlga jurʼatsizgina qarab sarosar ketayotgan soʻniq oqimga oʻxshaydi. Yalov tutgan sarkarda ortida har jihatdan mukammal, muntazam lashkar boʻlmogʻi shart. Agar shunday boʻlmasa, hayotu mamot muhorabasida magʻlub boʻlib qolishimiz aniq. Magʻlublarni esa hech kim kechirmaydi.

    Yangi Toshkent shahrining poydevori uchun ishlarni boshlash bahona ne-ne fikrlar oʻrtaga tushdi. Biroq undan ham moʻlroq fikr-mushohadalar izdihomning barcha ishtirokchilari qalbi, xayolidan oʻtdi, desam yanglishmayman. Kimdir goʻzal orzular ogʻushida, kimdir elu yurt tashvishida, kimdir oʻz xohishlari ilinjida, yana kimdir izdihom ahlini oʻziga qaratish gʻarazida “nimalar”ni koʻnglidan oʻtkazmadi. Aytadilar-ku, qochgan ham, quvgan ham Xudo deydi.

    Munisim, mushfiqim – Toshkentim – onam! Soch-soqolim kumushlarga belanib, nabira-evaralarni yetaklab, Yangi Toshkentda qurilajak 420 gektarli bogʻu rogʻlarda oʻsha tarixiy kungi majlis ahli bilan ekkanimiz daraxtlar oralab kezinganda, koʻz oʻngimda faqat tarixiy kelajak boʻladi. Munisliging, mushfiqliging xotiramda, oʻtmish sogʻinchu armonlarimda boʻladi. Nabira-abiralarim bogʻ aro qoʻyib qadam, ne bir texnik moʻjizalar murvatiga qoʻl tekizib, oʻz kelajagi ichra sayrga chogʻlanganida, kamina uni elektrobusga oʻtqazib, eski shahar Toshkentiga olib kelaman. Tosh koʻchalarda moziy havosiga toʻyintirib, “Toshkent siti” manzillarida sayohat qildiraman.

    Oʻtmishu bugunni koʻrgan bolakay avlod kelajagi bagʻriga qaytarkan, men kabi “Toshkentim – onam” qoʻshigʻini qalbdan xirgoyi qilib kelishini istayman. Oʻtmishu bugunni koʻrib, kelajagiga dadil odimlab borayotgan zurriyodimga boqib, “ruhi abadga koʻchgan” qadim Degrez mahallalik Zulfiyaxonim xotirasini yod etaman, “bu bogʻlar bir bogʻlar boʻldi”, deya alyorlar aytib qolaman, inshaalloh!