Xususan, ajdodlar merosi, uning bugungi kundagi ahamiyati, asrlar davomida uning insoniyatga taqdim qilgan ezgu gʻoyalarini mazmuni-mohiyatini targʻib qilish, yosh avlodni ajdodlariga munosib voris sifatida tarbiyalash borasida diniy maʼrifiy sohada ham koʻplab ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimizning maʼrifat va maʼnaviyat timsoli sifatida qad koʻtarayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham bunga yorqin misol boʻladi.

Markazda olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar va kelgusidagi istiqbolli rejalar bilan tanishish maqsadida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, bu yerda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Dastlab, markazning ilmiy faoliyati, shonli tariximizdan xabar beruvchi “Qurʼon zali”, “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “Oʻzbekiston XX asrda”, “Yangi Oʻzbekiston – yangi Renessans” kabi boʻlimlar va ularda namoyish qilingan turli ashyolar, qoʻlyozma manbalar, suratlar, multimedia vositalari hamda mahalliy va xorijiy olimlar hamkorligida kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ilmiy loyihalar bilan tanishdi.

Prezidentimiz ajdodlar merosini ommalashtirishga qaratilgan loyihalarni yuksak baholab: “Xalqimizning boy va betakror merosiga oid koʻp kitoblar, turli oʻlkalarga sochilib ketgan qoʻlyozmalar, noyob maʼlumotlar, sanʼat asarlari, afsuski, bizga nomaʼlum edi. Mana shu markaz sabab boʻlib tarixni oʻrganishda katta qadamlar qoʻydik, yangi manbalar yuzaga chiqdi. Endi bularning taʼsiri, natijasi qanday boʻladi? Ularni faqat yodgorlik sifatida saqlamasdan, faol ilmiy isteʼmolga kiritish, aholimiz, yoshlarimizga tushunarli tilda yetkazish, jahon jamoatchiligiga keng targʻib qilish kerak. Bu dargoh nafaqat oʻtmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bogʻlaydigan, taraqqiyotimizning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi boʻlishi zarur, – dedi.

Davlatimiz rahbari qurilish ishlari va ekspozitsiya bilan tanishish jarayonida markaz faoliyatini yanada boyitish va takomillashtirish yuzasidan zarur koʻrsatmalar berib, uning kelgusidagi faoliyati va ahamiyati haqida: “ Islom sivilizatsiyasining, islom taʼlimotining zamini – aslida ilm-fan, madaniyat, taʼlim va tarbiyadir. Biz barpo etayotgan markazning bosh gʻoyasi, asosi ham shu. Eng muhim tomoni – yurtimizdagi islom madaniyati bilan bogʻliq bir necha ming yillik qadimiy oʻtmish bir joyda – mana shu majmuada mujassam boʻladi. Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol koʻrib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bagʻrikenglik dini ekanini, oʻzbek xalqining dunyo tamadduniga qoʻshgan buyuk hissasini anglaydi, – dedi.

Ushbu maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda, markazda ulugʻ ajdodlarimiz merosini chuqur tadqiq qilish, uni bugungi kunning dolzarb muammolariga javob bera oladigan ezgu gʻoyalarini targʻib qilishga juda ham katta ehtiyoj borligi taʼkidlandi. Buning uchun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish, birgalikda ilmiy sohada yangi zamonaviy tadqiqotlarni amalga oshirish hamda bugungi kunda insoniyatga tahdid solayotgan jaholatga qarshi maʼrifat gʻoyalari ilmiy asosda javob berishga katta ahamiyat qaratish zarurligi aytib oʻtildi.


Firdavs HALIMOV,

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori oʻrinbosari



Hamkorlik materiali