Shu sababli har yili mazkur sana Butunjahon salomatlik kuni sifatida keng nishonlanadi. Hozir JSSTga 194 ta davlat aʼzo. Oʻzbekiston ham 1992-yil 25-maydan mazkur mamlakatlar safida. 1993-yildan tashkilotning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi faoliyat olib bormoqda. Salomatlik kunini nishonlashdan koʻzlangan asosiy maqsad aholiga sogʻlik ulugʻ neʼmat ekanligini anglatishdan iborat. Shu bois bu sana global muammolarga bagʻishlangan turli shiorlar ostida nishonlanadi.
Masalan, oʻtgan yili koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga doir “Adolatli, sogʻlom dunyoni qurish” shiori tanlangan edi. Bu gal masʼullar dunyo hamjamiyati eʼtiborini hanuz ortga chekinmayotgan pandemiya, global ekologik inqiroz, saraton, astma va yurak kasalliklari avj olishi asnosida eng zarur boʻlgan shoshilinch choralarga qaratishga qaror qildi. Shu tariqa JSST 2022-yilni “Sayyoramiz, bizning sogʻligʻimiz”, deya nomladi.
Bu bejiz emas, albatta. Maʼlumotlarga koʻra, oldini olish mumkin boʻlgan ekologik muammolar tufayli har yili yer yuzida taxminan 13 million kishi nobud boʻladi. Yer kurrasining 99 foiz aholisi nosogʻlom havodan nafas olmoqda. Global isish oqibatida infeksion kasalliklar tezroq va koʻproq tarqalyapti. Qolaversa, tabiat hodisalari, yer degradatsiyasi va suv tanqisligi insonlarning majburiy koʻchirilishiga, sogʻligi yomonlashishiga olib kelayotgani ham sir emas.
Bundan tashqari, notoʻgʻri ovqatlanish va kamharakatlik ommaviy semirish, shuningdek, saraton va yurak-qon tomir kasalliklarini koʻpayishiga turtki boʻlayotir. Shu maʼnoda, Butunjahon salomatlik kuni dunyo mamlakatlariga sogʻliqni saqlash sohasidagi eng muhim muammolarni hamjihatlikda hal qilish imkonini beradi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati