Davlatimiz rahbarining mamlakatimizda ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish masalalari muhokamasiga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishidagi bildirilgan fikrlarini xalqimiz, ayniqsa, soha vakillari e'tibor bilan tingladi. Ma'ruzada bizni anchadan buyon o'ylantirib kelayotgan bir qator muammolar ro'y-rost ochib tashlandi. eng muhimi, bularning ma'naviy, hatto iqtisodiy echimi ham belgilab berildi.
Misol tariqasida aytadigan bo'lsak, shu vaqtgacha davlat hamda jamoat tashkilotlari o'rtasidagi hamkorlik qoniqarli darajada bo'lmagan. Bu esa barcha kuchlarni yagona maqsad yo'lida bir o'zanga jamlash imkonini bermasdi. Xususan, farzandlarimizni bilimli, har tamonlama komil inson etib tarbiyalashga mas'ul bo'lgan o'quv muassasalari, xususan, o'quvchi va ustozlari adabiy-badiiy jurnallar bilan tanishish imkonidan, demakki, mutolaa zavqidan, bugungi zamonaviy adabiyotimning bebaho ta'siridan benasib bo'lib kelayotgandi.
Prezidentimiz bu kemtikni to'ldirish vositasi sifatida “Ma'naviy hayot”, “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi” jurnallarini har bir maktabga, mahalla va oliy o'quv yurtlariga etib borishini ta'minlashni mutasaddilarga vazifa qilib belgiladi. Shu bilan birga “Agar kimdir ma'naviyat masalasini bu faqat Ma'naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralar ishi, deb o'ylasa, xato qiladi. Bularning barchasi oldimizda turgan eng asosiy, eng muhim vazifalardan biridir”, deb ta'kidlab o'tdi.
Ma'naviyat dunyoqarashni shakllantiradi. Boy ma'naviyatga esa faqat va faqat adabiyotni o'qish, o'qish va o'qish orqali erishiladi. Moddiy boylikni bir yilda, ana boringki, ikki-uch yilda bunyod etish mumkin. Ammo ma'naviy boylikka bir necha o'n yillar davomida erishiladi. Farzandlarimizning ma'naviyati uchun bugundan boshlab qayg'urmasak, ertaga kech bo'ladi.
Ma'lumki, Ikkinchi jahon urushida ko'plab davlatlar katta talofatlar ko'rdi. Yaponiya esa talofat hamda bemisl kulfatlarga duchor bo'ldi. Atom bombasi mamlakat shaharlarini kunpayakun qildi. Taqdirni qarangki, bugun Yaponiya eng rivojlangan davlatlar qatorida turibdi. Bunga yaponlar qanday erishdi? Ta'kidlashlaricha, urushdan keyin ular davlat byudjetining asosiy qismini ilm-fan rivojiga, kelajak avlodning ta'lim-tarbiyasiga, o'qib-o'rganishiga sarflagan ekan.
Muxtasar qilib aytadigan bo'lsak, ma'naviyat, ma'rifat, madaniyat va, tabiiyki, ta'lim bir-biriga zanjirdek bog'langan uzviy tushunchalardir. Ularni ayro holda tasavvur qilib bo'lmaydi. Shu bois farzandlarimizning barkamol inson bo'lib etishishlarini niyat qilar ekanmiz, ta'lim berish bilan birga ularning ma'naviyati va ma'rifatiga alohida e'tibor qaratishimiz kerak. Bir ijodkor sifatida ziyolilar oldiga qo'yilgan vazifalarni men shunday tushundim.
Sirojiddin RAUF,
“Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari bosh muharriri