Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev Adiblar xiyobonida yozuvchi va shoirlar, ziyolilar hamda oliy ta'lim muassasalari rektorlari bilan dildan, samimiy suhbatlashar ekan, ushbu maskanni adabiyot, ma'rifat hamda madaniyat maskaniga aylantirish, har bir oliy o'quv yurtlarini ushbu siymolarga biriktirib, bu erda ochiq darslar, ma'rifiy tadbirlar o'tkazish tashabbusi bilan chiqdi.
Vatandoshimiz, millatimiz fidoyilaridan biri Abdulhamid CHo'lponning hayot va ijod yo'lini keng o'rganish va targ'ib qilish O'zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi jamoasiga yuklatildi. Prezidentimiz, shuningdek, xiyobon bilangina cheklanib qolmaslik, buyuk adiblarimiz ijodini chuqur o'rganish, ularning ibratli hayot yo'llari haqida kitoblar, sahna ko'rinishlari va fil`mlar, yangi asarlar yaratish zarurligini belgilab berdi.
Darhaqiqat, buyuk tariximizga nazar tashlasak, millat, el-yurt taqdiriga kuyinish, milliy g'urur, or, nomus uchun bel bog'lab maydonga chiqish ulug' xalqimizga xos azaliy odat.
2016 yilning 1 noyabr` kuni Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashuvida davlatimiz rahbari Abdulhamid CHo'lpon to'g'risida gapirib: “XX asr boshlaridagi millatimiz taqdirini, uning boshiga tushgan fojialarni, ozodlik va erkinlik qadrini hech kim bu mumtoz shoirimiz kabi yuksak pardalarda kuylagan emas. el-yurt taqdiri uchun kuyinib, tinim bilmay yashaydigan ana shunday ajoyib insonlarning davomchilari yangi O'zbekistonning har bir fuqarosi bo'lishi kerak”, deb ta'kidlagan edi.
Bugungi xavf-xatarlar shundoq ham bezovta dunyoning tashvishlarini ko'paytirayotgan tahlikali davrda buyuk ajdodlarimizning hayoti va ijodini o'rganish orqali xavf-xatarlarga nisbatan sabot va shijoat bilan tura olamiz. CHunonchi, CHo'lpon asarlari ham insonni tong yulduzi kabi uyg'onishga da'vat etadi.
SHoirning “Butun kuchni xalq ichidan olaylik, quchoq ochib xalq ichiga boraylik” yoki yillar davomida o'qish man etilgan olovli satrlari ongimizda jonlanadi:
Xalq dengizdir, xalq to'lqindir, xalq kuchdir,
Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq o'chdir...
CHo'lpon odamlarimizning savodxon, bilimli va ma'rifatli bo'lishini, millat mustaqilligini orzu qilgan va unga intilib yashagan.
Adib ocherknavis va publitsist sifatida ham barakali ijod qildi. 1914-1917 yillarda u “Bahor ovullari”, “O'sh”, “Vatanimiz Turkistonda temir yo'llar” hamda “Do'xtir Muhammadiyor” asarlari bilan madaniyat va ma'rifat targ'ibotchisi sifatida maydonga chiqdi. Oktyabr` to'ntarishidan keyingi 1920-1924 yillarda hayotda sodir bo'layotgan xush va noxush o'zgarishlarni qalamga oldi. Uning “Yo'lda bir kunduz”, “Yo'lda bir kecha”, “SHarq poezdi keldi”, “SHarq uyg'ongan”, “CHimkent”, “Quturgan mustamlakachilar”, “Yo'l esdaligi” singari o'nlab sayohat ocherklari va publitsistik maqolalari yaratildi. Mazkur asarlarda fuqarolar urushi davri ofatlari, fojialari mehnatkash xalqni jabrlagani qoralanadi.
CHo'lponning “Kecha va kunduz” romani 1934 yilda yozib tugatilgan. Uning birinchi bobi 1935 yili “Sovet adabiyoti” jurnalining yanvar` sonida “Konkursga kelgan materiallar” ruknida “Hamal keldi — amal keldi” sarlavhasi bilan chop etilgan.
Roman aslida ikki kitobga mo'ljallangani aytiladi. Uning “Kecha” deb nomlangan birinchi kitobi 1933-1934 yillarda yozib bitirilgan, 1936 yilda kitob holida bosilib chiqqan. Birinchi kitobda tasvirlangan voqealar 1910-1916 yillar oralig'ida ro'y beradi. Unda Birinchi jahon urushi arafasi va urush davridagi Turkiston xalqlarining og'ir, ayanchli turmushi, milliy uyg'onish jarayonining boshlanishi to'g'risida hikoya qilinadi. Roman hali bosilib chiqmasdan turib, O'zbekiston SSR tashkil etilganligining 10 yilligiga (1934 yilda) bag'ishlangan tanlovda rag'batlantiruvchi mukofotga sazovor bo'lgan. O'zbekiston Qahramoni, professor Ozod SHarafiddinovning yozishicha, romanning “Kunduz” deb atalgan ikkinchi kitobi yozilgan bo'lsa ham bizgacha etib kelmagan.
“Kecha va kunduz” romanida adib o'zbek xalqining XX asr boshlaridagi hayotini badiiy gavdalantirishni maqsad qilib qo'ygan va bunga to'la erishgan — u Turkistonning zulmga, jaholatga, adolatsizlik va haqsizlikka to'la hayotini ochib bergan. “Kecha va kunduz” Turkistonning tarixiy taqdirini badiiy ifodalagan asardir.
CHo'lpon dramaturg sifatida ham salmoqli ijod qilgan. Uning “Xalil farang”, “CHo'rining isyoni” kabi kichik p`esalari, “O'rtoq Qarshiboev”, “Mushtumzo'r” kabi etuk dramalari hamda ko'p vaqt sahnadan tushmagan “YOrqinoy” p`esasi mashhur bo'lgan. SHuningdek, rus yozuvchisi V.YAn bilan hamkorlikda “Hujum” dramasini yaratgan.
CHo'lpon adabiy tanqid sohasida “SHo'ro hukumati va sadoi nafisa”, “Adabiyot nedur?” kabi mazmunli maqolalar ham yozgan. SHuningdek, CHo'lpon mohir tarjimon sifatida M.Gor`kiyning “Ona”, A.S.Pushkinning “Dubrovskiy” qissasi va “Boris Godunov” kabi p`esalari hamda V.SHekspirning mashhur “Hamlet”ini o'zbekchaga o'girgan.
Afsuski, CHo'lpon ham xalqimizning boshqa ko'pgina asl farzandlari kabi Stalin qatag'onining qurboni bo'ldi. O'tgan asrning 30-yillaridagi ijodiy muhit dahshatli edi. Ammo ayrim yozuvchilar uning qutqusiga uchib, e'tiqodlariga xiyonat qilganlari, imondan voz kechganlari yo'q. Ular orasida CHo'lpon ham bor edi. “Kecha va kunduz” romani bosilgach, ko'p o'tmay – 1937 yil 14 iyul` kuni CHo'lpon qamoqqa olinadi. Hech qanday dalil-isbot bo'lmasa-da, unga “xalq dushmani”, “millatchi”, “aksilsho'roviy” kabi ayblar qo'yilib, bir yillik dahshatli qiynoqlardan keyin 1938 yil 4 oktyabr` kuni otib tashlanadi. Uning asarlarini nashr etish, nashr etilganlarini o'qish va, umuman, CHo'lpon nomini tilga olish qat'iyan taqiqlandi.
Bu ahvol 1956 yilgacha davom etadi. Stalin shaxsiga sig'inish fosh qilingandan so'ng CHo'lpon SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan butunlay oqlanadi. Ammo shundan keyin ham yana 30 yil mobaynida uning asarlari nashr qilinmadi, ijodi o'rganilmadi, uni adabiyotdagi o'z o'rniga qaytarish ishi paysalga solib kelindi. Negaki, hamon hukmronlik qilishda davom etgan kommunistik partiya CHo'lponni va unga o'xshagan Fitrat, Usmon Nosir, Habib Abdulla (yana qanchadan-qancha umri fojialar ichida kechgan buyuklar nomini eslash mumkin)larni o'zining ashaddiy mafkuraviy dushmani deb bilar va ulardan o'tdan qo'rqqandek qo'rqardi. Faqat oshkoralik shabadalari esa boshlagandan keyin va, ayniqsa, O'zbekiston milliy mustaqillikka erishgandan so'nggina CHo'lponga nisbatan qilingan adolatsizlik barham topa boshladi.
Qisqa muddatda uning “Bahorni sog'indim”, “YAna oldim sozimni”, “Adabiyot nedur?” nomli kitoblari, uch jildlik saylanma asarlari bosildi, teatr sahnalarida dramalari qo'yila boshlandi. “Kecha va kunduz” romani asosida videofil`m yaratildi, shoir to'g'risida turli-tuman maqolalar va risolalar e'lon qilindi, uning hayoti va ijodini yorituvchi hujjatli fil`m dunyoga keldi, muntazam bo'lmasa-da, CHo'lpon kunlari o'tkazila boshlandi, ijodi bo'yicha dissertatsiyalar yoqlandi.
AQSH fuqarosi, tarjimon Kristofer Fort o'zbekning jasoratli shoiri va yozuvchisi Abdulhamid Sulaymon o'g'li CHo'lponning “Kecha va kunduz” (“Night and Day”) asarini ingliz tiliga tarjima qilganligi e'tiborga loyiq tarixiy voqeadir. Mazkur yangilik yuraklarni iftixorga to'ldiradi. Bu millatimizga bo'lgan hurmat ifodasidir. Mazkur tarjima shoir va buyuk adib CHo'lponning 120 yillik yubileyiga munosib tuhfa bo'lgan edi.
Adibning Fozila (1906), Foiqa (1903) ismli singillari bo'lgan. Foiqaxonning o'g'li, ya'ni shoirning 1936 yilda tug'ilgan jiyani Nazarali o'g'li Mahmud ota tomonidan CHo'lpon hayoti va ijodi bo'yicha ma'lumotlar to'plandi.
“YAna oldim sozimni” kitobi uchun CHo'lponga 1991 yil 25 sentyabrda Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berildi.
Professor Ozod SHarafiddinov ta'biri bilan aytganda, “CHo'lponni anglash — Vatanni, ko'hna Turkistonimizni CHo'lpon ko'zi bilan ko'rib, CHo'lpon yuragi bilan seva bilmoqdir. Bir so'z bilan aytganda, CHo'lpon har bir adabiyot muxlisining yurak mulkiga aylanmog'i shart. Buning uchun esa CHo'lpon merosini yangi tafakkur asosida bag'rikenglik bilan tadqiq etmoq lozim”.
SHu o'rinda Ozod SHarafiddinovning kitobsevarlik bobidagi quyidagi fikrlariga yuzlanamiz: “Tabiiyki, ularning kitoblari (CHo'lpon va Abdulla Qodiriy)ni o'qish qat'iyan man qilingan edi. Ammo quyosh nurini hech narsa bilan to'sib bo'lmaydi. Haqiqat yo'lida aytilgan otashin So'z mangu yashaydi. Bu So'zning odamlar yuragiga borish yo'liga hech narsa g'ov bo'lolmaydi. O'sha sharoitlarda ham CHo'lpon va Abdulla Qodiriy asarlarini yashirib o'qigan odamlar bo'lgan. SHaxsan men (Ozod SHarafiddinov — muallif) “O'tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Kecha va kunduz”ni urush yillarida — maktabda o'qib yurgan kezlarimda o'qigan edim. Bir o'zim emas, butun sinf o'qigan edik. Hozir bu kitoblarni qaerdan topganimiz esimda yo'q. SHunisi esimdaki, har qaysi kitob bir bolaga bekitiqcha faqat bir kechaga berilardi — ertalabgacha o'qib tugatib, qaytarib berish kerak edi. SHunisi qiziqki, hammamiz shunga ulgurardik — kechqurun o'qishga boshlagandan keyin tuni bilan allaqancha nash'ali hislarni va iztiroblarni kechirib, tong saharlab so'nggi sahifani yopardik. Biz, albatta, Qodiriyning, CHo'lponning ham “millatchi” ekanini eshitgandik. Ularning “zaharli g'oyalari”ga berilmaslik kerakligini ham bilardik. Ammo murg'ak ongimiz bilan bu “zaharli g'oyalar” nimada ekanini anglayolmas edik. Romanlarni o'qiy boshlash bilan ularning sehriga mast bo'lib, mualliflarning “millatchi”ligini unutib qo'yardik”.
Bugungi kunda IIV akademiyasi jamoasi CHo'lpon merosini yangi tafakkur asosida bag'rikenglik bilan tadqiq etish va o'rganishga kirishdi. CHo'lpon hayoti va ijodini o'rganish va uning faoliyati va asarlarini keng targ'ib qilish bo'yicha akademiyaning “yo'l xaritasi” belgilab olindi.
SHu yil may oyining uchinchi dekadasida CHo'lpon hayoti va ijodini o'rganish uchun akademiya olimlari Andijon va Namangan viloyatlariga ilmiy ekspeditsiya uyushtirdi. Ma'lum bo'lishicha, CHo'lponning 100 yilligi keng nishonlanishi munosabati bilan adibning singlisi Foiqaxon ayaga “Mustaqillik” ordeni topshirilgan edi. Hozir oilasi bisotida saqlanayotgan ushbu ordenni CHo'lpon muzeyiga topshirish bo'yicha qaror qabul qilingan. Adibning jiyani Mahmud ota akademiya olimlari bilan suhbatida: “Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrida tashkil etilgan Adiblar xiyobonida tog'am Abdulhamid Sulaymon o'g'li CHo'lpon xotirasiga qo'yilgan mahobatli haykal barcha oila a'zolarimizni xursand qilishi bilan birga, cheksiz g'urur baxsh etdi”, deya ta'kidladi.
Mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, IIV akademiyasida qisqa vaqt ichida CHo'lpon hayoti va ijodini o'rganish uchun muzey tashkil etildi. Dastlab muzey kollektsiyasini shakllantirdik. YAngi muzeyda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanish yo'lga qo'yildi. CHo'lpon hayoti va ijodini o'rganish bo'yicha mul`timedia materiallari ishlab chiqilib, ma'lumotlar bazasiga joylashtirildi. Mazkur muzeyda CHo'lponning shaxsiy buyumlari — yozuv mashinkasi, ko'zoynagi, xizmat xonasida foydalanilgan sandiq va chin ma'noda umumxalq shoiri sifatida milliy san'atkor darajasiga ko'tarilishida xizmat qilgan dutori va bisotidan namunalar o'rin egallagani o'ta ahamiyatlidir. SHuningdek, muzeyda adibning chop etilgan asarlari bor. SHu ma'noda ham u professor-o'qituvchilar va kursant-tinglovchilarimiz uchun tadqiqot maskani bo'lib, totalitar tuzum davrida siyosiy qatag'on qurboni bo'lgan vatandoshimiz CHo'lponning nohaq toptalgan sha'ni-shavkati va g'ururini tiklashga ko'maklashish hamda yosh avlodni Vatanga muhabbat, mustaqillik g'oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Ta'kidlash joizki, shu yilning iyun` oyida IIV akademiyasining CHo'lpon nomidagi stipendiyasini joriy etish to'g'risidagi qaror qabul qilindi. Ushbu xayrli qadam kursantlarimizda CHo'lpon ijodiga bo'lgan intilishni kuchaytiradi. Bu esa yoshlarimizni Abdulhamid Sulaymon o'g'li CHo'lpon kabi mard, jasur, dovyurak, bilimli va, albatta, ma'rifatparvar, vatanparvar xodim bo'lib kamol topishiga xizmat qilishi shubhasiz.
SHuningdek, CHo'lpon hayoti va ijodini o'rganishga bo'lgan harakatlarni respublikamiz miqyosida keng targ'ib qilish maqsadida markaziy va viloyat nashrlarida turkum ilmiy-ommabop maqolalar chop ettirish, mahallalar, akademik litsey, oliy ta'lim muassasalarida sayyor mashg'ulotlar o'tkazishni ham maqsad qilib qo'ydik. Ayni paytda adibning hayoti va ijod yo'lini aks ettiruvchi ilmiy-ma'rifiy kitob tayyorlanmoqda. Kitobdan adibning murakkab hayot yo'li, asarlari, she'rlari va buyuk shoir nomini ulug'lab, amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi tafsilotlar o'rin oladi.
Ha, CHo'lpon asarlari bugun yoshlarimiz qalbidan munosib o'rin egallamoqda. Adib mustabid tuzumning ta'qibi va tazyiqi ostida quloch ochib yashash va ijod qilishni orzu qilib yashagan. Ma'rifatparvar qandayin murakkab va tahlikali sharoit bo'lmasin, Abdulla Qodiriy iborasi bilan aytganda, “eng kirlik qora kunlar”da ham o'z e'tiqodiga sodiq qoldi.
Bahodir MATLYUBOV,
O'zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi boshlig'i,
general-leytenant