Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Buvayda tumanining Qoʻngʻirot MFY hududida eski bogʻlar oʻrnida jami 22 gektar maydonda mebelchilikka ixtisoslashgan yirik savdo va ishlab chiqarish majmuasi qurilish ishlarining boshlanishi bilan tanishib, majmua loyihasini takomillashtirish boʻyicha masʼullar bilan muhokama oʻtkazdi.

Viloyat rahbari 2021-yil dekabr oyida Buvayda tumaniga tashrifi chogʻida tumanning Choʻmbogʻish mahallasida boʻlib, mebel va eshik romlar ishlab chiqaruvchi hunarmandlar va tadbirkorlar bilan uchrashgandi. Mahalla ahli viloyat rahbariga mahsulotlarni yoʻl boʻyida ochiq hududda sotishlarini aytib, yopiq savdo majmuasi qurib berilishida yordam soʻragandilar.

Choʻmbogʻishda 500 ga yaqin hunarmand va tadbirkor oila qoʻl mehnati hamda kichik sanoat usulida eshik va romlar, uy va oshxona mebellari, yumshoq mebellar, darvoza va soʻrilar, shuningdek turli yogʻoch oʻymakorligi mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi.

Yangi barpo etiladigan majmuadagi ishlab chiqarish va savdo maydonlari tayyor holatda kredit asosida ushbu oilalarga beriladi, deb yozmoqda “Hunarmand” uyushmasi axborot xizmati.