Viloyat elektr tarmoqlari hududiy korxonasi kadrlar boʻlimida ishlaydi. Kasb taqozosiga koʻra, har toifa odam bilan muloqotda boʻlib, aynan qayerda va kimdan koronovirus kasalligini yuqtirib olgan. Afsuski, bu kasallik Jamshidni oila aʼzolariga ham yuqqan.
Lekin kasallik Jamshidda oila aʼzolariga nisbatan juda ham ogʻir kechdi. Shifokorlar uni hayotga qaytardi. Buning uchun Jamshid shifokorlarga minnatdorchilik bildiradi. Darhaqiqat, Jamshid Roʻziyev bir oydan oshibdiki, viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazida yotib davolanmoqda.
Tanasining qaqshab ogʻrishi, qattiq quruq yoʻtal, muttasil 39-40 daraja isitma va koʻkrak qafasining chap tomonidagi kuchli ogʻriq yigitni butunlay holdan toydirdi.
Ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi bilan kasalxonaga yotqizildi. Bemorning rentgen va boshqa tahlillari ham salbiy chiqqani sababli intensiv muolajalar boshlandi. Nafas yetishmovchiligi bois yigirma kundan ortiq alohida kislorod uzatuvchi uskunaga ulab qoʻyildi.
— Uchinchi darajali nafas yetishmovchiligi, gemopnevmotoreks, yaʼni oʻpka yalligʻlanishining nisbatan ogʻir shakli bilan qabul qilingan mazkur bemorga intensiv davo muolajalaridan soʻng torokotsentez usulida, boshqacha aytsak, oʻpkasining yiringli qon toʻplangan chap boʻlmasi boʻshligʻiga trubka qoʻyildi, – deydi dispanser davolovchi vrachi Shuhrat Bozorov.
— Qon va havoni chiqarish maqsadida qoʻyilgan drenaj naycha tufayli uning qon bosimi bir haftada meʼyoriga tushirildi. Lekin bu hali kasallikdan butunlay xalos boʻldi degani emas edi. Balki aksincha, bemor yigitni jarrohlik amaliyotiga tayyorlash maqsadida yana bir karra kompyuter tomografiyasidan oʻtkazildi. Kolibrun, yaʼni oʻpkaning chap tomoni qisilishi, plevrapolos qavati qalinlashgani, toʻqimalar yiringli qonga toʻlgani yaqqol koʻrindi.
Shundan soʻng zudlik bilan konsilium chaqirildi. Malakali mutaxassislarning oʻzaro maslahatlashuvidan soʻng kun sayin ahvoli ogʻirlashib borayotgan bemor oʻpkasida jarrohlik amaliyotini oʻtkazishga qaror qilindi. Bir necha kunlik davo muolajalaridan keyin uning organizmi soturatsiya koʻrsatkichi 80 foizga, qon bosimi 110 ga 70 darajaga, yurak urishi — pulsi esa daqiqasiga 110 taga yetkazilgach, jarrohlik amaliyotiga ruxsat berildi.
Operatsiya muvaffaqiyatli kechdi. Oʻpkaning chap boʻlmasi ochilib, butunlay yaroqsiz holga kelgan qismidan uch litrdan ziyod yiringli quyuq qon, oʻtkir hidli ajratma olib tashlandi. Hozirda bemorning ahvoli qoniqarli darajada. Oʻpkaning tigʻ tekgan oʻrni kichik chandiq boʻlib qolishini aytmasa, yigitning boshqalar qatori sogʻ-salomat hayot kechirishiga kafolat bor.
Murakkab va ogʻir jarrohlikni boshidan kechirganiga qaramasdan, Jamshid Roʻziyevning umumiy palatada bizni tabassum bilan qarshi olgani hayratda qoldirdi.
Asosiysi, bir hafta burun hayotdan butunlay umidini uzib, tushkunlikka tushgan yigitning hayotga va yashashga boʻlgan zavqini, koʻzlaridagi quvonchni koʻrib, hayratlanmay boʻladimi?
–Uch kundan keyin uyimga ruxsat beriladi, –deydi Jamshid samimiy kulib. — Tez tibbiy yordam mashinasida, ogʻir va deyarli hushsiz ahvolda bu yerga kelgandim. Mana, bugun meni oilam, yaqinlarim bagʻriga sogʻ-omon qaytarishayotgani uchun koʻngli ham kiyimiday oppoq, qoʻli yengil najot farishtalarimizga mingdan ming rahmat deyman.
Murakkab operatsiya chetdan mutaxassis ishtirokisiz, oʻziga ishongan buxorolik tibbiyot xodimlari tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Qolaversa, bu hol yana bir karra barchamizni xavfli virusga qarshi yakdil va hamjihat kurashishga, hushyor va ehtiyotkorlikka chorlashi lozim.