Buxoroda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanishda 439 ta holatda qonunbuzilish sodir etilgan

    Agrosektor 23 Noyabr 2020 1291

    Yerdan noqonuniy, oʻzboshimchalik bilan foydalanishga hech kimga huquq berilmagan. Afsuski, ana shu oddiy haqiqatni tushunib yetmagan yoki tushunishni va unga amal qilishni istamayotganlar hanuzgacha uchrab turibdi.

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasining Buxoro viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari tomonidan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanish yuzasidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

    Maʼlum boʻlishicha, joylarda qonunbuzilishi va oʻzboshimchalik bilan yerlarni egallab olish holatlari mavjud. Nazorat tadbirlari davomida joriy yilda jami 439 ta holatda 107,4 gektar yer maydonlarida qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

    Shundan 53,2 gektar yerlardan xoʻjasizlarcha foydalanish yoki ularni yaroqsiz holga tushirish, 0,671 gektar vaqtincha egallab turilgan yerlarni oʻz vaqtida qaytarib bermaslik yoki ularni oʻz oʻrnida foydalanishda yaroqsiz holga keltirish, 6,61 gektar yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallash va xoʻjalik ichidagi yer tuzish loyihalaridan oʻzboshimchalik bilan chetga chiqish, davlat yer kadastri yuritish qoidalarini buzish bilan bogʻliq holatlar aniqlangan.

    Olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida, jami 404 ta qonunbuzilish holatlariga MJtK ning tegishli moddalariga asosan 154 million 651 ming soʻm jarima jazosi qoʻllanilib, 20 tasi huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuborildi.

    Misol uchun, Buxoro tumanida 13,7 gektar, Vobkent tumanida 3,8 gektar, Jondor tumanida 2,76 gektar, Olot tumanida 4,22 gektar, Peshku tumanida 3,97 gektar, Romitan tumanida 4,36 gektar, Shofirkon tumanida 8,7 gektar, Qorakoʻl tumanida 0,96 gektar, Qorovulbozor tumanida 4,11 gektar, Gʻijduvon tumanida 7,36 gektar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlarini oʻzboshimchalik bilan egallab yerlardan xoʻjasizlarcha boshqa maqsadda foydalanib, tuproq toʻldirish va qurilish ishlari qilingan hamda boshqa maqsadda foydalanilgan.

    Xulosa oʻrnida aytish kerak, mamlakatimiz aholisining aksariyat qismi qishloq hududlarida istiqomat qiladi. Ularning ish bilan bandligi, hayot tarzi va turmush kechirishi bevosita yer bilan bogʻliq.

    Shunday ekan aholini taʼminlashi kerak boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari unumdor yerlarni yoʻqotayotganimiz sabab kamayib ketishi mumkinligi haqida ham bosh qotirishimiz kerak.

    Sherzod DAMINOV,

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Buxoro viloyat
    boshqarmasi katta inspektori