Bugungi kunda qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda suvdan maqsadli va tejamli foydalanish, suv isrof boʻlishini oldini olish, qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida tadbirkorlik subyektlarida profilaktika va amaliy tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.
Xususan, suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish sohasidagi inspektorlar tomonidan shu yilning oʻzida joylarda 16 ming 187 ta profilaktika tadbirlari oʻtkazilgan boʻlib, unda 34 173 nafar fermer xoʻjaliklari va klaster tashkilotlari ishtiroki taʼminlandi. Berilgan aniq koʻrsatmalar va amaliy choralar natijasida jami 12 ming 942 ta holatda qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda suvning isrof boʻlishi oldi olinishiga erishildi.
Jumladan, ekin maydonlarini koʻllatib sugʻorib, suv isrofgarchiligiga yoʻl qoʻyish, suvlarni toʻgʻridan-toʻgʻri kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qoʻyish, sugʻorish ishlariga yetarli darajada suvchilarni jalb etmay, dalada suvni qarovsiz qoldirish, limitdan ortiqcha suv olish, ajratilgan suvdan boshqa maqsadlarda foydalanish va boshqa shu kabi suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibini buzish holatlari aniqlanib, kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari koʻrildi. Shuningdek, 3 ming 245 ta holatda suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatilgan maydonlarda mazkur texnologiyadan foydalanmasdan, qishloq xoʻjaligi ekinlarini anʼanaviy sugʻorishga yoʻl qoʻyilishining oldi olindi.
Buning natijasida esa, 2021-yilda subsidiya olib, tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilgan, lekin mazkur texnologiyani 2022-yilda yilda ishlatishga ulgurmagan 15 mingdan ortiq gektar maydonda texnologiyalar ishga tushirilishiga erishildi.
Bundan tashqari, suv tanqisligi sezilgan hududlarda bir sugʻorish tarmogʻidan foydalanuvchi fermer, dehqon xoʻjaliklari va boshqalar oʻrtasida suvdan navbatlab foydalanish boʻyicha targʻibot va tashviqot ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.
Bugungi kunda Inspeksiya xodimlari tomonidan profilaktika tadbirlari oʻtkazilishi natijasida suv isteʼmolchilarining suvdan foydalanish madaniyati darajasi yuksalib, sugʻorish uchun ajratilgan suv resurslaridan oqilona va tejab foydalanish taʼminlanmoqda.