Suvdan samarali foydalanish bo'yicha nazorat tadbirlari kuchaytirilmoqda

    Bir qator tumanlarda shartnoma rasmiylashtirishga hamon jiddiy e'tibor qaratilmayotgani ma'lum bo'ldi.

    “O'zagroinspeksiya” tomonidan joriy yilning mart oyida suvdan foydalanish va suv iste'moli bo'yicha qonunchilik hujjatlari talablariga amal qilinishi, suv xo'jaligi ob'ektlarini o'z balansiga olgan subyektlar tomonidan suv olish limiti asosida suv yetkazib berilishi hamda suv iste'molchilari tomonidan suvdan oqilona foydalanilishi ustidan tizimli nazorat o'rnatildi. Bu haqida “O'zagroinspeksiya” axborot xizmati xabar bermoqda.

    Mazkur ishlar O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi “Quyi bo'g'inda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish hamda suv iste'molchilari orasidagi munosabatlarni tartibga solish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosi asosida amalga oshirilyapti.

    Quyi bo'g'inda suv resurslarini boshqarish, suv tanqisligi sharoitida iste'molchilar o'rtasida suv taqsimlash, suvning hisobi va hisobotini yuritish hamda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi.

    Xususan, joylarda suvni yetkazib berish va suv iste'molchilari orasidagi suv munosabatlarini takomillashtirish yuzasidan tuman irrigatsiya bo'limlari bilan klaster, fermer, dehqon xo'jaliklari va boshqa suv iste'molchilari o'rtasida shartnoma rasmiylashtirish o'rganib kelinmoqda.

    O'rganish natijalariga ko'ra, bugungi kunga qadar hududlarda jami 76 640 ta sub'ektlar mavjud bo'lib, bir qator tumanlarda shartnoma rasmiylashtirishga hamon jiddiy e'tibor qaratilmayotgani ma'lum bo'ldi.

    Jumladan, Shahrisabz tumanida shakllantirilgan 626 ta suv iste'molchilarining bor yo'g'i 351 tasi yoki 56 foizi bilan shartnoma rasmiylashtirilgani aniqlangan.

    O'z navbatida, “O'zagroinspeksiya” tomonidan suvdan foydalanish va suv iste'moli bo'yicha qonunchilik hujjatlari talablariga amal qilinishi ustidan 2022-yilning o'tgan davrida 6 541 ta o'tkazilgan nazorat tadbirlarida 5 648 ta aniqlangan kamchilik va qonunbuzilish holatlari yuzasidan 1 114 ta 354,2 mln.so'mlik ma'muriy, 618 ta 778,8 mln. so'mlik moliyaviy jarima sanksiyalari qo'llanildi.

    Bundan tashqari, qonunbuzilishlarni kelib chiqishi va ularga imkon yaratib bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan 224 ta taqdimnoma va 4080 ta holatda bajarilishi majburiy bo'lgan yozma ko'rsatmalar kiritildi, shuningdek, suvdan foydalanish, suv iste'moli bo'yicha qonunchilik hujjatlari talablariga amal qilinishi hamda qonunbuzilish holatlarini erta oldini olish yuzasidan 4198 ta ogohlantiruvlar kiritildi.