“Oʻzagroinspeksiya” tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda suvdan tejamli foydalanish, suv isrof boʻlishini erta oldini olish, qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida tadbirkorlik subyektlarida profilaktika tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda.
Xususan, suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish sohasidagi inspektorlar tomonidan shu yilning oʻzida joylarda 18 ming 881 ta profilaktika tadbirlari tashkil etildi. Berilgan aniq koʻrsatmalar va amaliy choralar natijasida jami 15 ming 185 ta holatda qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda suv isrof boʻlishining oldi olinishiga erishildi.
Jumladan, ekin maydonlarini koʻllatib sugʻorib, suv isrofgarchiligiga yoʻl qoʻyish, suvlarni toʻgʻridan-toʻgʻri kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qoʻyish, sugʻorish ishlariga yetarli darajada suvchilarni jalb etmay, dalada suvni qarovsiz qoldirish, limitdan ortiqcha suv olish, ajratilgan suvdan boshqa maqsadlarda foydalanish va shu kabi holatlar aniqlanib, kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari koʻrildi.
Shuningdek, 3 696 ta holatda suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatilgan maydonlarda mazkur texnologiyadan foydalanmasdan, qishloq xoʻjaligi ekinlarini anʼanaviy sugʻorishga yoʻl qoʻyilishining oldi olindi.
Buning natijasida, davlatdan subsidiya olib, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyasini joriy qilgan, lekin mazkur texnologiyadan foydalanmay turgan 15 ming 818 gektar maydonda texnologiyalar qayta ishga tushirilishiga erishildi.
Inspeksiya xodimlarining bevosita amaliy yordami bilan 2107 ta holatda suvdan foydalanuvchi va suv isteʼmolchilari oʻrtasidagi nizoli holatlar bartaraf etildi. 2576 ta holatda suv taʼminoti ogʻir boʻlgan isteʼmolchilarga suv yetkazib berishda koʻmaklashildi. 486 ta joyda oʻquv seminarlari tashkil etilib, 1840 ta holatda amaldagi qonun hujjatlari va ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni tushuntirish, undagi talablar buzilishining oldini olishga qaratilgan uslubiy va tavsiyaviy yordamlar koʻrsatildi.
Bundan tashqari, suv tanqisligi sezilgan hududlarda bir sugʻorish tarmogʻidan foydalanuvchi fermer, dehqon xoʻjaliklari va boshqalar oʻrtasida suvdan navbatlab foydalanish boʻyicha targʻibot hamda tashviqot ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.
Bugungi kunda Inspeksiya xodimlari tomonidan profilaktika tadbirlari oʻtkazilishi natijasida suv isteʼmolchilarining suvdan foydalanish madaniyati darajasi yuksalib, sugʻorish uchun ajratilgan suv resurslaridan oqilona va tejab foydalanilishi taʼminlanmoqda.
Х.Shadiyeva,
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi
Axborot xizmati rahbari