Qayd etilishicha, bu bilan soatiga 1 ming 200 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi. Yoʻlovchi va havo kemalariga servis sifatini oshirish orqali yangi xalqaro aviakompaniyalar jalb qilinadi.
Maʼlumotlarga koʻra, ayni kunda faoliyat koʻrsatayotgan Buxoro xalqaro aeroporti aholi va turistlar talabiga javob bermayapti. Mazkur aeroport soatiga 400 nafar yoki yiliga 1 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsata oladi, xolos. Parvozlarni boshqarish va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish tizimlari, kutish-kuzatish zallari qatnovlarni koʻpaytirish imkonini cheklamoqda. Aksariyat sayyohlar Buxoroga kelish uchun Toshkent, Samarqand yoki Urganch aeroportlariga qoʻnishga majbur boʻlmoqda. Viloyatda mehmonxonalar tarmogʻi, ziyorat turizmi rivojlanib bormoqda. Kelgusi uch yilda Buxoroga turistlar oqimini 10 millionga yetkazish reja qilingan.
Yangi qurilayotgan aeroportda ishlarni jadallashtirishga bagʻishlangan tadbir tashkil etildi. Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, respublika idoralari mutasaddilari, sohaga daxldor masʼullar, qurilish-pudrat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Botir Zaripov mutasaddilarga ishchi-xodimlar va texnikalarni koʻpaytirish yuzasidan topshiriq va koʻrsatmalar berdi.