Shamol tufayli bir necha samolyot Toshkentga qoʻnolmadi

    Transport 19 Iyun 2025 674

    Xavfli atmosfera hodisasi tufayli Toshkent aeroporti faoliyatiga qisqa muddatli cheklov kiritildi.

    Qayd etilishicha, Toshkent aeroportida shamol yoʻnalishining oʻzgarishi tufayli mahalliy vaqt bilan soat 16:03 da havo kemalarini qabul qilish va joʻnatish boʻyicha vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi.

    Shu sababli bir nechta reys:

    • “Qanot Sharq” aviakompaniyasining Kamran — Toshkent yoʻnalishidagi HH-2232 reysi (qoʻnish 16:35 da);
    • “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining HY-9732 Maxachqalʼa — Toshkent yoʻnalishi boʻyicha (qoʻnish soat 16:42);
    • “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Dehli — Toshkent yoʻnalishi boʻyicha HY-424 (qoʻnish 16:51) Samarqanddagi zaxira aerodromiga yoʻnaltirildi.
    • Shuningdek, “Air Astana” aviakompaniyasining Astana — Toshkent yoʻnalishidagi KS-123 reysi Turkistondagi zaxira aerodromga yoʻl olishga qaror qildi.

    Mahalliy vaqt bilan soat 16:30 da vaziyat barqarorlashdi, Toshkent aeroportida havo kemalarini qabul qilish va joʻnatish boʻyicha cheklovlar bekor qilindi. Aeroport odatdagi tartibda ishlamoqda. Zaxira aerodromlarga qoʻngan samolyotlar Toshkentga uchishga tayyorlanmoqda.

    Shuni taʼkidlash joizki, shamol siljishi — bu qisqa masofa davomida shamolning yoʻnalishi yoki tezligi keskin oʻzgaradigan holat. U gorizontal yoki vertikal boʻlishi mumkin va samolyotga gorizontal parvoz, koʻtarilish yoki qoʻnish paytida taʼsir koʻrsatadi, — deyiladi xabarda.