Endi ichki aviareyslar uchun elektron hujjatlar bilan roʻyxatdan oʻtish mumkin

    Transport 1 Iyul 2025 1537

    Maʼlumotlarga koʻra, hujjatlarning nusxasi, fotosurati, pasport yoki IDning skanerlangan varianti, shaxsiy maʼlumotlar boʻlgan veb-sayt “skrinshot“lari qabul qilinmaydi.

    Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, 1-iyuldan boshlab yoʻlovchilar mahalliy yoʻnalishlardagi parvozlarga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning elektron variantidan foydalangan holda roʻyxatdan oʻtishlari mumkin boʻladi.

    Mazkur tartibga koʻra, aeroportda roʻyxatdan oʻtishdan oldin yoʻlovchi my.gov.uz sayti/mobil ilovasi yoki “Ijtimoiy karta“ mobil ilovasidagi shaxsiy kabinetiga kirib, shaxsiy maʼlumotlar sahifasiga oʻtadi va elektron shaklda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni roʻyxatdan oʻtish joyidagi xodimga koʻrsatadi.

    Joriy maʼlumotlar faqatgina my.gov.uz sayti, mobil ilovasi yoki “Ijtimoiy karta“ mobil ilovasidan koʻrsatilgandagina shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi. Yaʼni, roʻyxatdan oʻtish paytida shu kabi hujjatlarning nusxalari, fotosuratlari, pasport yo IDning skanerlangan variantlari yoki shaxsiy maʼlumotlar boʻlgan veb-sayt sahifasining “skrinshot“lari qabul qilinmaydi.