Buxoroga birinchi poyezd qachon kirib kelgan?

    Vatanimiz tarixidagi 26-fevral sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.

    1760-yil (bundan 261-yil oldin) – Qoʻqon xoni Erdonabiy Xitoy imperatori Syanlun huzuriga – Pekinga elchilar yubordi. Soʻnggi oʻrta asrlarga xos boʻlgan diplomatik aloqalar: elchilar ayriboshlash va maktublar orqali amalga oshirilgan hamda diplomatlarining tarkibiy qismi savdogarlardan iborat boʻlib, diplomatik pochta esa savdo karvonlari orqali koʻzlangan manzilga yetkazib berilgan.

    Tarixchi Sherali Qoʻldoshevning yozishicha, Qoʻqon elchilari Qashqarda qabul qilinib, elchi shaxsini aniqlab unga tarjimon va harbiy qoʻriqchilar, otlar, aravalar, yoʻldagi taʼminot uchun esa oziq-ovqat va maʼlum miqdorda pul berilgan. Qashqardan Yorkendgacha kelgan elchilar Tarim vodiysi orqali Qumulga yetib olgan, Qumulda ham ular yaxshi kutib olingan va ot-ulov, oziq-ovqat bilan taʼminlanib Pekinga – imperator huzuriga yuborilgan.

    1888-yil (bundan 133-yil oldin) – Kaspiyorti temiryoʻli orqali Buxoroga birinchi poyezd keldi. Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, 11-mayda Samarqand shahrida ham temir yoʻl ochilishining tantanali marosimi oʻtkazildi. Mixaylovsk qoʻltigʻidan Samarqandgacha boʻlgan 1335 verst uzunlikdagi Kaspiyorti temir yoʻl yagona loyiha asosida emas, balki kichik-kichik loyihalarning umumlashuvidan bunyod qilindi.

    General-leytenant M.A.Terentyevning maʼlumotiga koʻra, Samarqandgacha 62 ta stansiya boʻlib, ulardan 32 tasida suv bor edi xolos, qolgan stansiyalarga tashib keltirilardi. Shuningdek, 129 ta parovoz, 1965 ta vagon boʻlib, shulardan 136 tasi yoʻlovchilar uchun moʻljallangan edi.

    1918-yil (bundan 103-yil oldin) – Turkiston Xalq Komissarlari Soveti raisi F.I.Kolesov paxta tolasi va paxtani musodara qilish toʻgʻrisidagi dekretni imzoladi. Mazkur dekretga koʻra, qisqa vaqt ichida zavodlarga topshirilgan 3,4 million pud paxta tolasi, 6 million pud xom paxta, 600 ming pud paxta yogʻi, 4 million pud chigit, 1,1 million pud kunjara sovet davlati ixtiyoriga bepul oʻtdi. Dehqonlar zavodga topshirgan paxtasi uchun ham, uyidan olib ketilgan paxta uchun ham loaqal qatʼiy narxda boʻlsa-da pul ololmadilar.

    1926-yil (bundan 95 yil oldin) – Bokuda sobiq ittifoqdagi turkshunoslarning birinchi qurultoyi ish boshladi. Bu qurultoyda 150 nafar mutaxassis ishtirok etgan. Oʻzbekistondan Maorif xalq komissari (vaziri) Rahim Inogʻomov, davlat va jamoat arbobi Nazir Toʻraqulov maʼruza qildi. Ashirali Zohiriy, Shokirjon Rahimiy, Xorazmdan Bekjon Rahmon rasmiy vakil sifatida qatnashdi.

    1992-yil (bundan 29 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi bilan Finlyandiya Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatildi.

    1999-yil (bundan 22 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jurnalist kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    2019-yil (bundan 2 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilishni yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi