Jadid maktablari taraqqiyotining yangi davri – zamon talablariga toʻla javob bera oladigan pedagoglar guruhini tarbiyalab yetishtirish, ilgʻor pedagogik texnologiyalarni mujassamlashtirgan darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar yaratish, yangi texnik vositalar, koʻrgazmali qurollar ishlab chiqish XX asrning 10-yillaridan koʻzga tashlana boshladi. Buning uchun endi ushbu maktablarning nazariy asoslarini yaratish, yangi zamonaviy oʻqitish usullarini ishlab chiqish va ulardan yangi avlod oʻqituvchilarini bahramand qilish kerak edi. Mana shunday buyuk vazifani ado etish zamonasining ulugʻ mutafakkirlari qatori Abdulla Avloniy zimmasiga ham tushdi.

Abdulla Avloniy – shoir, yozuvchi, dramaturg, publitsist. Shu bilan birga, pedagogik faoliyat ham uning hayotida muhim sahifani tashkil etadi. U faoliyatining ilk bosqichidan to umrining soʻnggi damlarigacha oʻqituvchilik qildi, yangi usul maktablari tashkil etdi, pedagogika fanining ham nazariy, ham amaliy masalalari bilan muttasil shugʻullandi, maqolalar bitdi, darsliklar yaratdi, koʻrgazmali qurollar ishlab chiqdi. Avloniy musulmon Sharqi mumtoz pedagogikasining katta bilimdoni, shu bilan birga, yangi davr zamonaviy oʻzbek pedagogikasi asoschisi, oʻzbek tili va adabiyoti oʻqitish metodikasi fanining tamal toshini qoʻygan mutafakkirdir. U faoliyati davomida koʻplab zamonaviy pedagoglarni, metodist olimlarni tarbiyalab yetishtirdi.

Oʻquvchilarni ifodali oʻqishga oʻrgatish adabiy oʻqish darslarining asosiy vazifalaridan biridir. Koʻrgazmali vosita vazifasini bajaruvchi ifodali oʻqish natijasida asar voqealari, gʻoyasi oʻquvchilar koʻzi oldida namoyon boʻladi. Abdulla Avloniy savod chiqarishga qanchalik katta eʼtibor bergan boʻlsa, asarni tushunib va ifodali oʻqishga, badiiy asarni his qilishga shunchalik koʻp diqqat qiladi. Ifodali oʻqishning bir necha turini ishlab chiqdi. Oʻquvchilarning xor boʻlib oʻqishini dirijyor kabi (Avloniy dirijyorlik sanʼatidan xabardor edi) boshqarib borgan. Hur fikrlar bilan maʼrifat maydoniga chiqqan mutafakkir darslarida ifodali oʻqishning ibtidoiy shakllari bilangina cheklanib qolmadi, texnik vositalardan foydalanib, uning yangi shakllarini ishlab chiqdi.

1909-1910-yillarda Riga shahridagi “Grammofon” shirkati vakllari Oʻrta Osiyo shaharlariga kelib, oʻzbek, qozoq, tojik, turkman xalqlari orasidagi mashhur hofizlarning kuy va qoʻshiqlarini, dostonlarini, xalq maqomlarini yozib oladilar. Abdulla Avloniy oʻqitishda birinchilardan boʻlib texnik vositalardan foydalandi. U “Maktabga targʻib” sheʼrini bastakor sifatida alohida diqqat bilan kuyga soldi va oʻquvchilarni xor boʻlib oʻqishga oʻrgatdi. U asarni timsollarga boʻlib oʻqitishga ham alohida eʼtibor berdi. Soʻngra 1911-yilda bolalar xorini grammplastinkaga yozdirdi. Unda sheʼrning maktabni ulugʻlovchi, taʼrif-tavsif etuvchi 4 misrasi ovozi baland ikki-uch oʻquvchi tomonidan oʻqiladi:

Oqil qoshida, millat boshida

Nurlar sochub, yashnab turgan maktab emasmi?!

Ilmu hunarlar, gullar, chamanlar

Yoshlar uchun ochub turgan maktab emasmi?!

Koʻp bolalar musiqa sadolari ostida xor boʻlib oʻqiydilar:

Oʻqusun yoshlarimiz, bidʼatni tashlarmiz,

Ketsun gʻaflat! Kelsun himmat! Yashasun millat!

Shu tarzda sheʼrning boshqa bandlari ham kuyga solib oʻqiladi. Eʼtiborli jihati shundaki, xor ijrosidagi “Maktabga targʻib” yozilgan noyob plastinka Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Zokirjon Sultonov fonotekasida saqlanadi.

Abdulla Avloniy birinchi oʻzbek teatri tashkilotchilaridan edi. Teatr uchun bir necha dramalar yaratdi, ularni rejissyor sifatida sahnalashtirdi, hatto baʼzi timsollarni sanʼatkor artist kabi mahorat bilan oʻzi ijro etdi. Uning bu faoliyati oʻz maktabida ifodali oʻqish, musiqa va ashula darslarini tashkil qilishda muhim ahamiyat kasb etdi. Badiiy asarlarni ifodali oʻqish sohasidagi bunday faoliyat tezda Toshkentning usuli qadim va usuli jadid maktablariga ham kirib bordi.

Mana shunday sharoitda yangi ochilayotgan maktablar uchun zamon talablariga javob bera oladigan oʻqituvchilarni tarbiyalab yetishtirish, maktablar uchun milliy ruh ufurib turgan darslik va majmualar yaratish boʻyicha dasturulamal boʻladigan qoʻllanma kerak edi. Shuning uchun XX asrning 30-yiligacha faoliyat koʻrsatgan ulugʻ siyosiy arbob, Turkiston jadidchilari rahnamosi Munavvarqori Abdurashidxonov (1878-1931) hamda ilgʻor pedagoglar taklifi bilan Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq” asari yaratildi.

Muallifning oʻzi: “Men bu asari nochizonamni birinchi maktablarimizning yuqori sinflarida taʼlim bermak ila barobar ulugʻ adabiyot muhiblari, axloq havaskorlarining anzori oliylarigʻa taqdim qildim”, deya taʼkidlaganidek, asar 1910-yillardan xalq oʻrtasida ancha katta shuhrat qozona boshlagan usuli jadid maktablarining yuqori sinflari oʻquvchilari, shu bilan birga, rushdiya maktablari uchun darslik sifatida yaratilgan edi. Ammo u darslikdan koʻra pedagogika fanining ham nazariy, ham amaliy masalalarini yorituvchi asar sifatida namoyon boʻldi. Mutafakkir asarini jadid maktablarining yuqori sinf oʻquvchilariga darslik sifatida yaratgan ekan, ularni bitirib chiquvchi va oʻzlari ham usuli jadid maktablarida oʻqituvchi boʻlib ishlashga hozirlik koʻrayotgan yosh oʻqituvchilarni tayyorlash, pedagogika fanining oʻziga xos nozik jihatlari bilan oshno qilishni koʻzda tutgan. Chunki XX asr boshlarida ham oʻqituvchilar tayyorlaydigan birorta na oliy va na oʻrta maxsus bilim yurti bor edi. Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Isʼhoqxon toʻra Ibrat, Siddiqiy-Ajziy, Abduqodir Shakuriy maktablarini bitirib chiqqan va oʻqituvchilikka muhabbat qoʻygan koʻp yoshlar ketma-ket ochilayotgan jadid maktablarida oʻqituvchi boʻlib ishlaganlar. Ular mana shunday uslubiy qoʻllanmaga dasturulamal sifatida haddan tashqari muhtoj edi, shuningdek, unga ehtiyoj ota-onalar oʻrtasida ham juda katta edi.

Toʻgʻri, Abdulla Avloniy asarida axloqiy kategoriyalar haqida fikr yuritar ekan, birinchi oʻrinda oʻquvchilarni koʻzda tutadi, ammo ularni bolalar tarbiyasiga singdirish vazifasini muallimlar zimmasiga yuklaydi. Demak, asar oʻquvchilardan koʻra koʻproq muallimlar uchun yaratilgan, deyish mumkin. Shu nuqtayi nazardan, uning muallimlarga qarata aytgan quyidagi soʻzlari “Turkiy guliston yoxud axloq” asari maqsadini toʻla ifodalaydi: “Fikr tarbiyasi eng kerakli, koʻb zamonlardan beri taqdir qilinib kelgan, muallimlarning diqqatiga suyalgan, vijdonlariga yuklangan muqaddas bir vazifadur. Fikr insonning sharofatlik, gʻayratlik boʻlishiga sabab boʻladur. Bu tarbiya muallimlarning yordamiga soʻng daraja muhtojdurki, fikrning quvvati, ziynati, kengligi muallimning tarbiyasiga bogʻlidur. Taʼlim ila tarbiya orasida bir oz farq bor boʻlsa ham ikkisi biridan ayrilmaydurgan, birining vujudi biriga boylangan jon ila tan kabidur”.

Bu soʻzlar oʻquvchilarga emas, kattalarga, ayniqsa, boʻlgʻusi oʻqituvchilarga – rushdiya maktablari talabalariga qaratilganini anglash qiyin emas. Chunki ular kelgusida bularni bolalar – oʻquvchilar ongiga singdirishi kerak. Barkamol insonni voyaga yetkazish, ularni yaxshilikka chorlash, yomonlikdan qaytarish tarbiya orqali amalga oshiriladi. Avloniyning pedagogika haqidagi taʼrifi hozirgi zamon taʼrifiga ancha mos keladi: “Tarbiya – “Pedagogiya”, yaʼni bola tarbiyasining fani demakdur”.

Farzand tarbiyasi shaxsiy masala emas, u jamiyat, davlat ahamiyatiga ega buyuk ijtimoiy ishdir. Xalq bilishi kerak: u shu darajada buyuk ishki, Vatan istiqboli ham, millat taqdiri ham tarbiya bilan bogʻliq. Abdulla Avloniy soʻzlari bilan aytganda, “Al-hosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallallohu alayhi vassallam afandimiz: “Insonlarning karami dinidadur, muruvvati aqlindadur, hasbi axloqindadur”, demishlar”.

Abdulla Avloniy inson tarbiyasini bir-biri bilan uzviy bogʻliq uch yoʻnalishga boʻladi: badan tarbiyasi, fikr tarbiyasi va axloq tarbiyasi. Inson uchun, avvalo, badan salomat boʻlmogʻi zarur, badan sogʻ boʻlgandagina inson uchun zarur boshqa amallarni singdirish mumkin. Buning uchun inson badanini ichkilik, koʻknor, nasha, tamaki kabi bevaqt zalolatga, tubanlikka eltuvchi, salomatlikka zarar, “baʼzisi harom, baʼzisi makruh” narsalardan asrashi kerak. Bu esa fikr tarbiyasi uchun zamin yaratadi. Fikr tarbiyasi farzandni komil inson darajasiga koʻtarishda muhim omildir. Bu vazifani amalga oshirishda asosiy masʼuliyat oʻqituvchi zimmasiga tushadi. Chunki muallim dars jarayonida oʻquvchilarni fikrlashga, har qanday voqea-hodisaning mohiyatini chuqur idrok qilishga oʻrgatadi. Bu oʻrinda Abdulla Avloniy taʼlim va tarbiya birligiga alohida ahamiyat beradi. Inson aqliy faoliyatining ifodasi boʻlmish fikr tarbiyasi orqaligina katta sharafga, barkamollikka erishadi. Bu oʻrinda oʻqituvchi fikrlash doirasining kengligi, bilim saviyasining har jihatdan yuksakligi oʻquvchilar tarbiyasida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Fikrlash qobiliyatini rivojlantirish aql bilan ish tutishga olib keladi: oʻquvchilarni yaxshi va yomon xulqni farqlashga, komil inson uchun zarur yaxshi xulqni egallashga, insonni zalolatga yetaklovchi yomon xulqdan uzoq boʻlishga oʻrgatadi.

Abdulla Avloniy asarning “Yaxshi xulqlar” bobida fatonat, diyonat, islomiyat, nazofat, gʻayrat, riyozat, qanoat, shijoat, ilm, sabr, intizom, miqyosi nafs, vijdon, vatanni sevmoq, haqqoniyat, iffat, hayo, idrok va zako, hifzi lison, iqtisod, viqor, haqshunoslik, xayrixohlik, munislik, sadoqat, muhabbat, afv kabi insoniy fazilatlar haqida atroflicha fikr yuritadi, oʻz qarashlarini dalillash uchun Qurʼoni karim oyatlaridan, Hadisi sharif daʼvatlaridan, Aflotun, Arastu, Suqrot, Ibn Sino, Mavlono Rumiy, Shayx Saʼdiy, Alisher Navoiy, Mirzo Bedil kabi ulugʻ mutafakkirlar fikrlaridan namunalar keltiradi.

Jadidchilik harakati namoyandalari Gʻarbiy Yevropa maʼrifatparvarlari kabi ilm-maʼrifatni, zamonaviy taraqqiyotni bayroq qilib koʻtardilar, taraqqiyotga toʻgʻanoq boʻlayotgan, Qurʼoni karim sura va oyatlarini, Hadisi sharif daʼvatlarini oʻz manfaatlari yoʻlida buzib talqin qiluvchi mutaassib ulamolarga, johil qadimchilarga qarshi keskin kurash olib bordilar. Unutmaslik kerakki, oʻzbek jadid maʼrifatparvarlarini yevropalik gʻoyadoshlaridan ajratib turadigan tub mohiyat shundaki, ularning faoliyati zaminida Vatanni, millatni mustamlakachilar zulmidan ozod etish, istiqlol va mustaqillik orzusi yotar edi. Shuning uchun jadid mutafakkirlari faoliyati oq va qizil mustamlakachilarga birday maʼqul emas edi. Ular bir umr taʼqib va tazyiq ostida yashashga hamda faoliyat koʻrsatishga majbur edilar. Oxir-oqibat ular shoʻrolar hukumatining uzoq va muntazam davom etgan qatagʻonlari qurboni boʻldilar.

Abdulla Avloniy pedagogik qarashlarida aql va ilmning yuksak darajada ulugʻlanishi bevosita insonni ulugʻlash bilan uzviy bogʻlanadi. Chunki Alloh insonni barcha mavjudotlardan, maxluqotlardan maʼnan ulugʻ qilib yaratdi. Unga ikki dunyo saodati (saodati dorayn)ga erishishdek buyuk maqsad uchun aql berdi. Inson shu aql yordamida ilm-maʼrifatni, taraqqiyotni egallaydi, dunyoni boshqaradi. Mana, mutafakkirning aqlga bergan taʼrifi: “Aql insonlarning piri komili, murshidi yagonasidur. Janobi Haq insonni hayvondan soʻz va aql ila ayirmishdur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vassallam afandimiz: “Ey insonlar! Aqlingizga tavozeʼ qilingiz. Siz janobi Haq buyurgan va qaytargan narsalarni aqlingiz ila bilursiz”, demishlar”.

A.Avloniy inson salomatligi toʻgʻrisida fikr yuritar ekan, uning asosiy omillaridan biri – tozalik haqida alohida bob ajratadi. “Nazofat” deb nomlanuvchi bobda odamni xalq oʻrtasida, hatto Alloh qoshida sevimli qiladigan vosita pokizalik, nazofatdir, deyiladi. Inson nafaqat oʻz badanini, kiyim-kechagini, shu bilan birga, yashab turgan joyini, muhitini, shahrini, Vatanini pokiza saqlashi kerak. Atrof-muhitning nopokligi turli-tuman kasalliklar paydo boʻlishiga olib keladi. Ifloslik, nopoklik balosidan poklik, nazofat davosi bilan qutulish kerakligi alohida taʼkidlanadi.

Johillik, gʻofillik, tanballik – ilmsizlikdan. Ilm – insoniyat baxt-saodati, istiqboli yoʻlini yoritib turuvchi mashʼal. Ilm bilan inson martabasi yuksaladi, nomi-nishoni ulugʻlanadi, oʻzi izzat-hurmatga sazovor boʻladi. “Turkiy guliston...” asarida ushbu masalaga “Ilm” va “Aqsomi ilm” boblari ajratilgan. Aql ilmu tajriba bilan kamol topadi. Avloniy fikricha, ilm har ishda bizga rahnamo, ikki dunyo saodatiga noil etuvchi ulugʻ neʼmatdir. Ilmsiz kishi mevasiz daraxt kabidir. Uning eng yaqinlarigagina emas, hatto oʻziga ham foydasi tegmas. Asar muallifi ilmni ikki qismga: ilmi diniy va ilmi fanniyga ajratadi. Ammo u bu ilmlar oʻrtasiga toʻsiq qoʻymaydi, aksincha, diniy kishi boʻlish uchun ham hisob, handasa, tarix, hikmat, tib, kimyo, ziroat kabi fanniy ilmlarni oʻrganish zarurligi taʼkidlanadi. Muallif fikricha, har bir millatning taraqqiy va taoliysi yoshlarning ilm va maʼrifatiga, hunar va sanʼatiga bogʻliqdir. Ammo bizda-chi: “Ajabo, Qurʼonimiz, Paygʻambarimiz oʻqingiz, deb amr qilgʻoni holda, bizlar na uchun harakat qilmaymiz, boshqa millatlarning oʻgʻullari, qizlari kecha demay, kunduz demay, yoz demay, qish demay ilm yoʻlida jonlarini fido qilub, qovushub, yugurushub, koʻzlarimizni qamashdurub turgan bir zamonda bizlar hamon uyqudan, gʻaflatdan, jaholatdan boshimizni koʻtarmaymiz, ibrat olmaymiz. Paygʻambarimiz: “Olim boʻl, ilm talab qiluvchi boʻl yoki ilmni eshituvchi boʻl, hech boʻlmasa, shularga muhabbat qiluvchi boʻl...”, demadilarmu?”

Bundan ham kattaroq toʻsiq mustamlakachi maʼmurlar boʻlib, oʻlkada har qanday yangilikka, ayniqsa, maorif sohasidagi oʻzgarishlarga, jadid maktablarining xalq maʼnaviyatiga kirib borishiga tish-tirnoqlari bilan qarshilik koʻrsatar, ularga qarshi kurashda mutaassib ulamolardan ustomonlik bilan foydalanar edilar. Zamonaviy kasb-hunar maktablari, oliy oʻquv yurtlari ochish, millatni ilm-maʼrifat nuridan bahramand qilishni gubernatorlik maʼmurlari xayollariga ham keltirmasdilar.

A.Avloniy sabr, hilm, miqyosi nafs, intizom, vijdon kabi insoniy fazilatlar haqida chuqur maʼnoli fikrlar bayon qiladi. Ammo Vatan haqidagi qarashlari yanada muhimroq, yanada eʼtiborliroq. Vatan – ona kabi yagona, ona kabi muqaddas. Bu mavzu necha-necha asrlar davomida adabiyot va sanʼat ahllari eʼtiborini oʻziga maftun etib kelgan.

XIX asrning oxirlarida rus-tuzem maktablarida oʻqiydigan mahalliy millat bolalari uchun S.Gramenitsiyning uch kitobdan iborat “Kniga dlya chteniya” asari darslik sifatida nashrdan chiqarildi. N.Ilminskiy qarashlari zaminida yaratilgan ushbu darslikda Rusiyani, rus xalqini ulugʻlovchi, koʻklarga koʻtarib maqtovchi, Rusiyani buyuk vatan sifatida taʼrif-tavsif etuvchi oʻnlab nazmiy va nasriy matn, rasmlar berilgan edi. Bu tasodifiy hol emas, aksincha, uzoqni koʻzlab amalga oshirilgan tadbir edi. Darslikning shovinistik maqsadini, ayniqsa, jadid pedagoglarimiz tushunib yetgan va millat farzandlarini vatanparvarlik, millatparvarlik ruhida tarbiyalash masalasiga alohida eʼtibor qaratgan edilar. Bu hol ular yaratgan har bir darslikda, har bir ilmiy va badiiy asarlarda yaqqol koʻzga tashlanadi. “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida “Vatanni suymak” degan bob bor. Unda yosh qalblarni oʻz ona Vatani Turkistonga nisbatan muhabbat tuygʻularini mavjga keltiruvchi nasriy va nazmiy misralar mavjud.

Ushbu asar yozilgan davrni – Vatanimiz mustamlaka iskanjasida fojeiy ahvolga tushgan, kelgindilar oyogʻi ostida toptalgan davrni toʻla his qilib, “Vatanni suymak” bobi oʻqilsa, Vatan istiqloli, ozodligi uchun inson hatto jonini ham fido qilishi kerak, degan buyuk gʻoya asar qatlariga singdirib yuborilganini sezishi qiyin emas. Vatan tuprogʻi muqaddas: unda ajdodlarimiz xoki, kelajak nasllarimiz haqi bor. Shuning uchun Vatanni oddiygina sevish mumkin emas, uning istiqboli uchun kuyunish, kurashish, kelgusi avlodlarga toʻla-toʻkis, ozod, farovon holda topshirish hissi ham mavjud. A.Avloniy ona Vatanga mana shunday yoniq qalb bilan munosabatda boʻladi. U kelgusida yaratilajak darslik va majmualarda millatparvarlik, vatanparvarlik ruhi barq urib turgan badiiy matnlarni koʻproq berish kerakligini nazarda tutgani shubhasiz. “Turkiy guliston yoxud axloq” asarining buyuk ahamiyati ham shunda.

Asarda bir kichik bob “Hifzi lison” (“Til muhofazasi”) deb nomlanadi. Hamma vaqt, hamma ijtimoiy-siyosiy formatsiyada millatning mavjudligini, eʼtiborini belgilovchi koʻzgu uning tili va adabiyotidir. Har bir inson, birinchi navbatda, ona tilini mukammal bilishi, tilining ravnaqi, sofligi uchun kurashishi, jon kuydirishi kerak! Asar muallifi oʻrinsiz oʻzga til soʻzlarini qoʻshib, “moshkichiri” kabi aralash-quralash ishlatishga keskin qarshi chiqadi va buni madaniyatsizlikning yaqqol koʻrinishi deb biladi: “Har bir millatning dunyoda borligʻin koʻrsatadurgon oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur. Hayhot! Biz turkistonliklar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursin, kundan kun unutmak va yoʻqotmakdadurmiz. Tilimizning yarmi arabiy, forsiy oʻlgani kamlik qilib, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdamiz... Zigʻir yogʻi solib, moshkichiri qilib aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur”.

Oʻquvchilarning ogʻzaki va yozma nutqini oʻstirish hamma vaqt taʼlim-tarbiya tizimining birlamchi va asosiy vazifasi boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Abdulla Avloniy metodist olim sifatida mazkur asarida oʻquvchilarning ogʻzaki nutqini oʻstirish masalasiga, voizlik (notiqlik) sanʼatini egallashiga alohida eʼtibor qaratadi. Muallif fikricha, har bir oʻquvchi ona tilida oʻz fikrini aniq, taʼsirchan, shu bilan birga, chiroyli bayon qilish qobiliyatiga ega boʻlishi, soʻzning chiroyli toblanishlarini his qilishi kerak. Buning uchun esa oʻquvchi ona tilining nozik, goʻzal, xalqona ifodalarini, matal, maqol, iboralar nafosatini puxta egallagan boʻlishi shart. Bu soʻzlar toʻgʻridan-toʻgʻri yozma nutq oʻstirish masalasiga ham bevosita taalluqlidir.

“Turkiy guliston yoxud axloq” asarining “Yomon xulqlar” qismi 18 bobdan iborat. Muallif insonning bunday xulqlarini “saodati abadiyadan mahrum qiladigan, janobi Haq qoshida va xalq nazarida mazmum, hayoti jovidonimiz uchun masmum boʻlgan axloqi zamimalar...”, deb ataydi. Asar muallifi kishilarning ham ijobiy, ham salbiy xulqlarini bayon qilib, kitobxonlar mulohazasiga havola qiladi, ularni mustaqil fikrlashga daʼvat etadi. U “Bu sanalgan yomon xulqlarning fanoliqlarini, yuqorida sanalgan yaxshi xulqlarning goʻzalligini insof muvozanasi ila oʻlchab, vijdon muhokamasi ila tahqiqlab, yaxshilarini tinglab amal qilmak, yomonlarini onglab, hazar qilmak lozimdur”, deydi.

Abdulla Avloniy har bir axloqiy kategoriyani tahlil va talqin qilar ekan, bevosita oʻz davri muammolari bilan bogʻlaydi, shuning uchun asarda davr nafasi ufurib turadi. Mustamlaka Turkistonning fojiali ahvoli, erksizligi, chor hukumatining oʻlkada yuritayotgan dahshatli iqtisodiy siyosati asar qatlariga mohirona singdirib yuborilgan: “Yevrupoliklar oʻzimizdan olgan besh tiyinlik paxtamizni keltirib, oʻzimizga yigirma besh tiyinga soturlar. Ammo biz osiyoliklar, xususan, turkistonliklar dumba sotub, chandir chaynaymiz, qaymoq berib, sut oshaymiz, non oʻrniga kesak tishlaymiz. Soʻzning qisqasi hozirgi zamonga muvofiq kishi boʻlmak uchun ilm va maʼrifat ila barobar iqtisod, insof, tuganmas sayʼ, bitmas gʻayrat lozimdur”.

Asarda muallifning oʻzbekcha soʻzlarni nihoyatda nafis his qilishi koʻzga yaqqol tashlanadi. A.Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” asarini zamondoshlari – muallimlarning taklif va istaklarini nazarda tutgan holda, garchi ogʻir boʻlsa-da, Shayx Saʼdiy uslubida yozmoqni muqaddas deb bildi. Saʼdiyning “Guliston” asariga chuqurroq razm solsak, hayotdagi salbiy voqea-hodisalarni, yaramas xulqli kishilarni fosh etishda gʻazab-nafrat, kuchli hajv bilan ifodalashdan koʻra yengil kulgi, mutoyiba, kinoyadan ustalik bilan foydalangani guvohi boʻlamiz. U ham Shayx Muslihiddin Saʼdiy kabi har bir bob oxirida oʻz axloqiy qarashlarini xulosalovchi qissadan hissa sifatida 4-5 bayt sheʼr keltiradi, keskin fosh etuvchi achchiq tanqid, hajv Abdulla Avloniy asarida ham deyarli koʻzga tashlanmaydi. Bu bilan u, birinchi navbatda, norasida, bolalar ichki dunyosini – oʻquvchilar ruhiyatini, ulardagi rahmdillikni, poklikni nazarda tutgan boʻlsa, ajab emas. Aslini olganda, buyuk Saʼdiyning “Guliston” asari ham tilining nihoyatda samimiyligi, beozorligi tufayli koʻplab ijodkorlarni oʻziga maftun etib, necha-necha asrlar davomida maktab va madrasa oʻquvchi hamda talabalarining asosiy darsligi vazifasini ado etib keldi. Asarning nomlanishi ham shunga ishora boʻlib, bunday fazilat Abdulla Avloniyning ham diqqat markazida boʻlgan.

“Turkiy guliston yoxud axloq” asarini butun Turkiston ziyolilari katta mamnuniyat va qoniqish bilan kutib oldilar, uning targʻib-tashviqiga alohida eʼtibor berdilar. Keksa pedagoglarning aytishicha, mazkur asarning 1913-yilda bosilgan birinchi nashri qoʻlma-qoʻl boʻlib ketgani tufayli Avloniy oʻsha yiliyoq asarning baʼzi oʻrinlarini qayta ishlab, 1917-yilda ikkinchi nashrini bosmadan chiqardi. Taʼlim-tarbiyaga bagʻishlangan bu noyob, mukammal “barjasta” asarning har bir adabiyot va sanʼat ahli, muallimlar, umuman, oʻzbek xonadoniga kirib borishini dil-dildan orzu qildilar: “Turkiston viloyatining gazeti”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Fargʻona” gazetalarida ushbu asarni taʼrif-tavsif etuvchi turkum maqolalar eʼlon qilindi. Bunga “Sadoyi Turkiston” gazetasida bosilgan “Turkistonga zoʻr shodligʻ” sarlavhali maqola-taqriz dalil boʻla oladi: “Koʻpdan beri kutilgan Turkiston uchun eng kerakli “Turkiy guliston yoxud axloq” ismli axloq kitobi ochiq tilda, Turkiston shevasida Shayx Saʼdiy usulida Abdulla Avloniy tarafidan yozilub, toshbosmada bosilub, 132 betdan iborat muhim asar maydonga chiqdi. Har bir adabiyot oshiqlarina, xususan, muallim afandilara biror nusxani tavsiya qilurmiz”.

Darhaqiqat, Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida zamonaviy pedagogikaning nazariy va amaliy asoslarini ishlab chiqdi hamda asar boʻlgʻusi yosh muallimlar uchun dasturulamal vazifasini bajardi. Aytish mumkinki, asar hozir ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgan emas, aslo yoʻqotmaydi.

Ulugʻbek DOLIMOV,

pedagogika fanlari doktori