Milliy urf-odatlarni, qadriyatlarni, milliy ma'naviy meros-manbalarni bilish, o'zlashtirish, targ'ib qilishda birlamchi vosita tildir. Boshqa tillarni bilish – muvaffaqiyat, o'z tilini bilish majburiyatdir. O'ndan ortiq tilni bilib, o'z tilini bilmaslikni esa ma'naviyatsizlik deyish mumkin.

Bugun ona tilimizning, ta'bir joiz bo'lsa, ma'naviyatimizning nufuzini oshirishga qaratilgan e'tibor har doimgidan-da dolzarblik kasb etmoqda.

O'tgan bir yarim yil mobaynida mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish, o'zbek tilining mavqeini oshirishga qaratilgan 20 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Shuning o'ziyoq til masalasining davlatimiz, millatimiz uchun naqadar muhim ekanligidan dalolat beradi. Bu boradagi islohotlar bosh tashabbuskori, ijodkori davlatimiz rahbarining o'zi ekani esa har bir soha vakilidan ham tashabbuskorlik, vatanparvarlikni talab etadi.

 “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyatida ham davlat tilini sohada qo'llash, shuningdek, ma'naviy-ma'rifiy ishlarga katta e'tibor qaratilmoqda. Prezident farmoni, qonun va qonunosti hujjatlar e'lon qilinganidan ko'p o'tmay, jamiyatning shu sohaga oid to'rtta tegishli me'yoriy hujjati imzolandi. Ularga qat'iy amal qilgan holda temir yo'l tizimida davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash va ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirishda qator tizimli ishlar olib borilyapti.

Xususan, korxona va muassasalarning idoraviy hujjatlari hamda ish qog'ozlari, shuningdek muhr va tamg'alarining Davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiqligi nazoratga olindi. Buning samarasi o'laroq, 400 dan ortiq turli mazmundagi me'yoriy-hujjatlar to'liq davlat tiliga muvofiqlashtirildi. Temir yo'l sohasiga boshqa tillardan kirib kelgan va ayni vaqtda foydalanilayotgan atamalar xatlov qilinib, ularning o'zbek tilidagi muqobillari shakllantirildi. Korxona va tashkilotlarning bino va inshootlaridagi reklama, peshlavha va e'lonlar, axborot matnlarining davlat tilida bo'lishini ta'minlash yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Bir qator talabga javob bermaydigan tashqi yozuvlar o'zgartirildi. Korxona va tashkilot rahbarlari hamda mutasaddi xodimlarga ushbu yo'nalishdagi ishlarni Davlat tili to'g'risidagi qonun talablariga muvofiq tashkil etishlari bo'yicha ko'rsatmalar berildi.

O'zbekiston Respublikasi Davergeodezkadastr qo'mitasi ekspert komissiyasi bilan hamkorlikda temir yo'l tizimidagi mavjud 244 ta stantsiya, 27 ta raz'ezd, 2 ta blokpost nomlarining o'rganib chiqilishi ham sohada davlat tilini keng qo'llash yo'lidagi sa'y-harakatlardan biri bo'ldi. O'rganish natijalariga ko'ra, “Geografik ob'ektlarning nomlari to'g'risida”gi Qonun talablaridan kelib chiqib, ekspert komissiyasi tomonidan 90 ta geografik ob'ektlar nomlari o'zbek tili imlo qoidalariga muvofiqlashtirildi. 1 ta stansiya nomi qonun hujjatlari talablariga nomuvofiq deb topilib, hozirda uning nomi ham o'zgartirilmoqda.

Bundan tashqari, temiryo'lchi xodimlarning davlat tilida ish yuritish malakasini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetining Davlat tilida ish yuritish asoslarini o'qitish va malaka oshirish markazi bilan hamkorlikda, pandemiya sharoitini hisobga olgan holda, temiryo'lchi ishchi-xodimlarning an'anaviy va masofaviy o'qitilishi tashkil etildi. Shuningdek, “O'zbekiston temir yo'llari” AJ tasarrufidagi Toshkent temir yo'l texnikumi qoshidagi kadrlar malakasini oshirish, tayyorlash va qayta tayyorlash markazida ham 2021-yil uchun o'quv kurslari tashkil etilgan. Yil davomida 2000 dan ortiq rahbar va ishchi xodimlarning davlat tilida ish yuritish malakasini oshirish ko'zda tutilgan.

Temir yo'l sohasida davlat tilini rivojlantirish borasidagi ishlar Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Departament tashabbusi bilan yangidan nashr etilgan “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo'llanmasining kirill va lotin alifbosidagi nashri hamda “O'zbek tilining izohli lug'ati” kitobining temir yo'l sohasiga ham taqdim etilishi sohada davlat tilida ish yuritish bo'yicha temiryo'lchilarning bilim, ko'nikma va malakalarini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

O'rni kelganida hozirda tizim faoliyatida to'liq davlat tilida ish yuritish uchun sohaviy so'z va atamalarning o'zbek tilidagi muqobillariga ehtiyoj sezilayotganini ta'kidlash joiz. Shu boisdan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti, “O'zbekiston temir yo'llari” AJning bir qator texnik-mutaxassislari tomonidan temir yo'l transporti sohasiga boshqa tillardan kirib kelgan va hozirda foydalanilayotgan atamalar xatlov qilinib, o'zbek tilidagi muqobillari shakllantirildi. Ayni kunlarda 1300 dan ortiq so'z va atamalarni o'z ichiga olgan “Temir yo'l sohasiga oid so'z va atamalarning izohli lug'ati” nashri ustida ish olib borilmoqda.

Mirobod tuman hokimligi bilan hamkorlikda tuman hududida joylashgan bino, ko'cha va ob'ektlardagi peshlavha, reklama, e'lon va boshqa tashqi yozuvlar davlat tili qonun hujjatlariga mos bo'lishi haqida jismoniy va yuridik tashkilotlar, tadbirkorlar bilan muntazam ravishda tushuntirish ishlari olib borilib, yuzlab tashqi yozuv matnlari davlat tiliga muqobillashtirilmoqda.

 Xulosa qilib aytish mumkinki, yuqorida amalga oshirilayotgan ishlar – ona tilimizga bo'lgan hurmat va ehtiromimizni anglatibgina qolmay, xalqimiz ma'naviyatining yuksalishi yo'lidagi muhim qadamlar hisoblanadi.

Zero, ma'naviyat millatni taraqqiyotga boshlaydigan, har qanday davlatning salohiyatini oshiradigan omildir. Donishmandlar aytganidek, “Qaysi mamlakatda ma'naviyat yuksak darajada bo'lsa, o'sha joyda, o'sha mamlakatda salbiy illatlarga o'rin qolmaydi”...

Norbuta BABAXALOV,

“O'zbekiston temir yo'llari” AJ

Boshqaruvi raisi maslahatchisi