Adliya vazirligi tomonidan ma'muriy tartib-taomillarni soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to'siqlarni bartaraf etish, aholining ovoragarchiligiga chek qo'yishga qaratilgan Aholi va tadbirkorlarga engilliklar yaratish hamda byurokratik to'siqlarni tubdan qisqartirish bo'yicha Prezidenti farmoni loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) joylashtirildi.

Loyiha tom ma'noda aholi va tadbirkorlik sub'ektlariga engilliklar yaratishga, davlat xizmatlarini ko'rsatishni soddalashtirishga qaratilgan bo'lib, o'zida “xalqchil” talablarni aks ettirgani bilan juda muhim hisoblanadi.

Xususan, loyihada fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida ko'rikdan o'tish va transport vositalarini majburiy texnik ko'rikdan o'tkazish xizmatlari eksterritorial tamoyil bo'yicha amalga oshirish belgilanmoqda.

Ya'ni, loyiha qabul qilinsa ushbu xizmatlar fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro'yxatdan o'tgan joyidan hamda yuridik shaxslarning pochta manzilidan (joylashgan eridan) qat'i nazar istalgan hududdan ushbu xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolardan ortiqcha ma'lumot talab qilmasdan, fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog'liq ma'lumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda elektron tizimi orqali olishi belgilanmoqda.

Tadbirkorlik sub'ekti bo'lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanishda va to'lovlarini amalga oshirishda yuridik shaxsning vakilidan to'lovni naqd pulda amalga oshirishga ruxsat berilmoqda.

Davlat xizmatlaridan foydalanishda fuqarolar tomonidan vakolatli organgan murojaat qilganda, agarda ularning arizasi yoki unga ilova qilingan hujjatlarda to'g'rilash mumkin bo'lgan xatolar mavjud bo'lsa, vakolatli organ davlat xizmatini ko'rsatishni rad etmasdan, ularni to'g'rilash uchun arizachiga imkoniyat va muddat berishi belgilanmoqda.

Davlat xizmatini ko'rsatish natijasida QR-kod (matrik shtrixli kod) qo'yish orqali berilgan hujjatlar bo'yicha ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinmoqda. Bunda fuqarolar yoki tadbirkorlik sub'ektlari ushbu hujjatlar elektron ko'rinishda cheklanmagan miqdorda bepul olish imkoniyati yaratiladi. Bunda arizani ko'rib chiqish muddatini hisoblash xatolarni bartaraf etish va etishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun vakolatli organ tomonidan berilgan vaqt davomida to'xtatib turiladi.

Litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli organlar tomonidan arizalarini ko'rib chiqish muddati davomida tegishli hujjatni berish yoki berishni rad etish to'g'risida qaror qabul qilinmasa, mazkur litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat talabgorning xabarnomasiga asosan elektron tizimi orqali avtomatik ravishda shakllantirish masalalari aks ettirilmoqda.

Davlat muassasalari, ishlab chiqarish kooperativi, qishloq xo'jaligi kooperativlarini davlat ro'yxatidan o'tkazishning huquqiy mexanizmlari belgilab berilmoqda.

Jismoniy shaxslar davlat va xo'jalik boshqaruv organlariga murojaat qilganda ulardan 18 turdagi hujjat va ma'lumotlarni talab qilish bekor qilinmoqda. Bu orqali bir yilda o'rtacha 4-5 mln aholining u yoki bu darajada ovoragarchiligini oldi olinadi.

Xususan, 2021 yil 1 apreldan boshlab, 12 turdagi (ruhiy kasalliklar, narkologiya bo'yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi, sudlanganlik, manzil-ma'lumot axboroti, fuqaroning nomida uy-joy borligi yoki yo'qligi, turar joyning maydoni, soliq qarzi bor yoki yo'qligi, soliq to'lovchi jismoniy shaxslarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo'yilganligi, pensiya va nafaqa miqdori, pensiya va nafaqa oluvchilar ro'yxatida mavjud yoki mavjud emasligi, nikoh qayd etilganligi, shaxsning nikoh holati to'g'risidagi) ma'lumotnomalarni fuqarolardan talab qilish amaliyotini bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, fuqarolardan 6 turdagi (shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi, shaxsning fotosurati, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining ma'lumotnomasi, kadastr hujjatlari, mehnat daftarchalari va ularning nusxalari, ish haqi va ish stajini, oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasasida o'qiganlikni tasdiqlovchi arxiv ma'lumotnomasi) hujjatlarni talab qilish bekor qilinmoqda.

Bunda, davlat va xo'jalik boshqaruv organlari ushbu hujjatlarga zarurat tug'ilganda tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan “elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali o'zi so'rab oladi.

Jismoniy shaxslarga ID-kartalari berish ularni soliq organlarida soliq to'lovchi sifatida hisobga qo'yish hamda fuqaroni pensiya jamg'armasida hisobga qo'yish bilan bir vaqtda amalga oshirish belgilanmoqda. Bu esa kelgusida fuqarolarning mazkur 2 ta organga qo'shimcha ovora bo'lib borishiga chek qo'yadi.

Rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, soliq to'lovchilarning hisobini yuritishda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamidan foydalanishni joriy etish orqali soliq to'lovchining identifikatsiya raqamini (STIR) voz kechish belgilanmoqda. Ushbu vazifalarni amalga oshirish bo'yicha vakolatli organlarga tegishli vazifalar yuklatilmoqda.

Ta'lim muassasalarini tugatganda yoki o'qishni bir ta'lim muassasasidan boshqasiga ko'chirganda o'quvchi-talabalarning ta'lim muassasasidan qarzdorligi mavjud emasligini tasdiqlovchi “aylanma varaqani” to'ldirishni talab qilish amaliyoti bekor qilinmoqda.

Bunda o'quvchi-talabaning ta'lim muassasasi oldida bajarilmagan majburiyatlarni yoki qarzdorligi mavjudligi tegishli tarkibiy tuzilmalar tomonidan beriladigan axborotga asosan ta'lim muassasasining mas'ul xodimi tomonidan aniqlanadi va faqatgina qarzdorligi bor o'quvchi-talabalardan ushbu qarzdorlikni bartarf etishi talab qilinadi.

2021 yil 1 iyuldan boshlab davlat xizmatlarini vazirlik, idora va tashkilotlarning ichki hujjatlariga asosan ko'rsatish hamda ko'rsatilgan davlat xizmatlari uchun undiriladigan yig'im va boshqa to'lovlar miqdorlarini ularning ichki hujjatlar bilan tasdiqlash taqiqlanmoqda. Shu munosabat bilan, davlat xizmatlari ko'rsatish uchun undiriladigan yig'im va boshqa to'lovlar miqdorlari normativ-huquqiy hujjatlar asosida tasdiqlash belgilanmoqda.

30 ta xizmat natijasini fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlarining xohishiga ko'ra pochta aloqasi orqali ular aytgan manzilga etkazib berish xizmati yo'lga qo'yilmoqda.

8 ta davlat xizmati 2021 yil 1 apreldan Toshkent shahrida, 2022 yil 1 yanvardan butun respublika bo'yicha faqat YAgona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat organlarining rasmiy veb-saytlari orqali elektron shaklda ko'rsatish belgilanmoqda.

Bular, oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish uchun hujjat topshirish, Davlat ekologik ekspertizasi, Tovarlarning kelib chiqishi to'g'risidagi sertifikat olish, o'z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan mol-mulkni sertifikatlash, olib kelinayotgan texnologik uskuna va uning ehtiyot qismlarining mahalliylashtirilayotgan mahsulotlar toifasiga kirishi haqidagi xulosa olish, investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar bo'yicha loyihaoldi hujjatlarni ishlab chiqish uchun texnik vazifalarni kompleks ekspertizadan o'tkazish, investitsiyaviy loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini kompleks ekspertizadan o'tkazish, import kontraktlarini ekspertizadan o'tkazish davlat xizmatlari bo'lib hisobalanadi.

Ushbu xizmatlar yo'lga qo'yilsa fuqarolar bilan davlat organlarining yuzma-yuz munosabatga kirishishiga chek qo'yiladi, asosiysi fuqarolarimiz uyidan turib ushbu xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Xulosa qilib aytganda, Farmon loyihasining qabul qilinishi aholi va tadbirkorlik sub'ektlarining ortiqcha ovoragarchiligini oldini olishga hamda ularga ko'plab engilliklar (qulayliklar) yaratilishiga xizmat qiladi.

                                                                                                                                                                                                                                                                                                                          BUNYOD AZIZOV,

                                         Adliya vazirligining ma'muriy tartib-taomillarni takomillashtirish 

va monitoringini yuritish boshqarmasi boshlig'i