Ayniqsa, sanoatlashuv, transport vositalari sonining ortishi va qurilish ishlarining kengayishi natijasida havodagi mayda chang zarrachalari miqdori oshib bormoqda. Bu esa nafas olish tizimiga bosimni kuchaytirib, allergik holatlar, yo‘tal, ko‘z yoshlanishi va hatto yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi.
Ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan asosiy savol shunda: changli havodan qanday samarali himoyalanish mumkin? Mazkur masala yuzasidan ilmiy va amaliy tavsiyalar olish maqsadida Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti Aholi punktlarini, turar joy va jamoat binolarini gigiyenik rejalashtirish laboratoriyasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, katta ilmiy xodim Raushan Ataniyazova bilan suhbatlashdik.
Chang zarrachalarining me’yoriy miqdori belgilanganmi?
Ifloslangan atmosfera havosi aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan asosiy atrof-muhit omillaridan biri hisoblanadi. Havodagi ustuvor ifloslantiruvchi moddalar ichida chang alohida o‘rin tutadi.
Jahon amaliyotida, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiyalariga muvofiq, havoda o‘lchami 10 mkm (PM10) va 2,5 mkm (PM2,5) dan oshmaydigan zarrachalar miqdori me’yorlanadi.
Ushbu zarrachalar inson organizmiga nafas orqali kirib, yuqori nafas yo‘llariga, o‘pkaga, hatto qon aylanish tizimigacha yetib boradi. Natijada turli respirator kasalliklar rivojlanishi mumkin.
Atmosfera havosini asosan nima ifloslantiradi?
Atmosfera havosining asosiy ifloslantiruvchilari quyidagilardan iborat:
• PM10 va PM2,5 — mayda dispers chang zarrachalari
• Azot dioksidi (NO₂)
• Oltingugurt dioksidi (SO₂)
• Uglerod oksidi (CO)
• Yerga yaqin (quyi) ozon (O₃)
Ushbu moddalar inson salomatligiga turlicha darajada salbiy ta’sir ko‘rsatadi va turli xavflilik sinflariga mansub.
PM10 va PM2,5 nima uchun xavfli?
PM10 va PM2,5 zarrachalari 3-xavflilik sinfiga kiradi.
• PM10 zarrachalari o‘pkagacha kirib boradi;
• PM2,5 esa juda mayda bo‘lgani sababli qon aylanish tizimigacha yetib boradi.
Bu holat nafas yo‘llari kasalliklari, yurak-qon tomir tizimi muammolari va organizm immun tizimining pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Gazlar va ularning ta’siriga to‘xtalib o‘tadik bo‘lsak:
• NO₂ (azot dioksidi) — 2-xavflilik sinfi
→ turli yoqilg‘ilarning yonishi natijasida hosil bo‘ladi
→ smog va “kislotali yomg‘irlar” shakllanishiga sabab bo‘ladi
→ nafas olish va yurak-qon tomir tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi
• SO₂ (oltingugurt dioksidi) — 3-xavflilik sinfi
→ sanoat va energetika korxonalari faoliyati natijasida hosil bo‘ladi
→ nafas tizimida funksional o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin
• CO (uglerod oksidi) — 4-xavflilik sinfi
→ yoqilg‘ining to‘liq yonmasligi natijasida hosil bo‘ladi
→ qonga kislorod yetkazilishini to‘sadi
→ bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, og‘ir hollarda esa o‘limga sabab bo‘lishi mumkin.
• O₃ (ozon) — 1-xavflilik sinfi
→ shahar smogining asosiy komponentlaridan biri
→ yo‘tal, hansirash va nafas yo‘llarining qitiqlanishiga olib keladi.
Havo sifati qanday baholanadi?
O‘zbekistonda atmosfera havosi holatini baholash uchun AHIK indeksi ishlab chiqilgan.
Bu indeks avtomatik monitoring stansiyalari ma’lumotlari hamda ifloslantiruvchi moddalarning soatlik konsentratsiyalari asosida hisoblanadi.
Havo sifati quyidagi rangli shkala orqali baholanadi:
• Yashil — havo holati yaxshi
• Sariq — o‘rtacha ifloslangan
• To‘q sariq — o‘rtacha darajada yuqori ifloslanish
• Qizil — yuqori ifloslanish
• Binafsha — xavfli daraja
Changli havoda qanday himoyalanish kerak?
Mutaxassis tavsiyasiga ko‘ra, havo sifati yomonlashgan paytda quyidagi choralarga amal qilish zarur:
Ochiq havoda:
• tashqarida bo‘lish vaqtni imkoni boricha qisqartirish;
• jismoniy faollikni cheklash;
• uch qavatli tibbiy niqob yoki filtrli respirator taqish;
• imkoniyat bo‘lmaganda burin va og‘izni nam mato bilan yopish.
Xona ichida:
• deraza va eshiklarni mahkam yopish;
HEPA-filtrli havo tozalagichlardan foydalanish;
• nam tozalash ishlarini muntazam amalga oshirish;
• havoni namlash.
Salomatlik uchun:
• ko‘z va burun bo‘shlig‘ini toza suv bilan chayish;
• shilliq qavatlarni namlash;
• astma, XOBL, IYUK kabi kasalliklarda holat yomonlashsa, darhol shifokorga murojaat qilish.
Avtomobilda:
• oynalarni yopiq holda saqlash;
• ventilyatsiya tizimini retsirkulyatsiya rejimiga o‘tkazish;
• salonda chekishga yo‘l qo‘ymaslik.
Kimlar eng ko‘p ehtiyot bo‘lishi kerak?
Quyidagi aholi guruhlari yuqori xavf ostida hisoblanadi:
• bolalar, keksalar, homilador ayollar va surunkali kasalliklarga ega shaxslar.
Shuningdek, ushbu guruhlar ehtiyot choralariga alohida e’tibor qaratishi lozim:
• qurilish maydonlari va sanoat hududlari yaqinida uzoq vaqt bo‘lmaslik;
• chang ko‘taradigan tozalash usullaridan foydalanmaslik;
• kontakt linzalardan vaqtincha voz kechish;
• niqobni kamida har 2 soatda almashtirishi kerak.
Mutaxasisisning so‘zlariga ko‘ra, changli havo — bu oddiy noqulaylik emas, balki inson salomatligiga jiddiy xavf soluvchi omildir. Ayniqsa, PM2,5 kabi ko‘zga ko‘rinmas zarrachalar organizmga chuqur kirib borib, uzoq muddatli kasalliklar rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun har bir inson: havo sifatiga e’tibor qaratishi, ehtiyot choralariga amal qilishi va o‘z salomatligini himoya qilishi zarur. Zero, sog‘lom hayot — toza havodan boshlanadi.
Zulxumor AKBAROVA yozib oldi