Usmon Nosir o‘zbek she’riyati osmonida yorqin va so‘nmas yulduz kabi paydo bo‘ldi. Yigirma besh yoshga yetmasidanoq nurli iste’dodi tufayli xalqning sevimli va mashhur shoirlaridan biriga aylandi. Uning nomi yuksak she’riyat timsoli bo‘lib qoldi. Katta ijodiy g‘ayrat va shijoatga ega shoir qisqa umri davomida o‘lmas asarlar yaratishga ulgurdi.

Usmon Nosir 1912 - yil 13 - noyabrda Namanganda tug‘ildi. Ammo uning keyingi hayoti shoirlar va fozillar shahri sifatida mashhur bo‘lgan Qo‘qonda kechdi. Usmonning go‘zallikka, she’riyatga, ona xalqining ruhiy madaniyatiga muhabbati shu qadar tabiiy va otashin ediki, u hali internatda ta’lim-tarbiya olayotgan kezlaridayoq she’r yoza boshladi, hali navqiron yoshidayoq Qo‘qon ahli o‘rtasida shuhrat topdi. Shuning uchun ham Usmon o‘rta maktabni tugatib, pedagogik kurslarda qisqa muddat ishlaganidan so‘ng Kinematografiya institutida tahsil olish uchun Moskvaga yuborildi.

Ammo u kasalligi sababli bir yildan keyin quyoshli yurtiga qaytib, 1932 - yilda Samarqanddagi Pedagogika akademiyasiga o‘qishga kirdi. Uning “Quyosh bilan suhbat”, “Safarbar satrlar” deb nomlangan dastlabki to‘plamlari shu yili nashr etilib, Usmon Nosirni iste’dodli shoir sifatida mashhur etdi. Bu to‘plamlardan keyin esa “Traktorobod” (1934), “Yurak” (1936), “Mehrim” (1936) kitoblari chop etildi.

Usmon Nosir 1935 - yilda Toshkentga ko‘chib kelib, rang-barang voqea va hodisalarga boy adabiy hayotda faol ishtirok eta boshladi. U shu yillarda o‘zining eng sara she’rlarini yaratish bilan birga, Pushkin va Lermontov she’riyatining shohona namunalari — “Bog‘chasaroy fontani” va “Iblis” dostonlarini o‘zbek tiliga shunday mahorat bilan tarjima qildiki, ular o‘zbek tarjimachilik san’atining go‘zal durdonalariga aylandi. V.Kirshonning “Ulug‘ kun” fantastik dramasi, N.Dobrolyubovning “Haqiqiy kun qachon keladi?” maqolasi, Firdavsiy “Shohnoma”sining ayrim parchalari tarjimasi ham uning qalamiga mansubdir.

 Usmon Nosir o‘z iste’dodini dramaturgiya sohasida ham sinab ko‘rgan. Bizga uning “Atlas” dramasidan tashqari, “Zafar”, “Dushman”, “So‘nggi kun” dramalari va “Go‘ro‘g‘li” operasi librettosini yozgani ham ma’lum.

Shoir 1937 - yilda tuhmatga uchrab, qatag‘on qilindi. “Usmon Nosir ulug‘ va abadiy she’riyatning diydasidan oqib ulgurmagan shabnamdir, — deb yozgan edi Abdulla Oripov, — u hali qahqahaga aylanmay lablarimizda manguga qotib qolgan nim tabassumdir”.

Erkin Vohidov shoir haqida quyidagilarni qayd etadi: “Usmon Nosirni ko‘rganlar uning mard va o‘ktam yigit bo‘lganini, shu bilan birga, nozik ruhiyat egasi ekanini ta’kidlaydi. Qalbi keng, ko‘ngli ochiq, to‘g‘riso‘z va jangari shoir yigitni ko‘p jihatdan rus shoiri Sergey Yeseninga o‘xshash ko‘raman. Usmon Nosir xuddi ulkan rus shoiri kabi olovli, isyonkor qalb egasi, she’riyat ufqida nogahon balqigan yorug‘ yulduz edi... U ham yorug‘ d un yon  i juda erta va bevaqt tark etdi. Yesenin kabi mushkul va chalkash davr girdobida halok bo‘ldi”.

Haqiqatan ham Usmon Nosir hayoti ayanchli kechdi, fojiali yakun topdi. Chunki u yurak shoiri edi. Shu yurak bilan yurt taqdiri uchun qayg‘urgan, V ataniga sodiqlikni hayoti va ijodiga shior q ilib olgan edi. Shoir ijodi bilan tanishar ekansiz, avvalo, yurakning bedor urishi eshitiladi, so‘ng she’rning ko‘z ilg‘amas torlaridan taralayotgan ruhiyat ohanglari, nolalari endi sizning yuragingizni bedor qiladi. “She’riyat avlodlarning yurak tarixi, fikr va g‘oyalar manbaigina emas, ruhiy og‘riq va iztiroblari qomusi hamdir”, deb yozgandi Ibrohim Haqqulov.

Bu fikr haqiqiy iste’dodlar uchun aytilgan. Usmon Nosir aynan shunday she’riyat sohibi edi. She’rlaridagi ruh daraxti ildizi esa ancha chuqur ketgan. Shoirdagi ruhiy og‘riq va iztiroblar sababini esa uning kechmishidan va yashab o‘tgan ijtimoiy muhitdan izlamoq kerak, albatta.

“Spartakning lashkari hali ham borur. Mana menman u isyonning o‘lmas avlodi”, deydi shoir “Nil va Rim” she’rida. Tanqidchi Ibrohim Gʻofurov “Men bu qadar obrazlari og‘ir zarbli she’rni kam o‘qiganman. Bunday she’rlar katta shoirlarda ham sanoqli bo‘ladi”, deb yozadi “Nil va Rim” haqida. Bu she’r o‘zining yetakchi g‘oyasi va chuqur ruhiyati bilan nafaqat Usmon Nosirning, balki o‘zbek she’riyatining o‘lmas namunasi darajasiga ko‘tarildi. Erk g‘oyasi va isyon ruhi eng ayanchli va qayg‘uli hodisa — qullik tarixini berish vositasida singdirilgan.

Ibrohim Haqqulov o‘zining “Abadiyat farzandlari” kitobida bu she’rni chuqur tahlil qilib, bunday xulosalaydi: “Mazkur misralarda keyinchalik stalinizm deb qoralangan qonli harakatning obrazli manzarasi tasvirlangan. “Agar sen o‘tmishga to‘pponchadan o‘q uzsang, kelajak seni to‘p bilan o‘qqa tutadi”, deydi Rasul Hamzatov. Usmon Nosir o‘ttizinchi yillardayoq tarixni oyoq osti qilib, xotirasizlik bilan erk va istiqbolga yetishmoq niyatidagi telbalarga, albatta, malomat va nafrat o‘qlari otilishiga inongandi. Kelajak uning haqligini isbotladi”.

Sho‘ro hukumatining kundasi oldida turgan shoir dorilomon zamonlar kelib, yana e’zozlanishini bilgan va ana shu ishonch unga mislsiz yovuzlik va tengsiz kuchga qarshi kurashda madad bergan.

1937 - yilning 13 - iyulida hibsga olinganidan to so‘nggi nafasiga qadar Usmon Nosir oyning yorug‘ kunlarini ko‘rmadi. Oyning qorong‘i 15 kuni esa uning uchun yetti yildan ortiq davom etdi. Stalincha qirg‘in yillarida minglab kishilar “xalq dushmani” sifatida o‘lim lagerlarida inson zoti chidashi mumkin bo‘lmagan azoblarga duchor bo‘ldilar. Lekin ular orasida Usmon Nosirchalik do‘zax qiynoqlarini boshdan kechirgan jabrdiyda kam topilsa kerak.

“Usmon Nosirning so‘nggi kunlari” kitobida bunday yoziladi:

“1944 - yil, 9 - mart, payshanba o‘zbek she’riyatining yoqut yulduzlaridan biri Usmon Nosirning so‘ngan kuni. Stalincha istibdodga asoslangan tuzum uni shu kuni ajdaho singari, nihoyat, yamlab-yutib yubordi!..

Shoir jasadi qariyb bir hafta davomida o‘likxonada yotdi. Suslova qishlog‘idagi mahbuslar qabristoni hali karaxt uyquda, qalin qor ostidagi tuproq esa toshdan ham qattiq edi. Buning ustiga, murdalarni lager aravasida qabr istonga tashuvchi mahbuslar, odatga ko‘ra, bir necha kun aravaning to‘lishini kutar edilar.

Xullas, 15 - mart, chorshanba kuni olis va sovuq rus tuprog‘i Usmon Nosirning muzlab qolgan jasadini o‘z bag‘riga oldi...

Mana, nihoyat, bu dunyoga sig‘magan baxtsiz shoir 32 yoshida qora yer ostiga kirdi. Bu dunyoga bulbul bo‘lib kelgan, ammo qalb tori, she’riy iste’dodi tori endigina tarang tortila boshlagan, o‘z yurtining, xalqining peshonasida mustaqillik oftobi nurlarini ko‘rishni orzu qilgan shoir — qora zulmning, qora tuhmat va qora hasadning qurboni bo‘lgan shoir shu zaylda olamdan o‘tdi”.

O‘zbekiston Prezidentining “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori talantli shoirimizning xalqimiz qalbida mangu barhayot ekanini yana bir karra isbot etdi.

Usmon Nosirning o‘zi “Bog‘im” she’rida ishonch bilan yozgandi:

Bargdek uzilib ketsam,

Unutmas meni bog‘im.