Muloqotda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, hamda mamlakatimiz charm sanoati tarmogʻidagi yangi invest loyihalarni platformaga joylashtirish masalalari muhokama etildi.
Dastlab xalqaro tashkilot vakillariga mamlakatimiz charm-poyabzal sanoatining ishlab chiqarish, investitsiya, eksport koʻrsatkichlari haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, xorijiy va mahalliy investorlar uchun yaratilgan qulay biznes muhiti, bojxona, soliq imtiyozlari tushuntirildi. Yangi invest loyihalar paketi haqida axborot berildi.
Maʼlumot uchun: Global Biznesni Rivojlantirish Platformasi mustaqil platforma boʻlib, u turli sohalardagi ishbilarmonlarni birlashtirib, yangi biznes imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan. Mamlakatlar uchun qoʻshimcha qiymat yaratish, milliy va xalqaro biznesni yoʻlga qoʻyishni maqsad qilgan. Iqtisodiy rivojlanishning barqaror oʻsishini taʼminlash uchun hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashadi. 70 millionlik xaridorlar manziliga ega platformada barcha korxonalar oʻz mahsulotlari, tijorat takliflari va loyihalarini joylashtirishi mumkin.
Uchrashuvda tomonlar aynan mazkur platformaga Oʻzbekiston charm sanoat korxonalari roʻyxati va tarmoqda ishlab chiqilgan yangi invest loyihalar toʻplamini joylashtirish masalasini muhokama etdilar.
Hamkorlik ikki bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilyapti. Dastlab, mamlakatimiz korxonalari va yangi invest loyihalar ushbu platformadan joy oladi. Platforma vakillari xorijiy investorlarni jalb etishda korxonalarimizga amaliy va texnik koʻmak koʻrsatadi. Ikkinchi bosqichda esa ishlab chiqarishini koʻchirish maqsadida boʻlgan xorijiy kompaniyalarni Oʻzbekistonga jalb etish boʻyicha ishlarni amalga oshiradi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.
Muloqotda har ikki yoʻnalishda “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.