Ushbu yangi tartib davlatimiz rahbarining joriy yil 25-martdagi “Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni asosida amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Bugungi murakkab geoiqtisodiy sharoitda mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy aloqalarni yaxshilash, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, savdoni rivojlantirishda bojxona tizimining oʻrni, yaʼni qay darajada zamon bilan hamqadam ekani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu tendensiyadan kelib chiqib, yurtimizda bojxona sohasi bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda.
Xususan, soʻnggi yillarda oʻnga yaqin davlat bilan oldindan axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyildi. 4 ta yirik bojxona postida terminallar qurildi, 20 dan ziyodi yangi uskunalar bilan taʼminlandi. Tadbirkorlar uchun 35 ta axborot tizimi joriy qilinib, eksport jarayoni 9 bosqichdan 3 bosqichga tushirildi.
Natijada chegara orqali transportlar harakati 8 barobar koʻpayib, qariyb 5 milliontaga yetdi. Byudjetga tushum 9 barobar oʻsib, 2024-yili 63 trillion soʻmdan oshdi. Yuklarni rasmiylashtirish vaqti importda 3 soat, eksportda 20 daqiqagacha qisqardi. Xalqaro logistika reytingida bojxona koʻrsatkichi boʻyicha Oʻzbekiston 140-oʻrindan 74-oʻringa koʻtarildi.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida Oʻzbekiston Respublikasining global transport-logistika tarmoqlariga integratsiyasini chuqurlashtirish va milliy transport tizimi salohiyatini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratilgan.
Ayni maqsadda mamlakatimizda transport-logistika tizimini jadal rivojlantirish, transport infratuzilmasini yaxshilashga investitsiyalarni jalb qilish, yuk tashish bozorida sogʻlom raqobat muhitini yaratish borasida qator izchil chora-tadbirlar koʻrib kelinmoqda.
— Mazkur farmonda milliy qonunchiligimizni JST va boshqa xalqaro tashkilotlar standartlariga muvofiqlashtirish ishlarini yakunlash, milliy bojxona imijini yanada yaxshilash, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, bojxona organlari uchun yangi avlod kadrlarini tayyorlash kabi qator muhim vazifalar belgilangan, — deydi Bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Gʻayrat Nosirov. — Xususan, 2030-yilga qadar Jahon bankining “Logistika samaradorligi” indeksida (LPI) bojxona rasmiylashtiruvi samaradorligi koʻrsatkichi boʻyicha Oʻzbekistonning oʻrnini 55-pogʻonadan past boʻlmagan darajaga koʻtarish, keyingi yilga qadar deklaratsiyalarni inson omilisiz rasmiylashtiruv ulushini 2 barobarga oshirish maqsad qilinmoqda.
Shuningdek, 2028-yilga qadar bojxona koʻrigini 21 foizdan 15 foizga tushirish, 2030-yilgacha sunʼiy intellekt elementlaridan foydalangan holda xavfni boshqarish tizimi samaradorligini 2 barobar oshirish ham navbatdagi dolzarb vazifalardan.
Bugun dunyodagi barcha bojxona maʼmuriyatining 60 foizdan ortigʻi faoliyatiga sunʼiy intellektni joriy etishga harakat qilmoqda. Chunki undan foydalanish operatsiyalarni tezlashtirish, xatolarni kamaytirish va savdo jarayonining erkin amalga oshishiga yordam beradi.
Qayd etganimizdek, farmonga binoan 2025-yil 1-maydan boshlab veterinariya va fitosanitariya sohasida tashqi savdo yuklariga tegishli har qanday hujjatlarga muhr va shtamp bosish hamda ularni yozma tarzda roʻyxatga olish amaliyoti bekor qilinadi, barcha tartibot elektron shaklda tasdiqlash orqali amalga oshiriladi.
Bu, oʻz navbatida, tashqi faoliyat ishtirokchilari uchun katta imkoniyat yaratadi. Birinchi navbatda, jarayonga sarflanadigan vaqt qisqaradi. Qolaversa, inson omili bilan qoʻlda qilinadigan amaliyotdan voz kechilib, raqamlashtirish koʻlami kengayadi.
Shu bilan birga, 1-sentyabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga bojxona toʻlovlari va bojxona rasmiylashtiruvi uchun boshqa turdagi toʻlovlarni mamlakatning istalgan hududidan amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Buning uchun yagona gʻazna hisobvaragʻi ochiladi.
2025-yil 1-noyabrdan boshlab oʻtkazish punktlari orqali harakatlanayotgan yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasining mobil ilovasi ishga tushiriladi. 1-dekabrdan boshlab esa bojxona hududida yoki undan tashqarida qayta ishlash rejimlarida bojxona yuk deklaratsiyalarini soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish imkonini beruvchi “Tolling operatsiyalari” moduli amaliyotga joriy etiladi.
— “Tolling operatsiyalari” moduli biz uchun juda katta qulaylik, — deydi tadbirkor Davron Dadaxonov. — Bu savdo operatsiyalarini tezlashtirish, qayta ishlamoqchi boʻlgan mahsulotimizni eksport bozoriga tezkor olib chiqish imkonini beradi. Masalan, mamlakatimizda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport qilib boʻlinganidan keyin qoʻshni davlatlar mahsulotini import qilib, uni qayta ishlab eksport qilish uchun bu tizim muhim ahamiyat kasb etadi. Farmonda biz, tadbirkorlar uchun qator qulaylik va imtiyozlar belgilangani kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirish, eng asosiysi, yangi ish oʻrinlari ochish va pirovardida iqtisodiyotimiz rivojiga munosib hissa qoʻshishga ragʻbatlantiradi.
Joriy yil 1-iyuldan boshlab Jahon savdo tashkilotining Savdo tartibotlarini soddalashtirish bitimi talablari asosida tovarlarga nisbatan imtiyozlar qoʻllash boʻyicha bojxona organlarining dastlabki qarorlarini berish tartibi joriy etiladi. 1-sentyabrdan esa “Gʻishtkoʻprik”, “Zangiota” va “Daut-ata” oʻtkazish punktlarida sinov tariqasida avtotransport vositalari uchun ikki — “yashil yoʻlak” va “qizil yoʻlak”li xavflarni boshqarish tamoyillariga asoslangan davlat nazorat tartibotini qoʻllash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
Sinov natijalaridan kelib chiqib, ushbu amaliyot keyingi yil 1-sentyabrdan boshlab bosqichma-bosqich avtomobil yoʻli oʻtkazish punktlarida joriy etiladi.
Prezidentimizning “Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyatini tashkil etish va bojxona maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida 2025-yilda bojxona sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari belgilandi. Bojxona organlari tashkiliy tuzilmalari faoliyatini qisqartirish, sohaga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, bojxona organlari axborot tizimlarini takomillashtirish va samaradorligini oshirish shular jumlasidan.
Bojxona organlaridagi shtat birliklari doirasida qator yangi tuzilmalar tashkil etiladi. Jumladan, “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti negizida — elektron savdo maydonchalari orqali xarid qilinayotgan tovarlar va maxsus toifadagi yuklarni bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazishga moʻljallangan “Elektron tijorat” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, “Sirdaryo” chegara bojxona posti tarkibidagi “Oq oltin” va “Malik” bojxona punktlari negizida alohida “Oq oltin” va “Malik” chegara bojxona postlari hamda bojxona organlarining umumiy cheklangan shtatlar soni doirasida Bojxona qoʻmitasi tizimida alohida yuridik shaxs maqomiga ega Bojxona rasmiylashtiruvi markazi tashkil etiladi.
Qarordan sohaga oid koʻplab yangiliklar oʻrin olgan. Xususan, Bojxona qoʻmitasi tarkibida sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etishga ixtisoslashgan sunʼiy intellekt texnologiyalarini tadqiq etish boʻlimi ochiladi.
Bojxona instituti tarkibida mamlakat iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash hamda bojxona organlari faoliyati samaradorligini oshirish masalalarini ilmiy asoslangan holda oʻrganishga ixtisoslashgan ilmiy markaz tashkil etiladi. 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab bojxona yoʻnalishida bakalavriatda dual taʼlim asosida oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi. Magistraturada toʻlov-kontrakt asosida taʼlim muddati ikki yil boʻlgan sirtqi taʼlim shakli joriy etiladi.
2025-yil 1-maydan chegara orqali harakatlanayotgan avtotransport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish mexanizmi yoʻlga qoʻyiladi. 1-oktyabrdan boshlab tovarlarni olib kirish, olib chiqish va tranzit olib oʻtish boʻyicha barcha sertifikat, xulosa va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar faqat “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi.
Ushbu hujjatlar bojxona maʼmuriyatchiligining shaffoflik va ishonchlilik tamoyiliga asoslangan sifat jihatidan yangi tizim yaratish, faoliyatni yanada takomillashtirish bilan birga, bojxona sohasida huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Lutfulla XAYRULLAYEV,
jurnalist









