Oʻzbekiston Respublikasi barcha davlat va ularning fuqarolari uchun ochiq va ularning huquqlarini Oʻzbekiston hududida kafolatlovchi davlatlardan hisoblanadi. Shunday ekan mustaqillikdan soʻng yillar davomida bizga xorijiy davlatlar fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holatini aniqlash uchun qonunchilik normasi shakllantirilishi kerak boʻldi.

Shu bois, 2021-yili 4-iyun sanasida “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida”gi Qonun imzolandi. Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdir.

Chet el fuqarosi — Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega boʻlmagan, boshqa davlat fuqaroligiga va oʻzining boshqa davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega boʻlgan shaxs hisoblansa, fuqaroligi boʻlmagan shaxs — Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmagan va oʻzining chet davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega boʻlmagan shaxslar hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar Oʻzbekiston Respublikasining qonuni oldida teng ekanligi belgilandi. Oldin ushbu holat aniq kafolatga ega boʻlmasdan qonunosti hujjatlaridagina koʻrsatib oʻtilgan edi.

Ammo mazkur Qonun bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqlari deyarli Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqli etib belgilandi. Toʻgʻri, ayrim siyosiy va imtiyoz beruvchi huquqlar Oʻzbekiston fuqarosidan boshqalarga berilmaydi. Masalan, Oʻzbekiston fuqarosining siyosiy huquqi boʻlgan saylov huquqidan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar foydalana olmaydi.

Bunday amaliyot rivojlangan davlatlarda ham amal qiladi. Shuningdek, bunday cheklashdan maqsad boshqa davlatlarning Oʻzbekiston siyosiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻymaslikdir. Axir, davlatlar orasida ichki ishlarga aralashmaslik xalqaro tamoyili ham mavjud.

Qonun bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha va doimiy turish tartibi ham belgilab oʻtildi. Unga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar oʻz tanloviga koʻra oʻzining amaldagi harakatlanish hujjatlari boʻyicha joylashtirish joylarida yoki boshqa uy-joy maydonida, shuningdek, davolash muassasalarida vaqtincha yashashi mumkin. Buning uchun ular vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishi kerak boʻladi. Bunday shaxslarga siyosiy boshpana berish tartibi va shartlari boʻlsa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanishi koʻrsatib oʻtildi.

Barcha uchun kerak boʻladigan identifikatsiyalovchi karta nafaqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, balki quyidagi shaxslarga ham beriladi:

Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga — ular oʻn olti yoshga toʻlganida yoki ota-onasining, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga koʻra — bola tugʻilgan paytidan eʼtiboran va oʻn olti yoshga toʻlguniga qadar;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash uchun ruxsatnoma olgan shaxslarga, shu jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan shaxslarga;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan, biroq Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilmagan yoki “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilgan shaxslarga;

qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasida koʻchmas mulk sotib olgan chet el fuqarolariga;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish boʻyicha korxonalar tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan shartlar asosida investitsiyalar kiritgan chet el fuqarolariga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, shu jumladan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning muassislariga (ishtirokchilariga), shuningdek, ularning oila aʼzolariga;

Oʻzbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berilgan chet el fuqarolariga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida beriladi. Ushbu kartalar yuqorida sanab oʻtilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston hududida mavjud boʻlish uchun, yaʼni bemalol hech qanday toʻsiqlarga uchramaslik uchun ham kerak, desak yangilishmaymiz. Chunki ushbu hujjat ularning shaxsini tasdiqlovchi asosiy hujjat hisoblanadi.

Identifikatsiyalovchi karta:

yangi tugʻilgan bir yoshgacha boʻlgan bolalarga — ikki yil;

bir yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan shaxslarga — besh yil;

oʻn olti yoshdan oltmish yoshgacha boʻlgan shaxslarga — besh yil;

oltmish yoshdan oshgan shaxslarga — oʻn yil muddatga amal qiladi.

Shuningdek, chet davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida doimiy roʻyxatdan oʻtkazilgan fuqarolariga esa identifikatsiyalovchi karta ularning milliy pasportlarining amal qilish muddatidan oshmaydigan muddatga beriladi. Bunday muddatlarning belgilanishi, albatta insonning tabiiy holati va davlatdagi oʻrnatilgan ichki tartiblardan kelib chiqadi.

Qoʻshimcha qilish mumkinki, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi, Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab erkin harakatlanish huquqi, taʼlim olish huquqi kabi inson uchun zarur va shart boʻlgan huquqlarning barchasi Qonun bilan kafolatlangan. Ammo shuni unutmaslik lozimki, huquq bor joyda majburiyat ham mavjud boʻlib, barcha oʻz majburiyatlarini bajarishi shart hisoblanadi.

Agar chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi hududida mavjud boʻlgan davrida jinoyat sodir etsa, u Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi. Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan taqdirda, ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish qoʻllanilishi, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishi uchun taqiq qoʻyilishi, shuningdek, ularning turish muddati qisqartirilishi ham mumkin.

Javobgarlik huquqbuzarlikning ahamiyatlilik darajasi va sodir etgan muhitidan kelib chiqib belgilanadi. Ammo oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasida turish qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilmaydi. Bunday tartib oʻrnatilganlikka sabab esa bunday shaxslar bola hisoblanganligidadir.

Shuni unutmaslik lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlariga maxsus cheklovlar boʻlgan davlatlar fuqarolarining huquqlariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan javob tariqasida cheklovlar belgilanishi mumkin. Bu holat xalqaro muhitda retorsiya deb nomlanadi va javob qaytarish tarzida sharhlanadi.

Xulosa qiladigan boʻlsak, ushbu Qonun shu paytgacha juda zarur va dolzarb boʻlgan. Toʻgʻri, shu vaqtgacha chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati Qonun darajasida boʻlmagan boshqa normalar bilan tartibga solinib kelindi. Ammo ushbu Qonun chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati munosabatlarini tartibga solishi bilan birga, bunday shaxslarga bir necha huquqlarni kafolatlab, ularning Oʻzbekistonda yashashi uchun barcha sharoitlarni mujassam etadi.

Salamat Turemuratov,
“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi masʼul xodimi