Memorandumning maqsadi – tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni oʻrnatish orqali nazariy va amaliy bilimlarni uygʻunlashtirish, talabalarni oʻqitishda taʼlim sifatini oshirish, kelgusida yoshlardan yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashdan iborat.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirigʻiga binoan, ushbu memorandumda belgilangan kelishuv ijrosini taʼminlash maqsadida, Toshkent kimyo-texnologiya instituti “Yosh texnologlar” klubi aʼzolarining Chinoz neftni qayta ishlash zavodiga ekskursiyasi tashkil qilindi.
Ekskursiya avvalida talabalarga zavod mutaxassislari tomonidan nazariy tushunchalar berilgach, ishlab chiqarish faoliyati bilan tanishtirildi.
Jumladan, neft xomashyosining zavodga kirib kelishidan boshlab, to tayyor mahsulotga aylantirguncha amalga oshiriladigan jarayonlar, mahsulotni quyish va toʻkish uskunalari hamda neftni birlamchi qayta ishlash qurilmasining ish vazifalari haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Shuningdek, tayyor mahsulotni tashishda transport obyektlaridan foydalanish va xizmat koʻrsatish sharoitlari ham koʻrsatildi.
Zavodga tashrif soʻngida talabalarning “Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ direktori bilan muloqoti tashkil etildi. Muloqot chiogʻida ular neftni qayta ishlash jarayoniga tadbiq etilayotgan zamonaviy uskunalar, bu borada jahon tajribasi kabi oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati