Chirchiq daryosiga oʻlik baliqlar qayerdan kelib qolgani maʼlum qilindi

    Yashil sayyora 29 Sentabr 2022 2390

    Davlat ekologiya qoʻmitasi Chirchiq daryosida baliqlarning ommaviy nobud boʻlgani toʻgʻrisida eʼlon qilingan videomurojaat boʻyicha oʻrganish natijalarini maʼlum qildi.

    Aniqlanishicha, mazkur holat Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanidagi “Qoʻsh yogʻoch” MFYda joylashgan “Azizjon Nurli Agro Fayz” MCHJga tegishli boʻlgan baliqlar saqlanadigan hovuzda sodir boʻlgan.

    Joriy yilning 24-sentyabr kuni baliqchilik xoʻjaligida yetishtirilgan baliqlarni ovlash davrida hovuz suvi kamaygani, baliqlar uzoq muddat toʻrda qolib ketgani, havo haroratining koʻtarilishi oqibatida suvning meʼyoridan ortiq darajada iligani, hovuzdagi suv tarkibida kislorod yetishmagani sababli baliqlar nobud boʻla boshlagan.

    Shundan soʻng chala oʻlik baliqlar hovuzga 10 metr masofa uzoqlikda boʻlgan Chirchiq daryosiga oqizilgan.

    "Ishchi guruh tomonidan mobil laboratoriya jalb qilinib, Chirchiq daryosi va baliqchilik xoʻjaligidagi suv havzalaridan namunalar olindi.

    Tahlil natijalarida suvning kimyoviy moddalar yoki boshqa taʼsirlar natijasida ifloslanmagani aniqlandi. Baliqchilik hovuzida baliq boqish va nobud boʻlgan baliqlarni belgilangan tartibda yoʻq qilish boʻyicha alohida tekshirish oʻtkazilib, qonunbuzilishiga yoʻl qoʻygan masʼullarga nisbatan tegishli tartibda chora koʻrilishi belgilandi.

    Holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot berilishini maʼlum qilamiz", deyiladi axborotda.