“Katta qirgʻin”
Odatda ijod ahli bir-biri bilan yaqin munosabatda boʻladi. Qalamkash doʻsti yozgan asarni oʻqib, uning yanada mukammal boʻlishiga yordam beradigan fikr va mulohazalari bilan oʻrtoqlashadi. Bu, ijodiy hayotning muhim jarayonlaridan biridir.
Ammo 1937-1938-yillardagi “Katta qirgʻin” davrida NKVD xodimlari shu jarayondan yovuz maqsad yoʻlida foydalanib, ijodiy hamkorlikda yashab kelayotgan olimlar, yozuvchilar va sanʼatkorlarni bir-biriga qarshi “material” berishga majbur qilgan, ijodiy hamkorlik mevasidan bahramand boʻlib kelayotgan doʻstlar koʻz ochib yumguncha xundor dushmanlarga aylanib qolgan.
Toʻgʻri, bunda hamma ayb NKVD va uning jirkanch xufiyalarida boʻlgan. Lekin singan chinnini tuzatib boʻlmaganidek, sobiq doʻstlar oʻrtasidagi ishonch koʻprigini ham tuzatib boʻlmasligi hech kimga sir emas. 1937-1938-yillarda boshqa ijodkorlar bilan yaqin aloqada boʻlgani uchun ozor chekkan yozuvchilardan biri Choʻlpon, ikkinchisi esa Gʻulom Zafariy edi.
Choʻlpon Andijonda, Gʻulom Zafariy Toshkentda tavallud topgan
Biz bu ikki ijodkordan birining 1898-yili Andijon shahrida tugʻilgani, 1913-1914-yillarda Toshkentga koʻchib kelib, “Sadoi Turkiston” gazetasida xizmat qilgani, Hamza teatri uchun “Hamlet” tragediyasini ilohiy kuch bilan tarjima qilib, kimsan buyuk Shekspirni dogʻda qoldirgani, “Oʻtkan kunlar” bilan bahslasha oladigan “Kecha va kunduz” romanini yozgani va bu ikki asar Choʻlponning XX asr oʻzbek adabiyoti taraqqiyotiga qoʻshgan buyuk hissasi ekanini yaxshi bilamiz. Balki kimdir Gʻulom Zafariyning “Halima” musiqali dramasi XX asrning 20-30-yillarida eng mashhur musiqali drama boʻlgani va bu dramadagi Halima rolini qoyilmaqom qilib ijro etgan Tursunoy Saidazimova bilan Halima Nosirovaning katta shuhrat qozonganini ham eshitgan boʻlsa, ajab emas.
Gʻulom Zafariy Toshkent shahrining Kattabogʻ mahallasida dunyoga kelgan. Choʻlpondan 11 yosh kichik. Shu mahalladan uncha uzoq boʻlmagan joyda mashhur navoiyshunos olim Hamid Sulaymonning otasi Sulaymonxoʻja Umarxoʻjayev ham yashagan.
“Otam, — deb yozgan edi Hamid Sulaymon, — Toshkentning sobiq Beshyogʻoch dahasidagi Kamolon mahallasida dehqon oilasida dunyoga kelgan... Otamning madrasadagi hamhujra doʻstlaridan eng yaqinlari sevimli adibimiz Abdulla Qodiriy — Julqunboy va dramaturg Gʻulom Zafariylar edi. Abdulla Qodiriyning tugʻilib oʻsgan uyi Kamolonning gʻarbidagi qoʻshni Eshonguzar mahallasida boʻlgan. Bizning hovli bilan Abdulla aka hovlisining orasi yarim kilometrcha boʻlib, shu oraliqda Gʻulom Zafariyning hovlisi va kichik, gʻoyatda shinam bogʻi joylashgan edi”.
Hamid Sulaymonning bu xotirasi detallarga qanchalik boy boʻlishiga qaramay, Abdulla Qodiriyning Koʻkaldosh madrasasida emas, balki Abulqosim madrasasida taʼlim olganini aytmay oʻtolmaymiz.
Gʻulom Zafariy hayoti va ijodi bilan shugʻullangan adabiyotshunos Olim Usmonov esa “Gʻulom Zafariy. Hayoti va ijodi” (2022) degan sermazmun risolasida dramaturgning ota-onasi toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotni bergan: “Uning otasi Muzaffar miskar hunarmand kishi boʻlib, hazil-mutoyibaga moyil, sanʼatsevar kishi edi. Onasi Fayziniso otin maʼlumotli, gapga chechan ayol boʻlib, koʻpgina xalq dostonlari va ertaklarini yoddan bilardi, ayniqsa, asli qoʻqonlik boʻlgani uchun Qoʻqon xonligi tarixiga oid koʻpdan-koʻp maʼlumotlarni oʻz xotirasida saqlar edi. Bilimdon, shoirona ruhli, muloyim va shirinsoʻz Fayziniso otin bu maʼlumotlarni muntazam ravishda yosh Gʻulomga hikoya qilib berar edi”.
Shu yillarda jadidlar nafaqat Toshkent, balki Samarqand, Qoʻqon singari yirik shaharlarda ham faollasha boshlagan. 1912-yili Gʻulomjon onasining qarindosh-urugʻlariga ishonib boʻlsa kerak, Oʻsh shahriga borib, yangi usul maktabida muallimlik qiladi. Oradan bir yil oʻtgach, murabbiylik faoliyatini Toshkent shahrida davom ettiradi.
1914-yil 15-yanvarda Toshkentdagi “Kolizey” teatrida “Padarkush” spektaklining premyerasi boʻlib oʻtadi. Shu yili “Turon” teatrida Ozarbayjon musiqali teatrining “Arshin mol olon”, “Layli va Majnun” singari mashhur dramalari ham katta muvaffaqiyat bilan namoyish etiladi. Bular Gʻulom Zafariyning hayotini, yashash tarzini butunlay oʻzgartirib yuboradi. U otasining misdan yasalgan patnislarini chertib, turli ritm va ohanglar chalib, hatto oʻzi ham yangi-yangi kuylar ijod qila boshlaydi. Patnis sadolaridan chiqqan musiqiy nolalardan mutaassir boʻlgan doʻstlari unda bastakorlik isteʼdodi borligini sezib, Xudo bergan shu isteʼdodni tarbiyalash yoʻllarini koʻrsatadi.
Oʻzbek operasining asosini solgʻuvchi Gʻulom Zafariydir
Oʻsha yillarda ilk sheʼrlarini yoza boshlagan Gʻulomjon yoshlar hayotidan olingan “Bahor”, “Gunafsha”, “Tilak”, “Quyon”, “Erk bolalari” singari bir koʻrinishli dramalarni ham yozib, ularning havaskorlik toʻgaraklarida ijro etilishiga muvaffaq boʻladiki, bu uning ijodiy kuchiga yangi kuch, zavqiga yangi zavq qoʻshadi. Gʻulomjon Ozarbayjon teatri spektakllarini qayta-qayta koʻrib, hatto Muhiddin qori Yoqubov bilan Tamaraxonimning “Erk bolalari”ni 1925-yilda Parij va Berlindagi sahnalardan birida namoyish etganlari, bu asarning fransuz va nemis tomoshabinlari olqishiga sazovor boʻlganini eshitib, ruhlanib va qanotlanib, oʻz oldiga birinchi oʻzbek musiqali dramasini yaratish vazifasini qoʻyadi.
Agar 1920-yil 10-sentyabrda “Karl Marks” truppasida (“Turon” teatri shunday nom bilan “zamonaviylashtirilgan”) Mannon Uygʻur sahnalashtirgan “Halima” spektakli muallif qamalgan 1937-yilga qadar oʻnlab teatrlarda zoʻr muvaffaqiyat bilan namoyish etilganini eslasak, oʻzbek teatri tarixida Gʻulom Zafariyning “Halima”si bilan bahslasha oladigan boshqa musiqali dramani topish oson emas.
Choʻlpon bu asarning sahna yuzini koʻrishida ijodiy maslahatlari bilan koʻmak bergan, deyishadi. Shuning uchunmikan, u “Halima” spektaklining har bir namoyishida dramaturgning doʻsti sifatida qatnashib, katta hayajon bilan bunday yozgan edi: “11-dekabrda oʻzimiz koʻrgan qishki “Turon” binosida — yuzinchi marta boʻlsa kerak —
“Halima” oʻynaldi... Asarning alla nechanchi martaba qoʻyilishiga qaramasdan, xalq toʻladir, joy tegishmaydir...”.
Oʻzbek operasini yaratish jazavasi avj olgan 30-yillarning oʻrtalarida bu asarni ham opera “tili”ga moslashmoqchi boʻlishgan. Muzikashunos B.A.Pestovskiy shu hol haqida “Bu kunda oʻzbek operasining asosini solgʻuvchi Gʻulom Zafariydir”, deb yozgan va bu soʻzlar tarixiy haqiqatga zid emas edi.
Dramaturg birinchi marta 1932-yilda, 1937-yilda esa ikkinchi marta “xalq dushmani” sifatida ayblanib, Sibir lagerlarida azob-uqubat chekkan. Shu vaqtda ham Oʻzbekiston teatrlari “Halima” dramasini namoyish qilishda davom etgan (muallifi koʻrsatilmagan holda). Choʻlpon spektakldan tushgan qalam haqini surgundagi dramaturgga ham, uning ozodlikda qiynalib yashayotgan oilasiga ham muntazam ravishda yetkazib turgan.
Gʻulom Zafariyning qamalish sababi esa uning Turkiston Muxtoriyati barpo etilgan vaqtda Muxtoriyatni, xuddi doʻsti Choʻlpondek, faol qoʻllab-quvvatlab, fuqarolik jasoratini koʻrsatganida edi.
Biz, adabiyotshunos va tarixchilar biror vatandoshimizning Turkiston Muxtoriyatini qoʻllab-quvvatlashda ayblanganini aytamiz-u, bu “qoʻllab-quvvatlash” nimadan iborat boʻlganini ichimizga yutib kelamiz. Holbuki, bunday jasoratga har kimda ham jurʼat yetishgan, deb boʻlmaydi.
Gʻulom Zafariy, boshqa aksar ziyolilar singari, “Milliy ittihod” tashkilotining aʼzosi edi. U shu “aksilinqilobiy” tashkilotning aʼzosi sifatida qamoqqa olingan va tergovchining Muxtoriyatni qanday “qoʻllab-quvvatlagan”i toʻgʻrisidagi savoliga javob berib, bunday degan:
“Qoʻqon muxtoriyat hukumatining tashkil etilishi munosabati bilan “Milliy ittihod” tashkilotimizning Markaziy Komiteti Eski shahardagi “Turon” teatri binosida ochiq majlisni oʻtkazgan va bu majlisda Munavvar qori Abdurashidxonov, Saʼdullla Tursunxoʻjayev, Salimxon Tillaxonov, Norboʻtabekov, men va boshqalar ishtirok etganmiz.
Bu majlisda Qoʻqon muxtoriyatini barcha kuchlar bilan qoʻllab-quvvatlash, aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borish va ommaviy namoyishni tashkil etishga qaror qilingan. Men faol “ittihodchi” sifatida boshqalar bilan birga “Milliy ittihod” tashkiloti Markaziy Komitetining bu qarorini amalga oshirishda faol qatnashganman. “Milliy ittihod”ning Markaziy Komiteti, jumladan, men Bois Qoriyev, Uygʻur, Yetim Bobojonov, Abror Hidoyatov bilan birga bolsheviklar qamoqqa olgan “aksilinqilobchilar” va bolsheviklarni qamoqxonadan ozod qilishda ishtirok etganman.
Saʼdulla Tursunxoʻjayevning soʻzlaridan shu narsa maʼlum boʻladiki, bizning “Milliy ittihod” tashkilotimiz 1919-yil yanvaridagi aksilinqilobiy isyon vaqtidayoq Sovet hokimiyatini qurolli kuch yordamida agʻdarmoqchi boʻlgan. Shaxsan men, Tursunxoʻjayevning topshirigʻiga binoan, Eski shahardagi aholi oʻrtasida Osipov shaxsini ommalashtirish maqsadida targʻibot va tashviqot ishlarini olib borganman. Keyin mening aksilinqilobiy amaliy faoliyatim adabiy mehnat bilan shugʻullanganim uchun asosan, mafkuraviy jabhada kechdi. Tashkilotning aʼzosi boʻlganim 1919-1921-yillarda “Sharifjon”, “Erk bolalari”, “Tuygʻunoy”, “Chin Temir botir” singari aksilinqilobiy yoʻnalishdagi bir necha pyesalarni yozdim. “Quyon”, “Tatimboy ota” kabi bolalarga bagʻishlangan baʼzi asarlarimni men ota-onalarda norozilik, Shoʻro davlatida esa gʻazab va nafrat kayfiyatini uygʻotish uchun asarga qasddan buzuqlik unsurlarini kiritgan edim.
Shuni aytish kerakki, avvallari bunday yoʻl bilan maqsadga erishish oson edi. Ammo asarlarimning hammasida shoʻrolarga qarshi qaratilgan ruh boʻlgani uchun ular keyinchalik yigʻishtirib olindi.
Bu pyesalarni yozish, ommalashtirish va sahnalashtirishda Choʻlpon, Fitrat, Muhiddin qori Yoqubov va Uygʻur (Mannon Majidov) singari tashkilot aʼzolari menga faol yordam berishdi”.
Davr qurbonlari
Biz Gʻ.Zafariyning bu “tavbanamo” koʻrsatmasini oʻqir ekanmiz, uning tergovchi tomonidan astoydil tahrir qilinganini sezmay ilojimiz yoʻq. Masalan, maktab oʻquvchilari uchun yozilgan kichik sahna asarlarining millatchilik va aksilinqilobchilik kayfiyati bilan sugʻorilgani haqidagi fikrlar tergovchi “ijod”ining mahsuli ekani shubha uygʻotmaydi.
Gʻ.Zafariy “delo”sida yana shunday faktlar yashirinib yotibdiki, ular, masalan, Samoylovich singari ilm-fan vakillarining haqiqiy qiyofasini ochib tashlaydi. Gʻ.Zafariyning yozishicha, u Samoylovich bilan 1930-yili Samarqandga Ilmiy kengash raisi boʻlib kelgan vaqtda tanishgan. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, u Samoylovichni Sharqqa oid katta qimmatga molik boʻlgan kitob va hujjatlar bilan taʼminlab turuvchi kishilardan biriga aylangan. Samoylovich 1931-yili Samarqandga Fanlar akademiyasining bir guruh olimlari bilan birga kelib, Qadimgi Sharqdagi yer-suv masalasiga doir qimmatbaho hujjatlarni toʻplash bilan shugʻullangan.
— Men ham bu ishga jalb etilgan edim, — deb yozadi Gʻ.Zafariy. — Assistentlardan birining aytishicha, Samoylovich bu hujjatlarni axtarib va sotib olishga bor-yoʻgʻi 8 ming soʻm sarflagan ekan. Ammo ularni oʻrganib chiqqanidan keyin Fanlar akademiyasiga 40 mingga sotgan...
Gʻulom Zafariy shunday bir davrda yashaganki, bu davrda Moskvadan kelgan olimlar orasida Oʻzbekistonning moddiy va madaniy boyligini tashib ketadigan olimlar bilan birga oʻzbek xalqi madaniyatining boyligi va qadimiyligini butun dunyoga koʻrsatish uchun kelgan olimlar ham yoʻq emas edi.
Ammo bu masalaga oʻtishdan avval Gʻ.Zafariyning 1921-yilda Qori Yoʻldosh Poʻlatov va Fitratning taklifi bilan Buxoroga borib, musiqa maktabida mudir muovini boʻlib ishlagani, 1923-yili Buxoro arkiga qizil bayroq oʻrnatilgandan keyin Toshkentga qaytib kelganini aytib oʻtish lozim.
1925-yilda esa OʻzSSR Bosh siyosiy ong-bilim tarqatuv idorasi va Sanoyi nafisa nozirligining buyrugʻi bilan Termizga borib, musiqa bilim yurtida mudir boʻlib ishlagani, 1927-yildan keyin Toshkentga qaytib kelgach, Qoʻqon va Andijon teatrlarida adabiy emakdosh va rejissyor boʻlib ishlaganini ham qayd etish kerak.
Rus musiqashunoslari hayratga tushgan
Gʻulom Zafariy qisqa ijodiy faoliyati davomida oʻzbek xalq sheʼriyati va oʻzbek mumtoz musiqasi ilmini shunday egallagan ediki, natijada ular bir sheʼriy matnda oʻzaro uygʻunlashib, shoir sheʼrlarini oʻzgacha badiiy ohang va ranglar bilan boyitgan.
Uning ijodiy oʻsishi va isteʼdodining yangi-yangi qirralar bilan porlab borishida 1921-yilda Oʻzbek bilim hayʼatining tuzilishi, bu hayʼat qoshida adabiy meros masalalarini oʻrganuvchi ilmiy-etnografik ekspeditsiyalarning tashkil etilishi, bu ekspeditsiyalar faoliyatida Fitrat, Elbek, Gʻ.Zafariy, V.Uspenskiy singari oʻzbek va rus olimlarining ishtirok etishi muhim rol oʻynadi.
Ayniqsa, Zafariy rahbarligidagi ekspeditsiyaning Fargʻona viloyatida olib borgan izlanishlari va qoʻlga kiritgan noyob materiallar, avvalo, uning oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi va musiqasi haqidagi bilimining behad darajada chuqurlashishiga imkon berdi. U, masalan, oʻzbek xalq musiqasi tarixini jahon xalqlari musiqasi tarixi fonida oʻrganib, olamshumul kashfiyotlar qildi. Gʻ.Zafariy kelgan xulosalarga qaraganda, musiqa insonni ilohiyotga yaqinlashtiruvchi moʻjiza.
Musiqaning yil fasllari, oy va kun vaqtlariga qarab ijro etib kelingan, tabiatdagi oʻzgarishlar insonning ruhiy olamiga taʼsir koʻrsatadi (masalan, bulutli, yomgʻirli qish kunida inson ruhida allaqanday hazin, maʼyus kayfiyat hosil boʻladi). Bastakorlar bir kecha-kunduzni 12 ga boʻlib, har bir boʻlimni tabiatning oʻzgaruviga qarab, bir taʼsir ostida hisoblab va shunga toʻgʻrilab kuy yasaydilar. Sharqda ulardan baʼzi bir xastaliklarni davolashda ham foydalanilgan.
Oʻzbek musiqasi tarixi bilan shugʻullangan mashhur rus musiqashunoslari Gʻ.Zafariyning bu boradagi bilimi chuqurligini koʻrib, hayratga tushishgan. Masalan, V.A.Uspenskiy moskvalik musiqashunos doʻsti V.M.Belyayevga yoʻllagan xatida bunday soʻzlar bor: “Oʻzbek shoiri Gʻulom Zafariy menga shunday maʼlumot berdi: “Dugoh” ertalab soat 10 gacha, “Bayot” oʻndan oʻn ikkigacha, “Chorgoh” birdan oltigacha, “Segoh” kechqurun, “Shahnoz” yarim kechada, “Nasrulloyi” kechasi soat oʻn ikkidan ertalab oltigacha ijro etilarkan”... Menga koʻp marotaba aytishdiki, “Navo” kasallikni davolashda, odatda, ertalab ijro etilar ekan” .
Gʻ.Zafariyning nafaqat sheʼriyat va dramaturgiya, balki oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi va mumtoz musiqasi boʻyicha ham bilimi behad darajada koʻtarildi, shubhasiz, bunda Choʻlponning ham roli gʻoyat kattadir.
Choʻlpon va Gʻulom Zafariy haqiqiy insonlar boʻlgan
Choʻlpon ham, Gʻ.Zafariy ham oʻz davrida katta shuhrat qozongan, nafaqat rus olimlari, balki xorijdan kelgan kishilar uchun ham ular bilan muloqotda boʻlish katta sharaf edi. Ammo iloji boʻlsa, hammadan shubhalanish, hammani josuslikda ayblash davlat qatagʻon mashinasini harakatga keltiruvchi kuch boʻlgan bir paytda Fitrat, Choʻlpon, Gʻ.Zafariy singari mashhur fan va madaniyat arboblarini chet el josusi boʻlganlikda ayblash oddiy hodisa edi. 1937-yil tergovchilar qanchalik urinishmasin, ular, masalan, Choʻlponni urib-kaltaklab ham bunday koʻrsatmani ola bilmadilar.
Mana, Choʻlponning tergovchiga bergan soʻnggi javobi:
“Men Gʻulom Zafariy bilan juda yaqindan tanish ekanligimni tan olaman. Poʻlatovni, Said afandini, Baxshullaxonovni ham qay darajada bilishimni aytdim. Sanab oʻtilgan shaxslarning aygʻoqchilik qilganini bilmasligimni tasdiqlayman. Na bevosita, na Gʻulom Zafariy orqali men Said afandidan pul olmaganman, oʻzim ham aygʻoqchi boʻlmaganman. Men millatchi edim va shu haqda koʻrgazma berdim”.
Haqiqiy inson hatto jallod qilichi boʻgʻzini qonatib turganida ham doʻstini sotmaydi. Haqiqiy inson “millatchi”, hozirgi oʻzbek tiliga tarjima qilsak, “millatparvar” boʻladi.
Choʻlpon va Gʻulom Zafariy shunday haqiqiy insonlar boʻlgan.
Naim KARIMOV, akademik











