Choʻlpon va turk adabiy hayoti

    Akademik Naim Karimov biz yashayotgan jamiyatning ilmli, zukko, mashhur insonlaridan boʻlsa-da, juda ham oddiy, beozor, kuyunchak va kamtarin inson.

    Dunyoda shunday insonlar borki, ular bilan suhbatlashsang koʻngling yorishib, hayotga boʻlgan muhabbating, yashashga boʻlgan zavqing oshib boraveradi. Akademik Naim Karimov biz yashayotgan jamiyatning ilmli, zukko, mashhur insonlaridan boʻlsa-da, juda ham oddiy, beozor, kuyunchak va kamtarin inson. Yaqinda qoʻngʻiroq qilib:

    — Ustoz, oldingizga bormoqchi edim, — dedim. U kishi nega kelyapsiz, nima ishingiz bor, tinchlikmi yoki vaqtim yoʻq, demadi:

    — Mayli kelavering, ishdaman. Xonaga kirib borar ekanman, 90 yoshli akademigimizning kompyuter qarshisida oʻtirib, nimalarnidir yozayotganiga guvoh boʻldim. Men bilan koʻrishib, sekin soʻradi:

    — Yaxshimisiz, ijodlar boʻlyaptimi, gazeta sahifasida ism-familiyangiz kam koʻrinyapti-ku?

    — Ustoz, gazetamizning har bir sonini oʻqib borasizmi?

    — Albatta. “Yangi Oʻzbekiston” yaxshi mavzularni yorityapti. Har kuni oʻqib, kuzatib boraman.

    — Ustoz, siz bilan “Choʻlpon” romaningiz va uning turk tilidagi tarjimasi haqida suhbatlashib, maqola yozmoqchi edim, — dedim.

    Domla menga qarab: “Mayli, faqat intervyu tarzidamas, maqolani oʻzingiz yozasiz, kitob, unga bogʻliq tarixiy voqealar va tarjimasi haqida aytib beraman”, dedi.

    * * *

    Xalqimiz milliy uygʻonish davri adabiyotining buyuk namoyandalaridan biri Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlponni qanday eʼzozlasa, qardosh turk xalqi ham uni shunday sevib, ardoqlab keladi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu yurtdagi barcha adabiy, ilmiy-maʼrifiy nashrlar sahifalarida Choʻlpon asarlari yoki uning hayoti va ijodi haqidagi maqolalar doimiy tarzda chop etiladi.

    Oʻtgan yil Turkiyada “Choʻlpon yili” deya atalgani, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, filologiya fanlari doktori, akademik Naim Karimovning “Choʻlpon” biografik romanining turk tilida nashr etilishi qardosh mamlakatning madaniy hayotida muhim voqea boʻldi.

    Naim akadan kitobning chop etilishi va undagi voqealar tafsilotini tinglar ekanman, domlaning koʻzlaridagi yosh tomchilarini koʻrib, bir yurtning fidoyi ijodkori boʻlsa shunchalar boʻladi-da, har bir soʻzini qalbdan his etib, yurak qoʻri bilan yozadi, degan xayolga bordim.

    Olimning aytishicha, 1938-yilning 4-oktyabr kuni NKVDning Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi qatl­gohlaridan birida oʻzbek xalqining Choʻlpon, Fitrat va Abdulla Qodiriy singari ulugʻ farzandlari “xalq dushmanlari” sifatida otib tashlangan. Bu sovet davlatining oʻzbek xalqi va madaniyati oldidagi katta jinoyati edi...

    Oʻsha mashʼum sanani oʻzbeklar bilan birga turk xalqi ham Sharq madaniyati tarixidagi eng fojiali kunlardan biri sifatida yod etdi. Qatagʻon qurbonlari xotirasiga bagʻishlangan katta tadbir oʻtkazilib, unda Choʻlpon va safdoshlarining maʼrifatparvarlik, vatanparvarlik, erksevarlik yoʻlidagi faoliyati katta hurmat va ehtirom bilan tilga olindi. Ular ijodiy merosi bugun Oʻzbekistonda esayotgan Renessans shabadalarining kuch olishida muhim manba boʻlib xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi. Turkiyada boʻlib oʻtgan voqealar oʻsha kunning oʻzida OAVda keng yoritildi.

    — Oʻzbek shoirining Turkiyadagi muxlislari bir necha yildan buyon turk shaharlaridan birida Choʻlponga haykal oʻrnatishni orzulab keladi, — deydi Naim ­Karimov. — Tegishli tashkilotlar va ijodiy guruhlar aynan shu kuni Anqarada ulugʻ oʻzbek shoiri haykalini oʻrnatish masalasi boʻyicha muzokaralar olib bordi. Muzokaralar natijasida Anqara shahrining Etimesgut tumanidagi tarixiy bogʻlarning birida Choʻlpon haykalini oʻrnatishga kelishib olindi. Ushbu bogʻda Oʻzbekistondagi qatagʻon qurbonlari xotirasi va adabiy merosiga bagʻishlangan maʼrifiy kechalar oʻtkazilishi koʻzda tutildi. Bunday xayrli tadbirlar oʻzbek va turk xalqlarining yana-da yaqinlashishi, ular oʻrtasidagi madaniy aloqalar mustahkamlanishiga xizmat qilishi shubhasiz.

    Naim Karimov nafaqat maktab, hatto oliy oʻquv yurtida oʻqib yurgan yillarida ham Choʻlpon nomini tilga olish, uning asarlarini oʻqish juda xavfli boʻlgan. 1937-1938-yillardagi qatagʻon dahshatlaridan keyin uning kitobxonlar qoʻlidagi asarlari ham, davlat kutubxonalaridagi kitoblari ham yoqib yuborilgan. Choʻlponni koʻrgan va bilgan kishilar esa shoir haqidagi xotiralarini koʻngil daftarlaridan siqib chiqarishga majbur boʻlgan.

    Oʻtgan asrning 60-yillarida mustabid tuzum ­sharoitida yashayotgan milliy respublikalarga yangi hayot shabadalari kirib keldi. Rossiyada qatagʻon qilingan shoir va yozuvchilarning asarlari, ular haqidagi maqola va xotiralar chop etila boshladi. ­Lekin hali ham egardan tushmagan, kimsalar Abdulla ­Qodiriy, ­Choʻlpon va Fitrat singari ulugʻ yozuvchilar hayoti va ijodini oʻrganishga tish-tirnoqlari bilan qarshilik koʻrsatgan.

    * * *

    Shunday sharoitda Izzat Sulton, Ozod Sharafiddinov, Ahmad Aliyev, Begali Qosimov, Sherali Turdiyev singari olimlar yuqorida nomlari tilga olingan va boshqa qatagʻon qurbonlari haqidagi katta haqiqatni aytishga jurʼat topa olgan. Ularning safida Naim Karimov ham bor edi. Mustaqilligimiz arafasida mustamlakachilik davrida qatagʻon qilingan vatandosh­larimiz xotirasini abadiylashtirish komissiyasi va “Shahidlar xotirasi” xayriya jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Naim Karimov rahbarligida tuzilgan komissiya aʼzolariga qatagʻon qurbonlarining KGBning temir sandiqlarida saqlanayotgan “delo”lari bilan tanishish imkoniyati berildi. Ushbu imkoniyatdan samarali foydalangan olim, birinchi navbatda, Choʻlpon haqida oʻnlab “delo”da sochilib yotgan maʼlumotlarni toʻplab, oʻrganib, qiyoslab, yozuvchining Andijon va Toshkent shaharlarida yashayotgan zamondoshlari xotiralarini yozib olib, ijodkor hayotini tiklash harakatida boʻldi. Shunday izlanish­lar natijasida 2003-yili uning “Choʻlpon” biografik romani yaratildi.

    * * *

    Adib ushbu asarida Choʻlponning shoir, yozuvchi, dramaturg, publitsist, tarjimon va milliy istiqlol uchun kurashgan inson sifatidagi obrazini yaratish bilan birga, mashaqqatli hayoti misolida u yashagan tarixiy davrning eng muhim manzaralari va mohiyatini ochib berdi.

    Har bir insonning umri yil fasllaridek mavsumlardan tashkil topgan. Faqat ular yoshlik, yetuklik, moʻysafidlik va keksalik deb ataladi. “Choʻlpon” romani garchand “Uygʻonish”, “Buloqlar”, “Tong sirlari”, “Oydin kechalar” va “Qor qoʻynida lola” deb atalgan besh boʻlimdan iborat boʻlsa-da, ular insonning toʻrt fasldan iborat umrining oʻziga xos xususiyatlarini aks ettirib turadi.

    Romanni oʻqigan har bir kishi inson hayoti va ijodi sahifalarini varaqlagandek boʻladi. N.Karimov maxfiy arxivlar va turli shaharlardagi kutubxonalarda ishlash, shuningdek, Choʻlpon zamondoshlari bilan suhbatlashish jarayonlarida shunday noyob maʼlumotlarni topishga muvaffaq boʻlganki, bu maʼlumotlarsiz Choʻlpon obrazi, uning hayoti tasviri mukammal chiqmagan boʻlardi.

    Suhbat jarayonida Choʻlponning tugʻilgan sanasiga oydinlik kiritilgan yana bir qiziq voqea haqida bilib oldim. Choʻlponning tugʻilgan sanasi 60-70-yillarda ham ilmiy adabiyotlarda 1896, 1897, 1898-yil deb koʻrsatib kelingan.

    Naim aka Choʻlponning singlisi Foiqa aya bilan koʻp bor uchrashgan. Shunday kunlarning birida Foiqa aya akasi haqida quyidagi voqeani soʻzlab bergan: “Andijon zilzilasi boʻlganda akam ayvonda oʻtirgan ekan. Birdan zilzila boshlanganida ayvon tepasidagi yogʻochlar siljib, ulardan biri qochib chiqayotgan akamning peshonasiga tegib gʻurra qilgan. Shu gʻurra keyin ham koʻzga tashlanib turardi. Akam shu vaqtda toʻrt yoshli bola boʻlgan ekan”.

    — Andijon zilzilasining 1902-yilda roʻy berganini eʼtiborga olsak, — deydi akademik, — Choʻlpon 1898-yilda tugʻilgan boʻlib chiqadi. Bu sananing toʻgʻriligini Choʻlpon bilan muchaldosh andijonlik shoir ­Ulfat ham tasdiqlagan.

    “Kecha va kunduz” romanining ikkinchi kitobi haqida ham turli-tuman fikrlar yuradi. Kimdir yozilgan deydi, kimdir ikkinchi kitobning yozilmaganini tasdiqlovchi “dalil”larni keltiradi. Romanning birinchi qismi “Sharq yulduzi” jurnalida bosilayotgan kezlarda esa ikkinchi kitobning qoʻlyozmasi Samarqand qishloqlaridan birida yashayotgan choʻlponxon kishilarning uyidan topildi, degan mish-mish ham tarqalgan.

    Choʻlponning Vahob Rashidov degan yosh zamondoshi esa Naim Karimovga “Kunduz” qismining yozila boshlaganini, hatto Choʻlpon bilan Moskvada yashagan vaqtida adibning ikkinchi kitobdagi ayrim epizodlarni unga oʻqib berganini aytib bergan. “Bu parchalarga qaraganda, — degan u, — Miryoqub Moskvadan Bogʻchasaroyga yoʻl olib, u yerda I.Gasprinskiy bilan tanishadi va uning taʼsirida jadidchilik gʻoyalari bilan shugʻullanadi”.

    Endi aniqki, romanning “Kunduz” deb atalgan qismi yozila boshlangan. Tintuv paytida olib ketilgan ashyolar orasida “tugallanmagan asar” sifatida roʻyxatga kiritilgan qoʻlyozma, N.Karimovning aytishicha, “Kecha va kunduz”ning ikkinchi, tugallanmagan qismidir.

    * * *

    Asarning yaratilishida arxiv hujjatlari bilan birga zamondoshlar xotiralari ham muhim ahamiyatga molik boʻlgan. “Lekin hamma gap shundaki, — deydi Naim aka, — zamondoshlarning xotiralariga ham, arxiv hujjatlariga ham toʻla ishonib boʻlmaydi. Har bir tarixiy fakt va har bir hayotiy voqeani qiyosiy oʻrganib, tarixiy haqiqatga yaqin va mantiqiy asosga ega fakt va voqeadangina foydalanish mumkin”.

    “Choʻlpon” biografik romani osonlik bilan dunyoga kelmagan. Muallif uyqusiz tunlarining tonglarga ulanib ketishi, har bir voqeani diqqat bilan eshitib, oʻrganib chiqishi, sargʻayib ketgan qogʻozlarni soatlab titkilashi, uzoq-yaqin, tanish-notanish insonlarning Choʻlponga aloqador har bir soʻzini hijjalab yozib olishi, eng asosiysi, millati uchun jonini fido qilgan adib asarlarini erinmay har bir soʻzigacha yod olishining oʻzi aslida buyuk bir fidoyilikdir!

    Eng muhimi shundaki, Naim Karimov ilmiy va ­ijodiy hayoti davomida Soʻfizoda, Usmon Nosir, ­Mirtemir, qatagʻon davri boʻronlaridan omon chiqqan Oybek, Hamid Olimjon va Zulfiya toʻgʻrisida ham juda ajoyib va oʻlmas asarlar yozgan va hamon yozishda ­davom etmoqda.

    “Choʻlpon” biografik romanining turk tiliga tarjima qilinishi, bir tomondan, turk xalqida qardosh oʻzbek xalqining Choʻlpondek ulugʻ farzandlari bilan yaqindan tanishish istagi borligini anglatsa, ikkinchi tomondan, turk adabiyotidagi shunday asarlarning oʻzbek tiliga, oʻzbek tilidagi shunday asarlarning esa turk tiliga tarjima qilinishi tarixiy, adabiy va maʼnaviy ildizlari mushtarak ikki xalqning yana-da yaqinlashishida muhim omil boʻladi, deb umid qilamiz.

    * * *

    Hajman kattagina, yaʼni 498 betlik asarni turk tiliga tarjima qilgan Shoyip Qoraqosh oʻzbek adabiyotining Turkiyadagi eng yaqin doʻstlaridan biridir.

    Naim Karimov bilan boʻlib oʻtgan suhbatimizda yana shunga amin boʻldimki, bu tinib-tinchimas fidoyi inson yurtimizda boʻlayotgan har bir voqea-hodisaga shunchaki qaramaydi, shunchaki eshitmaydi.

    — Darvoqe, oʻtgan yil sentyabr-oktyabr oylarida Anqarada boʻlib oʻtgan yigʻinlarda oʻzbek va turk xalqlari oʻrtasidagi doʻstona aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qiluvchi yana bir necha masala muhokama qilingan, sizning ulardan xabaringiz bor-a? — deya menga savol berdi-da, javobimni ham kutmay, barmogʻini bukib, birma-bir sanay boshladi Naim aka:

    birinchidan, Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston” (ishchi nomi) degan kitobni nashrga tayyorlamoqda. Undan jadid maʼrifatparvarlarning hayoti, faoliyati va adabiy merosiga oid maqola va materiallar oʻrin oladi. Ikkinchidan, Turkiyaning Karabuyuk universitetida har yili chop etiladigan toʻplamning Oʻzbekistonga bagʻishlangan soni nashrga tayyorlanadi. Kitobning Turkiyadagi arxiv va kutubxonalarga tarqatilishiga qaraganda, undan Turkiya uchun ham noyob va qimmatbaho materiallar oʻrin oladi. Bu xayrli rejalarning amalga oshishi hech kimda aslo shubha uygʻotmaydi...

    Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Turkiyada Choʻlpon shaxsiga boʻlgan qiziqish, shuningdek, “Choʻlpon” romanining turk tiliga tarjima qilinishi turk adabiy ­hayotida Oʻzbekistonga, oʻzbek adabiyotiga qiziqish katta ekanidan dalolatdir va bu ikki qardosh xalq adabiyotlarini yana-da yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri