Chortoqda Yunon gʻozlarini parvarishlashga moʻljallangan parrandachilik fabrikasi barpo etilmoqda

    Biznes 7 Iyul 2020 2662

    Qishloq xoʻjaligida parrandachilik yetakchi tarmoqlardan biri sanaladi. Xalqona aytganda, parranda yetti xazinaning biri.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-noyabrdagi “Parrandachilikni yana-da rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori parrandachilik sohasida asosan tovuq yetishtirish bilan cheklanib qolmasdan kurka, bedana, gʻoz, oʻrdak, tuyaqush, kaklik kabi parrandaning boshqa turlarini parvarishlashni ommalashtirish, bu borada yetakchi xorijiy hamkorlar bilan yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻyish uchun keng yoʻl ochdi.

    Chortoqlik yosh izlanuvchan tadbirkor Jahongir Abdurahmonov bu imkoniyatdan unumli foydalangan holda Turkiya tajribasi bilan qiziqdi. Qardosh davlatda boʻlib, Yunon gʻozlarini parvarishlash, parrandaning bu turini koʻpaytirishni oʻrganib qaytdi.

    Tovuqni har qanday sharoitda boqish mumkin. Gʻoz esa mavsumga qarab boqiladi. Buning uchun albatta suv havzalari kerak boʻladi. Jahongirning biznes rejasi Chortoq tuman hokimligi tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, yarim gektar yer maydoni ajratib berildi. Tadbirkor bu yerda 5000 bosh gʻoz parrandasi boqishga moʻljallangan majmua qurishga kirishdi. Buning uchun u oʻz sarmoyasidan tashqari bank krediti mablagʻlarini ham yoʻnaltiradi.

    Turkiyadan keltirilgan gʻozlarni chatishtirish orqali koʻpaytiriladigan yangi naslli gʻozlardan asosan goʻsht, tuxum va pat olinadi. Bitta gʻozdan bir oyda oʻrtacha 20 dona tuxum, 600 gramm pat olish mumkin. Kelgusida parhezbop gʻoz goʻshtlari yarim kilodan bir kilogrammgacha boʻlgan qadoqlarda ichki bozorga arzon narxlarda yetkazib beriladi.

    Eng asosiysi, Jahongir asos solgan “Baxtli oila” parrandachilik fabrikasi faoliyat boshlashi bilan mahalliy yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratiladi.