Dunyo iqtisodiy forumi, Marsh & McLennan xalqaro sugʻurta kompaniyalari va Zurich Insurance Group 347 dunyoning yetakchi mutaxassislari orasida koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq eng katta xavflar va ularning keyingi bir yarim yil ichida paydo boʻlishi ehtimoli toʻgʻrisida soʻrov oʻtkazdilar, deya xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (ISMI) maʼlumotlariga tayangan holda.

Aksariyat ekspertlarning fikriga koʻra, iqtisodiy, ijtimoiy, geosiyosiy va texnologik xatarlar koʻplab mamlakatlarning ahvoli va turmush darajasiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Jamiyat uchun eng katta xavf bu- iqtisodiy zarar, chunki millionlab odamlar ishlaridan ajralib, uyda qolishga majbur boʻlishdi.

Xususan, butun dunyo boʻylab ish joylarining ommaviy qisqarishi fonida ekspertlarning 69 foizi uzoq vaqt davom etadigan global pasayishni bashorat qilmoqda.

Shu bilan birga, ekspertlar global iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgarishlarni tezlashtirish ehtimoli katta ekanini taʼkidlamoqda. Bu uzoq davom etadigan oqibatlarga olib keladi. Xalqaro tashkilotlar va rivojlangan mamlakatlarning kreditlari va zayomlarini oladigan koʻplab rivojlanayotgan mamlakatlar uchun qarzlarning oshishi katta xatarlar qatoriga kiradi.

Mamlakatlarning global infeksiya tarqalishini yumshatishga urinishlariga qaramay, tahlilchilar karantin bekor qilinganidan keyin ham koronavirus yuqish xavfi boʻlishini taʼkidlashmoqda.

Bundan tashqari, ekspertlarning 21 foizi ijtimoiy tengsizlik kuchayib borayotganini aytishmoqda. Natijada fuqarolarning 18 foizida hukumatga boʻlgan ishonch susayishi mumkin.

Soʻralganlarning 49 foizi global inqiroz sharoitida savdo va tovarlar, xizmatlar harakati cheklovlari kuchayib borishiga ishonadi. Bu muammo koronavirus pandemiyasidan oldin ham paydo boʻlgan. Shu munosabat bilan tahlilchilarning fikriga koʻra, bu yil jahon savdosi 13-32 foizga pasayishi ehtimoldan xoli emas. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar esa yana 30-40 foizga qisqarishi mumkin. Shuningdek, global kuchlar, xususan, Xitoy va AQSH oʻrtasidagi qarama-qarshilikning kuchayishi ham qayd etilgan.

Umuman olganda, mutaxassislar koronavirus pandemiyasining salbiy iqtisodiy, ijtimoiy va geosiyosiy oqibatlari uzoq muddatli ekaniga qoʻshiladilar. Shu bilan birga mutaxassislar orasida eng katta tashvish dunyoning tanazzuli, koʻplab korxonalarning bankrotligi va ishsizlikning oshib borishi bilan bogʻliq.