Keyingi yillarda fuqarolar mehnat huquqini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar maqsadi mehnat orqali farovonlikni oshirishdir. Mehnat sharoitlarini yaratish va yaxshilash bilan birga, fuqarolar salomatligini tiklashi, dam olishi, oilasi davrasida yaqinlari va farzandlari bilan koʻproq vaqt oʻtkazishi masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu ishlar zamirida insonni qadrlash, uning orzu-istaklarini hurmat qilishdek ezgu maqsad mujassam, albatta.

Darhaqiqat, inson mehnat qilar ekan, ham maʼnan, ham jismonan hordiq olishga ehtiyoj sezadi. Mehnat qonunchiligida har bir shaxs dam olish huquqiga egaligi, mehnat shartnomasi boʻyicha ishlovchining qonunda belgilangan ish vaqti davomiyligi, dam olish va bayram kunlari, haq toʻlanadigan hal yilgi taʼtil kafolatlanishi belgilab qoʻyilgan.

Yillik, haftalik faoliyati davomida har bir ishchi-xodim dam olish huquqidan foydalanadi. Bu, albatta, uning kelgusida yanada samarali mehnat qilishi, ishida unum boʻlishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, fuqaro dam olish kunlari oilasiga ham vaqt ajratadi. Farzandlarining hol-ahvoli, oʻy-fikrlari bilan qiziqadi, rejalari bilan oʻrtoqlashadi. Ishlaydigan yigit-qizlar dam olish vaqtida qoʻshimcha foydali mashgʻulotlar bilan shugʻullanishga imkon topadi. Chet tillarni oʻrganish deysizmi, kitob mutolaasi, doʻstlar davrasida yangi marralar, gʻoyalar haqida suhbatlashadi.

Ana shu asoslarga koʻra, har bir shaxsning dam olish huquqini Bosh qonunda ham mustahkamlash taklifini bildirmoqchiman.

Amaldagi Konstitutsiyamizning ikkinchi boʻlimi inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga bagʻishlangan. Unda fuqarolik, shaxsiy huquq va erkinliklar, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar belgilab berilgan. Xususan, 38-moddada yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga egaligi, ish vaqti va haq toʻlanadigan mehnat taʼtilining muddati qonun bilan belgilanishi koʻrsatib oʻtilgan.

Taklifim – mehnat huquqi tegishli qonunga havola qilinibgina qolmay, Konstitutsiyaning oʻzida belgilansin. Inson shaxsiy huquqlari kafolatlari qatorida mehnat va dam olish huquqi ham koʻrsatib oʻtilsa, inson qadrini ulugʻlash yoʻnalishidagi islohotlar mazmuniga mos boʻlardi, deb oʻylayman.

Ayrim hollarda nodavlat tashkilotlar, shaxsiy korxona va firmalarda ishchilarning dam olish kunlarisiz yoki yil davomida dam olish taʼtilisiz ishlash holatlari kuzatiladi. Bu insonning mehnat huquqlari poymol etilishidir. Dam olish huquqi tartiblari asosiy qonunda belgilansa, mana shu masalalalarga qatʼiy rioya etiladi, inson huquqlari kafolatlanadi.

Ulugʻbek VAFOYEV,

Oʻzbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari,

Qonunchilik palatasi deputati