Dunyoda jinoyatlarni tez va toʻliq ochish, jinoyat sodir etgan har bir shaxsni fosh etish, jabrlanuvchiga yetkazilgan mulkiy zararni qoplash, aybsiz insonning jinoiy javobgarlikka tortilmasligi va reabilitatsiya qilinishida jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad etish va jinoyat ishini tugatish institutlari muhim rol oʻynaydi. Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida jabrlanuvchining huquqlarini himoya qilishning xalqaro standartlarga mos huquqiy mexanizmlari oʻrnatilgan. Biroq, mazkur Kodeksda belgilangan jabrlanuvchining jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad etish va jinoyat ishini tugatish masalalari yuzasidan shikoyat qilish huquqi uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini yetarli darajada himoya qilmaydi.

Xususan, JPK 333-moddasiga koʻra, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisida qaror chiqarilganda, jinoyat sodir etilganligi toʻgʻrisida xabar bergan fuqaro, korxona, muassasa, tashkilot, jamoat birlashmasi yoki mansabdor shaxs bu haqda xabardor qilinadi. Bunda ularga qaror ustidan shikoyat qilish huquqi va tartibi tushuntiriladi. JPK 338-moddasiga koʻra, shaxslar tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining ish qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan prokurorga, prokurorning ish qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan yuqori turuvchi prokurorga shikoyat qilishi mumkin.

Bundan tashqari, mazkur Kodeksda dastlabki tergov jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror chiqarish bilan yakunlanishi mumkinligi belgilangan boʻlib, ushbu Kodeksning 374-moddasiga koʻra, tergovchi ishni tugatish toʻgʻrisida qaror chiqargach, bu haqda gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, himoyachiga, shuningdek jabrlanuvchiga, fuqaroviy daʼvogarga, fuqaroviy javobgarga va ularning vakillariga, xuddi shuningdek ish korxona, muassasa, tashkilot yoki fuqaroning bergan xabari bilan qoʻzgʻatilgan boʻlsa, shu korxona, muassasa, tashkilot vakiliga yoxud fuqaroga xabar qiladi. Ayni vaqtda ularga ishni tugatish toʻgʻrisidagi qaror ustidan prokurorga shikoyat qilish huquqiga ega ekanliklari tushuntiriladi.

Mazkur qoidalar jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish va jinoyat ishini tugatish masalasi yuzasidan berilgan shikoyatni koʻrib chiqish faqat prokuror vakolatiga kirishini anglatmoqda.

JPK 337-moddasida jinoyat ishini qoʻzgʻatishning qonuniyligi ustidan prokuror nazoratining mavjudligi belgilangan boʻlib, prokuror jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilishga va ish qoʻzgʻatishni rad qilishga, jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilishga va ayni vaqtda ish qoʻzgʻatishga haqlidir.

Shuningdek, JPKning 358-moddasiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, tergovchining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat tergov boʻlinmasi boshligʻiga va ishni tergov qilishda qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat olib borayotgan prokurorga, prokurorning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat esa yuqori turuvchi prokurorga berilishi nazarda tutilgan.

Yuqorida keltirilgan normalardan koʻrinib turibdiki, prokuror jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad etish va jinoyat ishini tugatish yuzasidan yuqori vakolatga ega shaxs hisoblanib, prokurorning qarorlari ustidan faqat yuqori turuvchi prokurorga shikoyat qilish mumkin. Yaʼni, boshqa organlar prokuraturaning jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad etish va jinoyat ishini tugatish masalasini hal etishiga aralashish vakolatiga ega emas.

Biroq, qonunchilikda oʻrnatilgan mazkur tartib, yaʼni jinoyat ishini qoʻzgʻatish va tugatish masalalarini faqat bir organ doirasida hal etilishi prokuratura organlarining dastlabki tergov faoliyatida korrupsiyaga oid hatti-harakatlar sodir etilishiga imkoniyat yaratishi mumkin. Jumladan, tergovchi tomonidan amalda sodir etilgan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni noqonuniy rad etish, jinoyat ishni noqonuniy tugatish, jabrlanuvchi keltirgan dalillarni ishga qoʻshib qoʻyishni rad etish va boshqa qonun buzilish holatlari yuz berishi mumkin. Bunday hollarda, jabrlanuvchi tergovchining hatti-harakatlari ustidan JPKning 338 va 374-moddalariga koʻra, faqat prokurorga shikoyat qilishi mumkin. Prokuror arizani qanoatlantirishsiz qoldirgach, jabrlanuvchi prokurorning ushbu qarori ustidan yuqori turuvchi prokurorga murojaat qilishi mumkin boʻladi. Agar yuqori turuvchi prokuror ham jabrlanuvchining shikoyatini asossiz deb topsa, jinoyat ishi qoʻzgʻatilmaydi yoki jinoyat ishi rasman tugatiladi.

Ushbu vaziyatda prokurorning jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad etish yoki jinoyat ishini tugatish masalasi yuzasidan qaror qabul qilishida mazkur masalaga adolatli va qonuniy yondashishiga majburlaydigan ishonchli mexanizm mavjud emas degan xulosaga kelish mumkin. Shuningdek, yuqoridagi masalalar yuzasidan shikoyatlarni koʻrib chiqishda faqat prokurorning vakolatli ekanligi dastlabki tergovni yuritishda obyektivlik va shaffoflikni taʼminlay olmaydi.

Bu borada Rossiya, Qozogʻiston, Janubiy Koreya tajribasi shuni koʻrsatadiki, jinoyat ishlari boʻyicha birinchi instansiya sudi jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad etish yoki jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi qarorning asosli ekanligi masalasini koʻrib chiqib, hal qiladigan mustaqil organ hisoblanadi.

Maʼlumot uchun: quyidagi xorijiy davlatlar qonunchiligida dastlabki tergov yuzasidan sudga murojaat qilish instituti joriy etilgan:

Rossiya Federatsiyasi Jinoyat protsessual kodeksi 125-moddasiga koʻra, tuman sudlari vakolatli organlarning jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish, jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqadi. Sud shikoyatni 5 kun muddat ichida koʻrib chiqadi. Sud chiqarilgan protsessual qarorlarning qonuniy va asosli ekanligini tekshiradi.

Qozogʻiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksi 106-moddasiga koʻra, shaxslar jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish, jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi tegishli organlarning qarorlari ustidan sudga shikoyat qilishlari mumkin.

Germaniya Jinoyat-protsessual kodeksi 171-moddasiga koʻra, davlat prokuraturasi jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilganda, manfaatdor shaxslarni bu haqda ogohlantiradi. Jarblanuvchi 2 haftalik muddat ichida davlat prokuraturasining yuqori turuvchi organiga qaror ustidan shikoyat qilishi mumkin. Ushbu moddaning ikkinchi qismiga koʻra, shikoyat yuqori turuvchi organ tomonidan koʻrmasdan qoldirilganda, arizachi ushbu organ qarori ustidan sudga murojaat qilishi mumkin.

Janubiy Koreya Jinoyat-protsessual Qonuni 260-moddasi birinchi qismiga koʻra, jinoyat sodir etilganligi boʻyicha shikoyat qilgan shaxs davlat prokurori tomonidan tergovni tugatish toʻgʻrisida ogohlantirishni qabul qilganda, davlat prokurorining ushbu qarori qonuniyligini aniqlash uchun Yuqori sudga (High Court) shikoyat qilishi mumkin.

Shuni qayd etish lozimki, “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunda fuqarolarning, shu jumladan jinoyat protsessi doirasida sudga murojaat qilish huquqi rasman mustahkamlangan. Lekin yuqoridagilardan maʼlum boʻldiki, jinoyat-protsessual qonunchiligimizda prokurorning qarorlari yuzasidan sudga shikoyat qilish tartibi belgilanmagan. Amaldagi qonunchilikka koʻra, sud faqat prokurorning amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish haqidagi iltimosnomasinigina koʻrib chiqish vakolatiga ega.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 44-moddasida mustahkamlab quyilgan, har bir shaxsning davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga tayangan holda, jinoyat-protsessual qonunchilikdagi jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish va jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqishda obyektivlikni taʼminlash va korrupsiya holatlarini oldini olish maqsadida jinoyat ishlari boʻyicha birinchi instansiya sudiga jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish hamda jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqish vakolatini berish taklif etiladi.

Jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish va jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi qarorlar yuzasidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqish vakolatini sudlarga berilishi dastlabki tergov jarayonida quyidagi oʻzgarishlarga olib kelishi mumkin:

Birinchidan, jabrlanuvchida jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad qilish yoki jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan prokuratura organidan tashqari boshqa vakolatli davlat organiga murojaat qilish imkoniyati paydo boʻladi.

Ikkinchidan, dastlabki tergov faoliyati bilan bogʻliq masalalar faqat bir organ tomonidan hal etilish amaliyoti tugatiladi. Prokurorning ushbu masaladagi qarorlarining asosli va qonuniy ekanligi sud hokimiyati tomonidan tekshiriladi.

Uchinchidan, sudlar prokuratura organlarining dastlabki tergov bogʻliq faoliyatini nazorat qilish imkoniyatiga ega boʻladi.

Toʻrtinchidan, jinoyat ishlarining qonuniy va adolatli koʻrib chiqilishi taʼminlanadi.

Koʻrinib turibdiki, tergovchi yoki prokuror qarorining asosli va qonuniyligi yuzasidan berilgan shikoyatlarning jinoyat ishlari boʻyicha birinchi instansiya sudlari tomonidan koʻrib chiqilishi amaliyotini joriy etish nafaqat jinoyat protsessida jabrlanuvchi huquqlarining taʼminlanishiga xizmat qiladi, balki dastlabki tergovning qonuniy oʻtkazilishiga imkon yaratadi.

Yuqoridagilarga koʻra, shuni qayd etish joizki, jabrlanuvchining sudga shikoyat qilish amaliyotining joriy etilishi dastlabki tergov organlarida yuz berishi mumkin boʻlgan korrupsiya holatlarini oldini olishga, jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish hamda jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi qarorlarning asosli va adolatli boʻlishini hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilishini taʼminlaydi.

Otabek TOSHEV,

Zafar ERGASHEV,

Adliya vazirligi huzuridagi

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti

maʼsul xodimlari