Jumladan, 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Recpublikasi Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonunda davlat ramzidan foydalanish shart boʻlgan barcha holatlar sanab oʻtilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining barcha qarorgohlari, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi palatalari, respublika davlat boshqaruvi organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Markaziy bank, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi, Joʻqorgʻi Kenges va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, joylardagi davlat hokimiyati organlari, sud va prokuratura organlari binolarida davlat bayrogʻi doimiy ravishda koʻtariladi.
Davlat bayrogʻiga nisbatan qanday xatti-harakatlar man etilgan?
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 2031- moddasiga muvofiq, Davlat bayrogʻi toʻgʻrisidagi Qonunni buzganlik uchun fuqarolarning bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan (669 000 soʻm) yetti baravarigacha (1 561 000 soʻm), mansabdor shaxslar uchun esa bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravarigacha (1 561 000 soʻm) jarimaga tortilishiga sabab boʻlishi belgilangan. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil ichida takror sodir etilsa, fuqarolar bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha (1 115 000 soʻm), mansabdor shaxslar esa bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn baravarigacha (2 230 000 soʻm) miqdorda jarimaga tortiladi. Jinoyat kodeksining 215- moddasiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatsizlik qilish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Hurmatsizlik qilish deganda, davlat ramzini qasddan yoqib yuborish, yoʻq qilish, unga shikast yetkazish, axloqsizlik namoyish etish nazarda tutiladi. Biroq davlat ramzidan fuqarolarning ixtiyoriy foydalanishi, ish yoki yashash joyida joylashtirishi bilan bogʻliq holatga oydinlik kiritilmagan, bu davlat ramziga nisbatan ochiq-oydin hurmatsizlik deb baholanmaydimi? Xususan, shunday savollar paydo boʻladi:
- Davlat bayrogʻini u yerda istiqomat qilayotgan jismoniy shaxslarning istagi bilan uyning oynasi yoki tomiga yohud xususiy sektorga tegishli binolar (mehmonxona, zavod va h.k.) ga oʻrnatish mumkinmi?
— Xususiy transport vositalariga Davlat bayrogʻini oʻrnatishga ruxsat beriladimi?
— Davlat ramzlarining rasmidan sport va kundalik kiyimda foydalanish mumkinmi?
— Suvenir va boshqa sovgʻabop mahsulotlar, kanselyariya mollari va boshqa moddiy obyektlarda bayroqning aks etishi Qonunni buzish sanaladimi?
Oʻzbekiston qonunchiligida mazkur savollarga aniq javob yoʻq. “Davlat ramzlari” va “davlat ramzlarini aks ettirish” tushunchalari va ularning qaysi vaziyatlarga nisbatan qoʻllanilishi farqlanmagan. Davlat bayrogʻini aks ettiruvchi belgilar predmetlarda ularning Oʻzbekiston Respublikasiga mansubligini koʻrsatish, taʼlim-tarbiya jarayonida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi mukofotlari sifatida ishlatilishi belgilab berilgan, xolos. Davlat bayrogʻi elementlaridan hujjatlar rekviziti hamda nodavlat tashkilotlarning reklama materiallarida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻini aks ettiruvchi belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmat)ni ilgari surishda tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.
Jahon tajribasi nima deydi?
AQSHda davlat ramzlaridan tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin, ammo bunda bir qator cheklovlarga rioya qilinadi. Misol uchun, Davlat bayrogʻini kiyim qilib qiyish, choyshab qilish, sport formasiga tikib olish mumkin emas, fabrikada ishlab chiqarilgan mahsulotlar bundan mustasno. Bayroqdan reklama va mahsulotlarni bozorda targʻib qilishda foydalanish, salfetka va boshqa bir martalik buyumlarda uning rasmini bosish man etiladi.
AQSHning oʻziga xos Bayroq kodeksi AQSH Davlat bayrogʻiga munosabat va uni oʻrnatish qoidalarini belgilaydi. Federal qonunchilikda bayroqdan notoʻgʻri foydalanganlik uchun hech qanday jazo nazarda tutilmagan. Hatto, bayroqqa qasddan hurmatsizlik qilish (jumladan, yoqib yuborish ham), 1990-yildagi Oliy Sud qaroriga muvofiq AQSH Konstitutsiyasiga Birinchi oʻzgartirishda kafolatlangan soʻz erkinligining namoyon boʻlish shakllaridan biri sifatida qabul qilinadi. Aksariyat hollarda davlat ramzlaridan turli suvenirlar — futbolkalar, sport kiyimlari, koʻylaklarda foydalaniladi.
Germaniyada ikkita davlat ramzi — federal bayroq va gerb bor. Bayroq ranglari va gerb aks etmagan bayroqdan har kim istagan maqsadida foydalanishi mumkin. Marka belgilari toʻgʻrisidagi Qonunga muvofiq, bayroq ranglaridan tovar va mahsulotlarni belgilashda ruxsat etiladi, ammo shu maqsadda oddiy bayroq (gerb rasmisiz)dan foydalanish mumkin emas. Gerbli federal bayroqdan esa faqat rasmiy davlat organlarigina foydalanadi.
2008-yilda Rossiyada fuqarolar va tashkilotlarga kundalik hayotda bayroqdan hurmat doirasida erkin foydalanishga ruxsat etildi. Rossiyaliklar hech qanday toʻsiqlarsiz davlat bayrogʻini uylar, shaxsiy avtomobillar, ofislarida oʻrnatish, oʻzlari bilan ommaviy tadbirlarga olib kelish huquqiga ega boʻldi. Bu huquq nafaqat bayram sanalarda, balki istalgan kuni amal qiladi. Shu tariqa kishilar oʻzlarining fuqarolik mansubliliklarini, vatanparvarlik tuygʻulari va Vatanga muhabbatlarini izhor etadilar.
Yechim qanday?
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda Davlat bayrogʻini ommaviylashtirish tendensiyasi paydo boʻldi. Masalan, Toshkent, Sirdaryo, Buxoro va boshqa qator hududlarda Oʻzbekiston bayrogʻi hilpirab turgan flagshtoklar oʻrnatildi. Xorazm viloyatining Urganch shahrida oʻrnatilgan flagshtok esa dunyoning eng baland flagshtoklar yigirmataligiga kiradi. Bayram sayllari va muhim ommaviy tadbirlarda qoʻllarida bayroq tutib olgan hamyurtlarimizni tobora koʻp uchratish mumkin. Ammo qonunchilikdagi baʼzi noaniqliklar davlat ramzlari, xususan, davlat bayrogʻidan keng foydalanish imkoniyatini cheklayapti, deyish mumkin. Shu sababli, “Yuksalish” umummilliy harakati Davlat bayrogʻi toʻgʻrisidagi amaldagi qonunchilikka qoʻshimchalar kiritishni taklif etadi.
Birinchidan, davlat ramzidan foydalanish va uni aks ettirish mumkin boʻlgan holatlarni konkretlashtirish.
Ikkinchidan, davlat ramzlariga nisbatan hurmatsizlik deb baholanadigan holatlarni aniqlashtirish.
Uchinchidan, Davlat bayrogʻi va uning aksidan fuqarolar, tashkilotlar, muassasalar va korxonalar tomonidan norasmiy foydalanish holatlariga, shuningdek, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar bayroqni tashkilotlar, uylar binolariga, shaxsiy transport vositalariga oʻrnatish va boshqalarga qonuniy ruxsat berish.
Ayni damda Davlat bayrogʻidan turli darajada va formatda oʻtayotgan tadbirlarda, jumladan sport tadbirlarida foydalaniladi, u aks ettirilgan sport kiyimi va boshqa buyumlar ishlab chiqarilyapti, bu esa noqonuniydir. Bunga qonuniy ruxsat berish afzalroq emasmi?
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.