Davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarini egallash uchun tashkil etilayotgan tanlovlarning test bosqichi savollari yangilandi

    Dolzarb 15 Noyabr 2023 2085

    Endilikda nomzodlar tomonidan test sinovi jarayonida 56 ball toʻplangan taqdirda, ular 3 oy davomida tanlovlarning test sinovi bosqichida ishtirok etishlari shart boʻlmaydi.

    Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan hamkorlikda tajribali ekspertlarni jalb qilgan holda ochiq tanlovlar jarayonida nomzodlarning bilimini sinovdan oʻtkazish boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari uchun moʻljallangan yagona “Davlat fuqarolik xizmatchisi” test savollari toʻplami ishlab chiqildi.

    Test savollari toʻplami quyidagi yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi:

    — milliy qonunchilik;

    — davlat tili;

    — axborot kommunikatsiya texnologiyalari;

    — mantiq, yaʼni IQ.

    Test sinovi davomida nomzodga yuqoridagi har bir yoʻnalish boʻyicha 10 tadan jami 40 ta savol havola etiladi hamda javoblarni belgilash uchun 60 daqiqa vaqt beriladi(avvalgi tartibga koʻra 40 ta savolga 50 daqiqa vaqt ajratilgan).

    Savollar toʻplami 2 ta vazirlik va 2 ta hokimlik tizimida aprobatsiyadan oʻtkazilgan boʻlib, tashkilotlarning inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boʻlinmalari rahbarlari, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilari va nomzodlarning takliflari asosida yanada takomillashtirildi.

    Testlar toʻplamidagi savollar bosqichma-bosqich Davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz platformasiga joylashtirib boriladi. Tyestlar toʻplamidagi savollar tarkibi muntazam ravishda yangilab boriladi.

    Shuningdek, joriy yilning 1-dekabridan boshlab, tanlovlarning test sinovi bosqichiga yagona oʻtish balli belgilanadi.

    Bunda nomzod tomonidan 56 ball toʻplangan taqdirda avtomatik ravishda uning portaldagi shaxsiy kabinetiga tanlovning suhbat bosqichiga oʻtganligi haqidagi xabar keladi.

    Yana bir muhim yangilik. Endilikda nomzodlar tomonidan test sinovi jarayonida 56 ball toʻplangan taqdirda, ular 3 oy davomida tanlovlarning test sinovi bosqichida ishtirok etishlari shart boʻlmaydi.

    Yaʼni 1-dekabr kuni test sinoviga kirib, 56 ball toʻplagan nomzod 3 oy davomida shu ball bilan boshqa vakant lavozimlar uchun tanlovlarda ishtirok etishi mumkin.

    Bunda nomzod hujjatlari malaka talablariga javob bergan taqdirda avtomatik suhbat bosqichiga oʻtganligi yuzasidan xabar oladi. 55 ballgacha toʻplagan nomzod oʻrnatilgan tartibda test sinovida qatnashishi shart boʻladi.