Oʻzbekistonda 6 oy davomida koʻrsatilgan xizmatlar hajmi 268,1 trillion soʻmni tashkil etdi

    Respublika va viloyat boʻysunuvidagi 32 ta shahar mavjud boʻlib, ularda respublika doimiy aholisining qariyb 24 foizi istiqomat qiladi. Shunga qaramay, mamlakat boʻyicha koʻrsatilgan jami xizmatlarning deyarli 64 foizi ushbu shaharlarning hissasiga toʻgʻri keladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tahliliga koʻra, taʼlim yoʻnalishida xizmat koʻrsatish boʻyicha Buxoro, Shahrisabz va Namangan, sogʻliqni saqlash sohasida Yangiyer, Nurafshon va Guliston, yashash va ovqatlanish boʻyicha Nurafshon, Ohangaron va Navoiy, savdo boʻyicha Bekobod, Yangiyoʻl va Quvasoy, transport boʻyicha Kogon, Yangiyer va Xonobod, kompyuter va maishiy tovarlarni taʼmirlashda Quvasoy, Shahrisabz va Margʻilon, aloqa va axborotlashtirish sohasida Toshkent, Guliston va Gʻozgʻon shaharlarining ixtisoslashuv darajasi eng yuqori ekanini koʻrsatgan.

    MHTI loyiha rahbari Suhrob Mahmudov qayd etganidek, mamlakatimizda joriy yilning 6 oyida koʻrsatilgan xizmatlar hajmi 268,1 trillion soʻmni tashkil etib, oʻsish surʼati oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan 112,9 foizni tashkil etdi.

    – Bunda respublika va viloyat boʻysunuvidagi (32 ta) shahar jami koʻrsatilgan xizmatlarning 63,6 foizini taʼminlagan. Ushbu shaharlarda koʻrsatilgan xizmatlarning 67,1 foizi Toshkent shahrining hissasiga toʻgʻri keladi. 2024-yilning 1-yarmida aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan xizmatlar hajmi Toshkent, Urganch va Navoiy shaharlarida eng yuqori qiymatlarni tashkil etgan boʻlsa, Gʻozgʻon, Shirin va Quvasoy shaharlari oxirgi oʻrinlardan joy oldi. Taʼkidlash joizki, Toshkentning xizmatlar sohasidagi ulushi yildan yilga ortib bormoqda. Mamlakatda koʻrsatilgan xizmatlar hajmida poytaxtning ulushi 2019-yildagi 33,9 foizdan 2023-yilda 41,1 foizga yetgan. Tahlil davrida Toshkent shahrida 114,4 trillion soʻmlik xizmatlar koʻrsatildi. Bu respublika boʻyicha koʻrsatilgan jami xizmatlarning 42,7 foizini tashkil etadi. Xizmat turlari kesimida tahlil qilganimizda, respublika va viloyat boʻysunuvidagi shaharlar ulushi transport sohasida 33, savdoda 57,4, aloqa va axborotlashtirishda 78,8, taʼlimda 82,7, sogʻliqni saqlash sohasida 72,9, yashash va ovqatlanish boʻyicha xizmatlarda 77,4 hamda kompyuter va maishiy tovarlarni taʼmirlashda 38,0 foizni tashkil etadi, – dedi S.Mahmudov.

    Bu jarayon infratuzilma va kommunikatsiyadagi nisbiy afzalliklar korxonalar va aholining markazga intilishiga sabab boʻladi. Natijada shaharlarda taʼlim, aloqa va axborotlashtirish, sogʻliqni saqlash kabi xizmatlar markazlashib boradi. Shaharlarda xizmatlar sohasi iqtisodiyotning ustuvor tarmogʻi ekani inobatga olinsa, ularda zamonaviy bozor xizmatlari, axborot texnologiyalari (IT), taʼlim, tibbiyot, yuridik, sanʼat, turizm, mehmonxona va umumiy ovqatlanish hamda transport xizmatlarini rivojlantirish “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida maqsad qilingan urbanizatsiya darajasini 51 foizdan 60 foizga oshirishga xizmat qiladi.