Davlat fuqarolik xizmatchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlamagan masʼullarga chora koʻrildi

    Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan 2024-yilning 9 oyida davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi bilan bogʻliq oʻrganishlar oʻtkazildi va qator taʼsir choralari qoʻllanildi.

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda maʼlum qilindi.

    Tahlillarga koʻra, oʻrganishlar davomida:

    • 788 ta holatda tanlov oʻtkazish tartibiga amal qilinmagan, 272 nafar fuqaro davlat fuqarolik xizmati lavozimlariga tanlovsiz ishga qabul qilingan hamda 7 ta holatda kadrlar boʻyicha rahbarlik lavozimiga nomzod Agentlik bilan kelishmasdan tayinlangan;
    • 644 nafar davlat fuqarolik xizmatchisining mehnatiga haq toʻlashda ularning huquqlari buzilgan;
    • 167 nafar davlat fuqarolik xizmatchisiga mehnat taʼtillarini berishda, 96 nafariga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllashda, 4 nafar xodimni ishdan boʻshatishda qonunchilik talablariga amal qilinmagan;
    • 1438 ta holatda inson resurslarini boshqarishga oid maʼlumotlar va hujjatlar hrm.argos.uz elektron platformasi orqali shakllantirilmagan.

    Oʻrganishlar yuzasidan:

    • 178 ta taqdimnoma kiritilgan;
    • 236 ta maʼmuriy taklif berilgan;
    • 510 ta yozma ogohlantirish xatlari yuborilgan.

    Koʻrilgan taʼsir choralar natijasida:

    • 87 nafar davlat fuqarolik xizmatchisining mehnatiga haq toʻlashda ularning buzilgan huquqlari tiklangan;
    • 81 ta noqonuniy qabul qilingan buyruq bekor qilingan,
    • 21 ta holatda Tanlov komissiyasining xulosasi bekor qilingan va tanlov qayta oʻtkazilgan.

    Faoliyatida kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 101 nafar aybdor shaxsga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan, shundan 14 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining hududiy bosh boshqarmalari bilan hamkorlikda 186 nafar aybdor shaxsga nisbatan 340 million 800 ming soʻm (340,8 mln soʻm) maʼmuriy jarimalar qoʻllanilgan.

    Jarayon davom etmoqda.