Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining maʼlum qilishicha, 2023-yilning 1-dekabridan test sinovi bosqichida 56 va undan yuqori ball toʻplagan nomzodlarning natijalari 3 oy davomida tizimda saqlanib, boshqa vakant oʻrin uchun tanlovlarda qatnashib, malaka talabiga toʻgʻri kelgan taqdirda, ushbu bosqichdan avtomatik oʻtishi belgilangan edi. Mazkur tartib orqali nomzodlarning ortiqcha ovoragarchiligiga chek qoʻyilib, test sinoviga keluvchilarning soni 4 baravarga qisqarishi tahlil qilingan edi.
Maʼlum qilinishicha, aksariyat nomzodlar 56 ballni qoʻlga kiritish uchun bir nechta, hattoki 40-50 tagacha lavozimga ariza yuborib, bir kunda 5-10 marotabagacha test sinovida qatnashmoqda. Bu esa — tanlov tizimidagi adolat mezonlariga zid holat.
Joriy yilning 4-martidan boshlab maxsus vakolatli organ tomonidan tanlov tizimiga oʻzgartirish kiritilib, endilikda nomzodlar vakant oʻrinni egallash uchun bir vaqtning oʻzida 5 tagacha lavozimga ariza yoʻllashlari mumkin boʻladi.
Bunda nomzodning vakant lavozimga yoʻllagan arizalaridan biri asosli ravishda tashkilot yoki nomzodning oʻzi tomonidan rad etilgan taqdirda, boshqa vakansiya uchun tanlovga hujjat yuborish imkoniyatiga ega boʻladi.