Mamlakatimizda qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish eng asosiy masala hisoblanib, oxirgi yillarda bu yoʻnalishda izchil islohotlar amalga oshirildi. Chunki davlat korxonalarini xususiylashtirish iqtisodiyot rivojlanishiga sezilarli ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Inchinun, xususiylashtirish — muhim iqtisodiy tadbirlardan biri boʻlgani holda, bu nafaqat byudjetga tushumni taʼminlaydi, balki yangi investitsiya loyihalari, ish oʻrinlari va qoʻshilgan qiymat uchun poydevor boʻlib xizmat qiladi. Yangi Oʻzbekistonda xususiylashtirish masalasi iqtisodiy islohotlarning asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilangani boisi ham shunda.

Tahlillarga koʻra, bugungi kunda davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2 541 tani tashkil etadi. 2021–2025-yillarda mazkur raqamni 75 foizga qisqartirish koʻzda tutilgan. Shu bois, joriy va kelgusi yilda davlat ulushi boʻlgan korxonalar sonini kamida 3 barobar qisqartirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Masalan, davlatimiz rahbarining 2020-yil 27-oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan sohada bir qator yangiliklar joriy etilgan boʻlsa, 2021-yil 11-fevraldagi farmoni bilan xususiylashtirishning zamonaviy usullarini joriy etish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Xususan, xususiylashtirishga professional tashkilotlar jalb etila boshlanib, davlat aktivining boshlangʻich narxi sifatida uning baholangan narxini majburiy belgilash talabi bekor qilindi.

Mazkur hujjatlar ijrosini taʼminlash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini yana-da yaxshilashga qaratilgan ishlar natijada joriy yilning birinchi yarmida 478 ta davlat mulki 1 trillion 100 milliard soʻmga sotildi. Sotilishi belgilangan 556 ta mulkdan 288 tasi savdolarga chiqarilmagani hamda davlat korxonalari va banklar ixtiyorida ularning asosiy faoliyatiga xos boʻlmagan 511 ta obyekt haligacha sotilmasdan turgani hali bu yoʻnalishda qilinadigan ishlar koʻpligini anglatadi.

Davlat aktivlarini xususiylashtirish sohasidagi ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ayni masalalarga toʻxtalilib, xususiylashtirish jarayonini samarali tashkil etish, auksionda qatnashish tartiblarini soddalashtirish va ishtirokchilar sonini koʻpaytirishga qaratilgan vazifalar muhokama qilindi.

Yigʻilishda joriy yilda 900 dan ortiq davlat mulki sotuvga qoʻyilishi, endi davlat mulklarini “1 soʻm” qiymatda savdoga chiqarish, yer uchastkalarini investitsiya majburiyati bilan sotish amaliyoti bekor qilinib, ular bozor bahosida elektron savdolarga chiqarilishi taʼkidlandi.

Ayniqsa, onlayn auksionda qatnashish uchun toʻlovlar bekor qilinib, tadbirkorlarga elektron roʻyxatdan oʻtish xarajatlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan qoplab berilishi ming-minglab tadbirkorlarni xursand qildi, nihoyatda mamnun etdi. Bu borada auksionda mulkni sotib olganda toʻlov muddati hozirgi 5 kundan 15 kungacha uzaytirili tadbirkorlar va biznes vakillari uchun katta ragʻbat va imkoniyat boʻldi.

Endilikda davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlarning bino-inshootlari, transport vositalarini sotish va ijaraga berishni faqat elektron auksion orqali amalga oshirish tartibi joriy etiladi. Mutasaddilarga ushbu yangi tartiblarni nazarda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda Toshkent shahridagi 13 ta yirik koʻchmas mulk obyekti hamda 11 ta tarmoq korxonalaridagi davlat ulushlarini xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda sotuvga chiqarish zarurligi qayd etilar ekan, viloyat, tuman va shahar hokimlariga oʻz vakolatidagi 154 ta boʻsh turgan obyektni bir oy muddatda savdoga chiqarish vazifasi qoʻyildi. Bu esa joylarda tadbirkorlikni keng rivojlanishiga, ishlab chiqarish koʻlamini ortishi va eksport hajmini oshishiga zamin yaratadi. Tadbirkorlik rivojlangan joyda albatta, kambagʻalik qisqaradi, odamlar daromad manbaiga ega boʻladi, yurt taraqqiy etadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga davlat korxonalari hamda banklarning asosiy faoliyatga xos boʻlmagan va boʻsh turgan obyektlarni toʻliq qaytadan xatlovdan oʻtkazib, ularni xususiylashtirishga tayyorlash boʻyicha topshiriqlar berildi hamda faoliyat yuritmayotgan yoki zarar koʻrib ishlayotgan korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish va modernizatsiya qilish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.

Sir emaski, xususiylashtirish soliqlar tushumi ortishi va korxonalarning modernizatsiya qilinishida ijobiy natija beradi. Bu bilan iqtisodiyotdagi muhim boʻgʻin – xususiy sektor rivojlanishiga kengroq yoʻl ochiladi. Bugun xususiylashtirish jarayonlari ancha jadallashgani, bu davlatning mazkur muammolarga yechim topishga intilayotganidan dalolat beradi. Pirovard maqsad ham qarovsiz holda boʻlgan bino va inshootlar negizida zamonaviy, raqobatbardosh mahsulotlarni tayyorlovchi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etib, qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratishdir.

Xulosa oʻrnida aytganda, faoliyati samarasiz kechayotgan korxonalarning ishbilarmon insonlarga sotilishidan tadbirkor ham, jamiyat ham foyda koʻradi. Xususiylashtirish jarayonini ochiq-oshkora amalga oshirilishi tufayli xorijiy sarmoyadorlarning mamlakatimizga boʻlgan qiziqishi ortib, joylarda tadbirkorlik jadal rivojlanadi. Shu nuqtayi nazardan, bu jarayonni halol, shaffof, adolatli oʻtishi ustidan biz deputatlar parlament va jamoatchilik nazoratini oʻrnatishimiz zarur.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri oʻrinbosari