Bugun yurtimizda Uchinchi Renessans voqeligi strategik vazifa va milliy gʻoya darajasiga koʻtarilmoqda. Uning muhim omili sanalgan oliy taʼlim tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Xususiy oliy oʻquv yurtlari, xorijiy universitetlar filiallari soni ortyapti, ular olis hududlarimizda ham ochilmoqda.
2022-2023 oʻquv yilida oliy taʼlim olish istagidagi abituriyentlar soni 1 million 200 mingdan ortiqni tashkil etdi, OTMlarga qabul soʻnggi olti yilda 5 barobar ortib, talabalar soni 1 millionga yetdi. Qamrov esa 9 foizdan 38 foizga koʻtarildi. Misol uchun, 2016-yilda 77 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritgan boʻlsa, 2023-yilga kelib 200 dan oshdi, shundan 40 tasi nodavlat oliy taʼlim tashkilotidir.
Oliy taʼlim tizimi yuqori standartlar asosida faoliyat yuritishi uchun unda maʼmuriy boshqaruvdan tortib, oʻquv-uslubiy va ilmiy tadqiqot jarayonini tashkil etishgacha akademik erkinlik boʻlishi lozim. Dunyoning manaman degan universitetlari muvaffaqiyati va raqobatbardoshligining asosi ham ularning akademik erkinlikka egaligidadir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilk marotaba “Oliy taʼlim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqiga ega”, degan norma belgilanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida ham oliy taʼlim muassasalarining akademik va moliyaviy mustaqilligini taʼminlash oliy taʼlimdagi asosiy yoʻnalishlardan biri sifatida belgilangan edi.
Akademik erkinlik oʻz fikrini erkin bildirish huquqining tarkibiy qismi boʻlib, oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida taʼlim berish va ilmiy tadqiqot oʻtkazish erkinligi degani. Bu oʻquv jarayonini mustaqil shakllantirish, ilmiy tadqiqot mavzularini mustaqil tanlash va tadqiq etish, uning natijalarini nashr qilish, tarqatish, professor-oʻqituvchilar hamda ilmiy xodimlar akademik erkinligi cheklanmasligi kabi qator jihatlarda namoyon boʻladi. Oʻzini oʻzi boshqarish esa oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari oʻquv jarayonini tashkil etish hamda ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, tashkiliy-boshqaruv, moliyaviy faoliyati bilan bogʻliq boshqa masalalar boʻyicha qaror qabul qilishdagi mustaqilligi va javobgarligi demakdir.
Konstitutsiyamizning yangi tahririga ushbu norma kiritilishi oliy oʻquv yurti va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining taʼlim, ilmiy tadqiqot jarayonida davlat ishtirokini cheklash, professor-oʻqituvchilar va talabalarning oʻquv jarayonidagi mustaqilligini taʼminlashga olib keladi. Islohotlarning bosh maqsadi ham yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirish, qolaversa, mustaqil hayotda muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritish imkonini yanada kengaytirishdan iborat.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada “Davlat uzluksiz taʼlim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari rivojlanishini taʼminlaydi”, degan norma mavjud. Amaldagi Konstitutsiyada har kim taʼlim olish huquqiga egaligi belgilangan boʻlsa-da, ushbu huquqni amalga oshirishning asosiy mexanizmlaridan biri boʻlgan uzluksiz taʼlim tizimini rivojlantirish borasida davlatning majburiyatlari aks ettirilmagan edi.
Shu bois, davlat zimmasiga fuqarolarning taʼlim olish huquqini roʻyobga chiqarish uchun zarur boʻlgan taʼlim tizimi, uzluksiz taʼlimning turlari va shakllarini rivojlantirish vazifasi yuklanmoqda. Oddiy aytadigan boʻlsak, endi davlat taʼlim sohasini rivojlantirishda eʼtiborni faqatgina umumtaʼlimga emas, balki taʼlimning barcha turiga qaratib, fuqarolar butun hayoti davomida sifatli taʼlim olishiga sharoitlar yaratadi. Buning uchun nafaqat davlat taʼlim muassasalari, balki taʼlimning nodavlat shakli rivojida ham masʼul boʻladi. Bu sifatli taʼlim uchun raqobatli tanlov imkoniyatini vujudga keltiradi.
Biz ilgʻor fikrlaydigan, qatʼiyatli, oʻz maqsadi sari harakat qiladigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, muammoni ilmiy yondashuvlarga asoslanib ijobiy yechadigan malakali kadrlar tayyorlashni maqsad qilganmiz. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga taʼlim yoʻnalishida kiritilgan qoidalar esa buning uchun imkoniyat va sharoit yaratib beradi.
Sarvar OTAMUROTOV,
Toshkent moliya instituti professori,
sotsiologiya fanlari doktori