Bozor iqtisodiyoti sharoitida biror soha, jumladan, sog'liqni saqlash ham samarali moliyalashtirish tizimisiz rivojlana olmaydi. Sog'liqni saqlash sohasidagi smetali moliyalashtirish tizimi eskirgan, xalqaro amaliyotga mos kelmaydigan mexanizmlarga asoslangan. Chunki u moliya resurslarining samarasiz ishlatilishi va sohaning surunkali tarzda moliyalashtirilmay qolishiga olib kelmoqda. Moliyaviy resurs­larning cheklanganligi, ulardan foydalanish samaradorligini oshirish sog'liqni saqlash sohasining muhim, hal qilinishi zarur bo'lgan muammolaridan biri bo'lib turibdi.

Ajratilayotgan mablag'lar sarflanishi samaradorligini oshirish, o'z navbatida, tibbiy muassasalarni moliyalashtirish tizimini isloh qilishni talab etadi.  O'tgan yili Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) va O'zbekis­ton Respublikasi hukumati tashabbusi bilan JSST ekspertlari mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlikda mamlakatimizda majburiy tibbiy sug'urtani joriy qilishning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqdi. Shuning asosidagi islohotlar jarayoni davom etmoqda.

Xususan, Prezidentimizning “O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan Kontseptsiyada sog'liqni saqlash sohasini moliyalashtirishni tubdan isloh qilish, joriy yilda tibbiy sug'urtaga oid qonun qabul qilish, ushbu tizimni 2021 yildan Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida qo'llash hamda 2025 yilgacha respublika miqyosida tibbiy sug'urta tizimiga bosqichma-bosqich o'tish vazifalari belgilandi.

Joriy yilning 6 noyabr` kuni Prezidentimiz raisligida sog'liqni saqlash tizimining birlamchi bo'g'inini takomillashtirish hamda aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari bo'yicha videoselektor yig'ilishi o'tkazildi. Yig'ilishda tibbiyotning birlamchi bo'g'inidagi muammolar tahlil qilinib, sohani tubdan isloh qilish bo'yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketlarini moliyalashtirish maqsadida davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmlarini joriy etish, alohida jamg'arma tashkil qilish lozimligi  aytib o'tildi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 12 noyabrda qabul qilingan “Sog'liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida tizimni axborotlashtirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlari faoliyatini baholash va rag'batlantirish, har bir tibbiyot muassasasi darajasida davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmat va dori vositalari paketini ishlab chiqish kabi vazifalar belgilandi. Qarorda davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasini tashkil etish, uning zimmasiga tibbiy sug'urtani joriy qilish, boshqarish, kafolatlangan paket bo'yicha ko'rsatilgan tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish, ajratilayotgan mablag'lar samaradorligini nazorat qilish vazifasi yuklatilgan. Ayni paytda jamg'arma davlat muassasasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan bo'lib, hozirda uni malakali kadr­lar va texnik vositalar bilan shakllantirish jarayoni ketmoqda.

2021 yilning 1 iyulidan 2022 yil oxirigacha Sirdaryo viloyatining barcha shahar va tumanida davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmlarini joriy etish, tajriba-sinov natijalarini tahlil qilish, 2023 yildan boshlab uning ijobiy natijalarini respublikamizning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich joriy qilish rejalashtirilgan.

Joriy etilayotgan davlat tibbiy sug'urtasi tizimining mazmun-mohiyati, maqsadi yuzasidan Sog'liqni saqlash vazirligi mutaxassislari o'z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Abdulla AZIZOV,

Sog'liqni saqlash vazirining o'rinbosari:

— Davlat tibbiy sug'urtasi tizimini joriy etishdan asosiy maqsad — kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash, tibbiy yordam ko'rsatishning birlamchi bo'g'inida malakali va sifatli xizmatlar ko'rsatishni tashkil etish, aholining salomatlik darajasi, o'rtacha umr ko'rish davomiyligini oshirishdan iborat. Ushbu tizimning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda joriy qilinishi ishtirokchilar o'rtasida axborot almashinuvini ta'minlash hamda tibbiyot xodimlari va bemorlar uchun kerakli ma'lumotlarni olish imkonini beradi.

Loyihada aholining elektron reestrini shakllantirish, bemor yo'llanmasi, kasalligi, qaysi shifokor tomonidan ko'rilgani, tashxis va davolanish holatlari haqidagi ma'lumotlarni elektron bazaga kiritish rejalashtirilgan. Bu esa, o'z navbatida, kasalliklarni oldini olish, prognozlash, shifokorlarni ish faoliyatini baholashga imkon yaratadi.

Zohid ERMATOV,

Sog'liqni saqlash vazirligi Tibbiy sug'urta tizimini joriy qilish boshqarmasi boshlig'i:

— Joriy qilinayotgan tizimda tibbiy sug'urta uchun aholi o'z daromadidan ajratma (badal)lar to'lashi ko'zda tutilmaganligi hamda ushbu tizim majburiylik xarakteriga ega emasligi va davlat byudjeti mablag'lari hisobiga amalga oshirilishi munosabati bilan uning nomlanishi Davlat tibbiy sug'urtasi tizimi deb belgilandi. Ushbu tizimning asosiy maqsadi mamlakatimiz aholisining barcha qatlamini sifatli va malakali tibbiy yordam bilan qamrab olishdir.

Yangi tizimda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor va uning besh nafar yordamchi hamshirasidan iborat “brigada”lar tashkil qilinadi, har bir “brigada” 3 ming nafargacha bo'lgan aholiga xizmat ko'rsatishi rejalashtirilgan. Davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi ishlab chiqiladi. Oilaviy shifokorlarning vakolati kengaytirilishi, bemorlarga bepul davolanishga yo'llanma taqdim etish, bepul dori-darmon uchun retsept berish ularning nufuzini oshirishga qaratilgan.  

Ilimdorjon JAHONGIROV, 

Sog'liqni saqlash vazirligi Tibbiy  sug'urta tizimini joriy qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi:

— Davlat tibbiy sug'urtasining joriy qilinishi sog'liqni saqlash tizimini to'liq axborotlashtirishni talab etadi. Buning natijasida biriktirilgan aholining elektron ro'yxati shakllantiriladi, bemorlar kesimida tibbiy ma'lumotlar bazasi yaratiladi, tizimdagi tibbiyot tashkilotlarini sog'liqni saqlashning milliy yagona axborot tizimiga ulash, o'zaro axborot almashinuvini ta'minlash hamda aholi uchun tibbiy yordamning bepul va pullik hajmlari chegarasini aniqlash imkoni yaratiladi.

Davlat tibbiy sug'urtasi tizimiga xususiy tibbiyot tashkilotlarini ham jalb etish tibbiy xizmatlar bozorida raqobat muhitini rivojlantirish, aholiga ko'rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan.

 

“Yangi O'zbekiston” muxbiri

Risolat MADIEVA tayyorladi.