Davlat tibbiy sug'urtasi: ilg'or tajriba va kutilayotgan natijalar

    Sog'liqni saqlash sohasida fuqarolarning tibbiy xizmatlarga ehtiyojini o'z vaqtida va sifatli ta'minlashga yo'naltirilgan tizimni shakllantirish bugungi kunning muhim talabi. Aholi salomatligini mustahkamlash va umr ko'rish davomiyligini oshirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan tibbiy sug'urta tizimi ajratilayotgan mablag'larning maqsadli sarflanishini ta'minlaydi. Ijtimoiy kafolat hamda aholining barcha qatlami uchun tibbiy yordam mavjudligi tizimning afzalligidan dalolat beradi.

    Chet el amaliyoti qanday?

    Xorijiy davlatlarda sog'liqni saqlash tizimini boshqarishning turli modellari mavjud bo'lib, sug'urtalash jarayoni bir necha yo'nalishda olib boriladi.

    Rivojlangan ko'pgina mamlakatlarda umumiy majburiy tibbiy sug'urta tizimi joriy qilingan. Ularning har biri milliy xususiyatlari va qonunlariga mos tarzda majburiy tibbiy sug'urta turlaridan birini qo'llaydi. Masalan, Buyuk Britaniyada yagona to'lov tizimi — davlat sog'liqni saqlash tizimi uchun fuqarolardan alohida soliq undiriladi. Germaniyada majburiy sug'urta polisi sotib olinadi. Mazkur tizim barcha fuqarolardan ish beruvchi orqali yoki davlatdan majburiy tibbiy sug'urta sotib olishni nazarda tutadi. Boshqa bir necha davlatda esa ikki pog'onali tizim (davlat byudjeti va xususiy sug'urta kompaniyalari) joriy etilgan bo'lib, unda davlat eng asosiy tibbiy xizmatlar uchun fuqarolardan soliq undiradi hamda bu tibbiy xizmatlarni bepul ta'minlab beradi. Frantsiyada fuqarolar qo'shimcha tibbiy xizmatlar uchun o'zlari mustaqil to'lovni amalga oshirishi mumkin.

    Mamlakatimizda qaysi model` tanlandi?

    Davlatimiz rahbarining 2020 - yil 12 - noyabrdagi “Sog'liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida tizimni axborotlashtirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlari faoliyatini baholash, rag'batlantirish, har bir tibbiyot muassasasi darajasida davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmat va dori vositalari paketini ishlab chiqish vazifalari belgilangan.

    Ayni vaqtda O'zbekistonda birinchi marta sog'liqni saqlash tizimini tibbiy sug'urtaga o'tkazish jarayoni Sirdaryoda sinovdan o'tkazilmoqda. Byudjetdan to'lanadigan mablag' hisobiga ko'rsatiladigan tibbiy xizmat ambulator yordam, tez tibbiy yordam va statsionar yordamni o'zida mujassam etadi.

    — Dunyoning ko'p mamlakatlarida tibbiy sug'urta joriy etilgan bo'lib, ular tajribasining eng yaxshi jihatlarini yurtimizda qo'llash uchun davlat tibbiy sug'urtasi tizimi ish boshladi, — deydi Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi ijro etuvchi direktori Farrux SHaripov. — Asosiy maqsad kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash, tibbiy yordam ko'rsatishning birlamchi bo'g'inida malakali va sifatli xizmat ko'rsatish, aholining salomatlik darajasi, o'rtacha umr ko'rish davomiyligini oshirishdan iborat. Majburiy tibbiy sug'urta tizimida ish beruvchi yoki bemor o'z hisobidan muayyan miqdorda mablag' to'laydi. YUrtimizda joriy etiladigan davlat tibbiy sug'urtasi uchun esa aholi daromadidan ajratma (badal)lar olish ko'zda tutilmagan. Ushbu tizim majburiylik xarakteriga ega emas va davlat byudjeti mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi.

    Sug'urtaning ahamiyati nimada?

    Sug'urtalash tizimi joriy etilsa, birinchidan, aholiga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va ko'lami yanada oshadi. Ikkinchidan, kasalliklarni erta aniqlash natijasida aholining o'rtacha umr ko'rish darajasini uzaytirish imkoni paydo bo'ladi. Uchinchidan, sug'urta bozori rivojlanadi. Qolaversa, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi, dori-darmon bilan ta'minlanishi sezilarli darajada yaxshilanadi, tibbiyot xodimlarining oylik maoshi bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

    Raqamlashtirish — davr talabi

    Sug'urta tizimining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda joriy qilinishi axborot almashinuvini ta'minlash hamda tibbiyot xodimlari va bemorlar uchun kerakli ma'lumotlarni olish imkonini beradi.

    — Aholining elektron reestri, bemor yo'llanmasi, kasalligi, qaysi shifokor tekshirgani, tashxis va davolanish holatlari haqidagi ma'lumotlar elektron bazaga kiritib borilmoqda, — deydi Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi ijro etuvchi direktori Farrux Sharipov. — Bu esa, kasalliklarni prognozlash, shifokorlarning ish faoliyatini baholashga imkon yaratadi. SHuningdek, ortiqcha qog'ozbozlikka chek qo'yib, barcha ishlarni tizimga soladi. Tibbiy hujjatlarning elektron shaklda bo'lishi tezkor va aniq ishlash imkoniyatini kengaytiradi. Shifokor onlayn ro'yxat asosida fuqarolarni qabul qiladi, bemor kutishga ortiqcha vaqt sarflamaydi.

    Xalqaro hamkorlik istiqboli

    Bu borada Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlik qilinmoqda. JSST va O'zbekiston hukumati hamkorligida davlat tibbiy sug'urtasini joriy etishning texnikiqtisodiy asosi ishlab chiqildi.

    O'zbekiston Respublikasi Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi xodimlari davlat tibbiy sug'urtasini joriy etish bo'yicha Ukraina tajribasini ham o'rganmoqda.

    Ukraina Sog'liqni saqlash vazirligida o'tkazilgan uchrashuvda O'zbekiston va Ukraina davlatlari o'rtasida sog'liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat tibbiy sug'urtasini tatbiq etishda tajriba almashish, xususan, aholini kafolatlangan tibbiy yordam bilan ta'minlash masalasida muloqot o'tkazildi.

    — Ukrainada birinchi bosqichda aholi ixtiyoriy ravishda o'zining oilaviy shifokoriga biriktirilgan, ikkinchi bosqichda reimbursatsiya (oilaviy poliklinikalarda surunkali kasalliklar bilan hisobda turgan aholini dori-darmon bilan ta'minlash) dasturi tatbiq etildi. Uchinchi bosqichda esa tibbiy kafolatlar dasturini to'liq hajmda amalga oshirish boshlangan, — deydi Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi xodimi Umida Gazieva.

    YUrtimizda ham bu kabi yangiliklar sinovdan o'tkazilmoqda. Xususan, 2021- yilning 1 - iyulidan 2022 - yil oxirigacha Sirdaryo viloyatining barcha shahar va tumanlarida davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmini joriy etish, tajriba-sinov natijalarini tahlil qilish, 2023 - yildan boshlab uning ijobiy natijalarini mamlakatimizning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich qo'llash rejalashtirilgan.

    Samara nimalarda ko'rinmoqda?

    Hozirgi kunda Sirdaryo viloyatida oilaviy shifokor bemorni tor soha mutaxassislari konsul`tatsiyasi va statsionar davolanish uchun yuborishni faqat yo'llanma asosida amalga oshirmoqda. Jumladan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari oilaviy shifokorlari tomonidan yo'llanma bilan yuborish o'rtacha 37,3 foizga, bemorlarni shifoxonalarga yo'llanma bilan yotqizish 10,8 foizga oshgan. Masalan, o'tgan yilning iyulida 13 ming 172 nafar bemor shifoxonalarda davolangan bo'lsa, ulardan 6350 nafari (48,3 foizi), oktyabr` oyida 13 ming 835 nafar bemor shifoxonalarda davolangan bo'lib, ulardan 8179 nafari (59,1 foizi) yo'llanma bilan joylashtirilgan.

    Oilaviy poliklinikalarda “tibbiy brigadalar” faoliyati bosqichma-bosqich yo'lga qo'yilishi munosabati bilan navbatlarga chek qo'yilmoqda. Fuqarolar masofadan, ya'ni telefon orqali navbatga yozilib, belgilangan vaqtda oila shifokori qabuliga yozilmoqda.

    — Xorijda bemorlarning shifokor qabuliga o'ziga qulay vaqtda kirib borishini eshitib, havas qilardik, — deydi Guliston shahrida yashovchi Botirqul Norbekov. — endi yurtimizda ham shunday tartib joriy etildi. Ro'yxatxonaga telefon orqali bog'lanib, o'zimizga kerakli shifokor qabuliga navbat olib, belgilangan vaqtda borishimiz mumkin. Shifokor bilan yuzma-yuz qolib, bemalol gaplashish imkoni ham mavjud. Avvallari hamshira o'tirgani, navbatda turganlar hadeb eshikni ochib, mo'ralayverishidan odamning nima dard bilan kelgani ham esdan chiqardi. endi hamshira shikoyatingizni o'rganib, shifokor qabuliga yo'llaydi. Shifokor esa kafolatlangan paket doirasida kerakli tibbiy xizmatni ko'rsatadi.

    Kutilayotgan natijalar

    Sog'liqni saqlash tizimiga yo'naltirilayotgan mablag'ni bosqichma-bosqich qisqartirish, tibbiy xizmat bozorida ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash hamda aholining tibbiy yordam uchun to'g'ridan-to'g'ri pul to'lash darajasini kamaytirish kutilayotgan natijalardan biridir.

    Shuningdek, sog'liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag' doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ulushini oshirish, profilaktika uchun ambulator-poliklinika xizmatiga e'tibor qaratish, kasalliklarni erta aniqlash, tibbiyot muassasalarining moliyaviy mustaqilligini oshirish va tibbiyot xodimlarini moddiy rag'batlantirish mexanizmini kengaytirishga zamin yaratiladi.

    Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini sifatli tibbiy xizmat bilan ta'minlash darajasini oshirish, davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam ko'rsatishga xususiy tibbiyot tashkilotlarini jalb qilish tibbiy xizmatlar bozorida raqobat muhitini rivojlantirishga xizmat qiladi.

    Risolat MADIEVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri