Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi keng ko‘lamdagi masalalarni qamrab oladi

    Salomatlik 22 Aprel 2021 645

    Ma’lumki, 2021-yilning 1-iyulidan 2022-yilning oxiriga qadar Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash tizimida tajriba-sinov loyihasi doirasida aprobatsiyadan o‘tkaziladigan yangi tizim, ya'ni davlat tibbiy sug‘urtasi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

    Sirdaryoda joriy etilayotgan yangi tizim birinchidan, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va ko‘lamini yanada oshishiga yordam bersa, ikkinchidan, xavfli kasalliklarga chalinish ehtimolini kamayishiga, aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasini uzaytirish imkonini beradi. Uchinchidan, yurtimizda tibbiy xizmat ko‘rsatishda sog‘lom raqobat muhitini yaratishga imkon beradi. Qolaversa, yangi tizim sabab tez tibbiy yordam tizimi yanada yaxshilanadi. Tez tibbiy xizmat ko‘rsatishiga ixtisoslashgan tez yordam mashinalari soni hamda tibbiyot muassasalarining dori-darmon bilan ta'minlanishi darajasi oshadi. Bu esa ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshishiga, ko‘lamini kengayishiga sabab bo‘ladi.

    Shu maqsadda joriy yil 8-13-fevral kunlari Toshkent viloyatining Bo‘stonlik tumanida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida manfaatdor vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirokida seminar ham tashkil etilgan. Seminarda Sirdaryoda, yangitdan joriy etilayotgan «Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi bo‘yicha konsepsiya» loyihasi ishlab chiqilgan.

    3-martda esa Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, AQShning USAID hamkorlik tashkiloti ko‘magida Sirdaryo viloyatida uni joriy qilish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan.

    — Sirdaryoda joriy qilinayotgan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi, tibbiyot sohasini moliyalashtirishdan tortib, zamonaviy boshqaruv tizimigacha, hududlarda sog‘liqni saqlashni tashkil etishning klaster modelidan tortib, sohani raqamlashtirish, elektron tibbiy kartalar, elektron poliklinika tizimigacha bo‘lgan keng ko‘lamdagi masalalarni qamrab oladi, — deydi Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, tibbiyot fanlari doktori Rustam Yuldashev. — Birlamchi tibbiy sanitariya muassasalarini raqamlashtirish, Internet va lokal tarmoqlarga ulash, xodimlarni malakasini oshirish, aholini xatlovdan o‘tkazish, xavf guruhlariga ajratish, elektron tibbiy kartalarni joriy qilish borasidagi ishlar Sirdaryoda boshlab yuborilgan.

    — Joriy etilayotgan yangi tizim nafaqat biz shifokorlar uchun, qolaversa aholi uchun juda foydali, — deydi Boyovut tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Olim Bekmurodov. — Bundan bir yarim yil muqaddam elektron poliklinika tizimini ishga tushirgandik. Bu juda foydali va samarali bo‘ldi. Chaqiruvlar, vrach qabuliga kirish, laboratoriya tekshiruvi natijalari elektron tarzda amalga oshirish imkonini beribgina qolmay, turli ovoragarchilikni oldini olyapti. Tizim ishga tushgach, vrachlarimiz ko‘rsatilgan xizmati hisobiga haq oladi. Demak, shunday bo‘lgach, ular o‘z ustida ishlab, bemorlarga munosib xizmat ko‘rsatishga harakat qiladi. Xizmat ko‘rsatmagan, o‘z ustida ishlamagan vrachning esa oylik maoshi kamayib boradi.

    — Bo‘limimiz xodimlari tomonidan oilaviy shifokor yo‘llanmasi asosida kelgan fuqarolardan 5 turdagi, tuman tibbiyot birlashmasi bo‘limlarida davolanayotgan bemorlardan 20 turdagi tahlil namunalarini olinib, tekshirish ishlarini yo‘lga quyganmiz, — deydi laboratoriya mudiri Turdiqul Burxonov. —Tahlil natijalarini esa elektron bazaga kiritib, onlayn tarzida davolovchi yoki yo‘llanma bergan shifokorga yuboryapmiz. Bu ham o‘zimiz uchun, ham davolovchi shifokor uchun nihoyatda foydali. Bemor yoki fuqaro tahlil natijasini kutib ovora-yu, sarson bo‘lib bo‘lim eshigi oldida sarg‘ayib o‘tirmaydi. U belgilangan vaqtda o‘z shifokori huzuriga borganda, tahlil natijalari uning o‘zini qo‘lida emas, davolovchi shifokorda bo‘ladi. Qarabsizki, shunga qarab davolash muolajalari buyuriladi. Bu ham tumanimiz aholisi, qolaversa vrachlarimiz uchun katta yangilik bo‘lib, ular ishini samarasini oshiradi.

    Ma’lumki, O‘zbekistonda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi 2021-yildan boshlab bosqichma-bosqich joriy etiladi. Birinchi bosqich Davlat dasturida belgilangandek tajriba tariqasida Sirdaryo viloyat tibbiyot muassasalarida, ikkinchi bosqich 2023-yilda Qoraqalpog‘istonda, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida, uchinchi bosqich 2025-yildan butun mamlakat bo‘ylab joriy etiladi.

    — Bepul tibbiy xizmat aslida nisbiy tushuncha. Davlat tibbiy muassasasida bepul davolanayotgan bemor xarajatlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Aksariyat davlatlarda esa buning aksi. Ular tibbiy xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qoplash uchun tibbiy sug‘urta tizimidan foydalaniladi, — deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi direktorining birinchi o‘rinbosari Zohid Ermatov. — Yurtimizda joriy qilinayotgan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va ko‘lamini yanada oshishiga, xavfli kasalliklarga chalinish ehtimolini pasayishiga, odamlarni o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligin yanada ortishiga sabab bo‘ladi.

    Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda joriy qilinayotgan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi tibbiyot muassasalari o‘rtasida har bir mijoz uchun raqobatni kuchayishiga xizmat qiladi. Sababi, bemorni tibbiy muassasa va davolovchi shifokorni tanlash imkoniga ega bo‘ladi. Xastalik bo‘yicha qaysi shifo maskaniga murojaat qilish, vrach qabuliga yozilish, mutaxassis yozib bergan dorilarni topish kabi masalalarga oson yechim topish imkonini beradi.

    G‘ulom PRIMOV,

    Sirdaryo viloyat Sog‘liqni saqlash

    boshqarmasi matbuot xizmati xodimi.