Davlat va xalq tayanadigan asosiy ustun – qonun uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim esa ichki ishlar sohasi

    Bu yil mamlakatimiz mustaqilligi va suvereniteti, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir boʻlgan Oʻzbekiston Ichki ishlar organlari faoliyatining 31 yilligi keng nishonlanmoqda.

    Shu munosabat bilan yangi Oʻzbekiston ichki ishlar organlarining bugungi qiyofasi haqida soʻz yuritishni joiz topdik.

    Maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotning umumeʼtirof etilgan tamoyillaridan biri – insonparvarlik. Tamaddun oʻlchami – insonning tinch yashash huquqini, qadr-qimmatini himoya qilish va har bir shaxsning erkin hayot kechirishini taʼminlash. Shu maʼnoda, ichki ishlar organlari mamlakatda joriy etilgan qoidalarga talab darajasida amal qilinishi, davlat strategiyalarini himoyalashda muhim oʻrin tutadi.

    Harakatlar strategiyasi doirasida oʻtgan davr mobaynida davlat va jamiyat hayotini tubdan isloh etishga qaratilgan qonunchilik bazasi tubdan yangilandi. Bu yangi Oʻzbekistonning huquqiy maydonini mustahkamlashga, unga nisbatan ishonch ruhi va mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilish tamoyillari kuchayishiga xizmat qildi. Bunday yangilanishlarga hamohang tarzda ichki ishlar organlari tizimini isloh etish borasida uzviy chora-tadbirlar olib borildi. Amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar ichki ishlar organlarini mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni asrash, fuqarolarimiz huquq va erkinliklarini taʼminlashning asosiy subyektlaridan biriga aylantirdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun boʻlsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim, bu – ichki ishlar sohasi, desak ayni haqiqat boʻladi”.

    Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning organlari katta, murakkab tuzilishga ega. Uning muhim vazifasi – qonuniylik va huquq-tartibotni muntazam mustahkamlab borish, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashish.

    Oʻzbekistonda oliy qadriyat, deb tan olingan inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va boshqa daxlsiz huquqlari taʼminlanishini yanada mustahkam kafolatlash maqsadida, 2016-yil 16-sentyabrda “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Unga qadar ichki ishlar organlari tarqoq normativ-huquqiy hujjatlar asosida faoliyat olib borgan.

    Tizim faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratining yangi mexanizmi oʻrnatildi. Ichki ishlar organi boshligʻidan tortib profilaktika inspektorigacha xalq oldida hisobot beradigan amaliyot joriy etilgani aholining ularga boʻlgan ishonchini yanada oshirmoqda. Odamlarni eshitish, muammolarini oʻrganish tizimi yaratildi.

    Respublika ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibining intellektual va kasbiy darajasini oshirish, ularga qoʻshimcha tadbir va ishlardagi ishtiroki tufayli ortiqcha vazifalar yuklanishini bartaraf etish maqsadida sohaviy xizmatlar oʻrtasidagi vazifalarning aniq chegaralari belgilangani faoliyat samaradorligini oshirishning muhim omili boʻldi.

    El ishonchi va mehrini qozonish yoʻlida

    Har qanday jamiyatda qonun ustuvor boʻlmas ekan, u yerda barqaror rivojlanishga, insonning eʼzozlanishiga erishish dargumon. Prezidentimiz haqli taʼkidlaganidek, “Islohotlarimiz samarasi koʻp jihatdan 4 ta muhim omilga, yaʼni qonun ustuvorligini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi qatʼiy kurashish, institutsional salohiyatni yuksaltirish va kuchli demokratik institutlarni shakllantirishga bogʻliq”.

    Harakatlar strategiyasi doirasida Prezidentimizning 2017-yil 10-apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonda keyingi yillarda ichki ishlar organlari faoliyatida toʻplanib qolgan jiddiy kamchilik va muammolar birma-bir sanab oʻtilganki, bu – 2017-2022-yillarda tizim faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda har bir xodimning shaxsiy javobgarligini oshirishga xizmat qildi.

    Oʻz navbatida, farmonda koʻzda tutilgan maqsadlar mohiyati dunyoda va yon-atrofimizda yuzaga kelayotgan xavf-xatar va tahdidlar – xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, yoshlar oʻrtasida xalqimizga yot gʻoyalar tarqalishining tobora kuchayib borayotgani ichki ishlar organlari oldiga ularning oʻz vaqtida oldini olish va barham berish boʻyicha yangi vazifalarni qoʻydi. Shu bois, ichki ishlar organlari barcha darajadagi boʻlinmalarining vazifa va funksiyalari aniq belgilandi, tashkiliy-shtat tuzilmasi maqbullashtirildi. Boshqaruv tizimi mutlaqo yangi shaklda tuzildi. Turdosh sohaviy xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish uchun bevosita vazir oʻrinbosari tomonidan boshqarilayotgan Tezkor-qidiruv, Jamoat xavfsizligi, Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamentlari tashkil etildi. Barcha jazoni ijro etish muassasalari hududiy ichki ishlar organlari boʻysinuvidan chiqarilib, bevosita Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga oʻtkazildi.

    Tizim faoliyati tubdan takomillashtirilib, markaziy apparatdagi shaxsiy tarkibning 85 foizi bevosita aholi yashash punktlariga, quyi tizimlarga tushirildi. Ichki ishlar organlarini xalqqa yanada yaqinlashtirish, murojaatlarni tun-u kun qabul qilish, mavjud muammolarni joyida va oʻz vaqtida hal etish maqsadida 260 dan ortiq ichki ishlar boʻlimi va boʻlinmalari faoliyati toʻliq yangidan tashkil etildi.

    Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ichki ishlar organlari zamonaviy texnika bilan taʼminlangan, xalqchil va ochiq, kriminogen vaziyatni mustahkam va ishonchli nazorat qila oladigan, mobil va ixcham tuzilmalarga aylanib bormoqda. Rivojlangan xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasini chuqur oʻrgangan holda, amaliy faoliyatga yangicha ish uslublari va mexanizmlarini, xususan, raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

    Xodimlarning zamonaviy qiyofasini yaratishga qaratilgan dasturiy hujjat

    2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi 17-maqsadi: “Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirish va ularning faoliyatini xalq manfaatlari, inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga yoʻnaltirish”, deb nomlanib, unda “Ichki ishlar organlarini xalqning ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish hamda aholi bilan maqsadli ishlashga yoʻnaltirish”, vazifasi belgilangan.

    Bu xodimlarning oʻz vakolatlarini bajarishda professionalizmning oʻzi yetarli emasligini, maʼnaviy va maʼrifiy tayyorgarlik muhim vosita sanalishini bildiradi. Ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviyati, deganda ular oʻzini xalq vakili, deb bilgan holda, ona Vatan tuprogʻini, suvini, musaffo osmonini va jamiki boyliklarini koʻz qorachigʻiday asrashi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini vijdonan, imon-eʼtiqod, sadoqat, ishonch, halollik, dovyuraklik, begʻarazlik, hurmat, fidoyilik va aqliy teranlik bilan himoya qilishga qaratilgan ichki ruhiy va aqliy olami majmuini tushunishi kerak.

    Zamon ichki ishlar tizimidagi taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan tinglovchi va kursantlarni sobitqadam, yuksak maʼnaviyat va qonun ustuvorligi asosida yashaydigan mutaxassis qilib yetishtirish, adolat, halollik, dovyuraklik hamda haqiqiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga eʼtibor qaratishni, kasbiy, ruhiy va jangovar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni yangi sifat bosqichiga koʻtarishni talab etmoqda.

    Prezidentimizning 2017-yil 29-noyabrdagi “Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan ichki ishlar organlari xodimlari xulq-atvorining yangilangan qoidalari, xodimlarni tarbiyalash va xizmat vazifasi talab darajasida bajarilishini taʼminlashni nazarda tutadigan Ichki ishlar organlarining intizom ustavi qabul qilindi. Shuningdek, Prezidentimizning 2021-yil 2-apreldagi qarori bilan Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi tasdiqlandi.

    Sir emaski, mafkuraviy tahdidlar avj olayotgan bugungi davrda qaysi soha vakili boʻlmasin, har bir inson, avvalo, oʻz salohiyati, maʼnaviy dunyoqarashi, axloqiy fazilatlarini yuksaltirib borishi, yuzaga kelayotgan turli xatarlarga qarshi mustahkam immunitet hosil qilishi kerak. Shu maʼnoda, konsepsiyaning asosiy maqsadi xodimlarni har qanday sharoitda davlat va xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, milliy qadriyatlarga sodiq, umuminsoniy qadriyatlarga tayanadigan, yot va buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi murosasiz kurashuvchi barkamol shaxs sifatida tarbiyalash, ular qalbida davlat va xalqimiz xavfsizligini taʼminlashda shaxsiy daxldorlik va yuqori masʼuliyat hissini shakllantirishdan iborat.

    Konsepsiyada maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amaliyotga uzluksiz tatbiq etish tizimi ham yaratildi. Ichki ishlar organlari tizimida har haftada “Vatanparvarlik kuni” tadbirlar tashkil etilishi yoʻlga qoʻyildi.

    Bugun yangi Oʻzbekistonda xalqchil ichki ishlar organlari tizimini yaratish – bosh gʻoyaga,Vatan va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz” konseptual gʻoyasi ichki ishlar organlari xodimlarining harakat dasturiga aylandi.

    Xodimlarimizda xalq nigohi bilan oʻziga baho berish koʻnikmasi shakllanmoqda. Aholi ichki ishlar organlari xodimlarini nafaqat professional va mahoratli kasb egasi, balki muomala odobi va estetikasiga ega shaxs sifatida koʻrishni istaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda xodimlarimizga nisbatan bildirilayotgan eʼtiroz va tanqidlarning aksariyati muomala odobi va estetikaga tegishlidir. Shu sababli, bugun ichki ishlar organlari xodimiga muomala odobi va estetikasini oʻqitish – hayotiy ehtiyojga aylandi.

    Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasiga muvofiq, 2021–2022 oʻquv yilidan boshlab vazirlik taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar tizimi joriy etildi.

    Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida kursant va tinglovchilarni Vatan va xalq manfaatlarini shaxsiy manfaatlardan ustun qoʻyadigan, qonunlarga qatʼiy boʻysunuvchi, kasbiga sadoqatli xodimlar sifatida tayyorlash maqsadida “Ichki ishlar organlari xodimining muomala odobi va estetikasi”, “Vatanparvarlik tarbiyasi” va “Kasbiy madaniyat” kabi fanlar, Malaka oshirish instituti tinglovchilarida mafkuraviy immunitetni mustahkamlash maqsadida “Geosiyosiy manfaatlar toʻqnashuvi va mafkuraviy kurash” va “Korrupsiya — ichki maʼnaviy tahdid” maxsus kurslarini oʻqitish yoʻlga qoʻyildi.

    Profilaktika inspektori mahallaning ichki ishlar organlaridagi vakili

    Prezidentimizning 2021-yil 2-apreldagi qarori bilan “Mahalla huquq-tartibot maskani toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi. Unda xalqning ichiga kirish, jinoyatchilikni barvaqt profilaktika qilish, fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash kabi katta maqsadlar koʻzda tutilgan.

    Muhim oʻzgarishlardan yana biri sifatida profilaktika inspektori mahalla raisining huquq-tartibotni taʼminlash boʻyicha oʻrinbosari etib belgilanganini aytish mumkin. Bunda “Xavfsiz taʼlim muassasasi” tamoyili asosida voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha manzilli choralarni nazarda tutuvchi aniq vazifalar belgilandi. Jumladan, tuman, shahar ichki ishlar organlari tarkibida voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixolog lavozimi joriy etilishi hamda ularning bevosita xizmat oʻtash joyi etib umumtaʼlim muassasalari belgilanishi voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga xizmat qiladi. Shu tariqa, 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab umumtaʼlim muassasalarida maxsus jihozlangan xizmat xonalariga ega boʻlgan inspektor-psixologlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

    Hozirda profilaktika inspektorlari bevosita joylarga chiqib oilalardagi muhitni, mahallalarda huquqbuzarliklar sodir etilishiga taʼsir etuvchi ijtimoiy omillar va boshqa muammolarni oʻrganishi hamda bartaraf etishi boʻyicha “Xavfsiz xonadon” va “Xavfsiz hovli” tizimi ishlamoqda. Bu profilaktika inspektorlarini “Mening mahallamda jinoyat sodir boʻlmasligi kerak”, degan tuygʻu bilan xizmat qilishga ruhlantiradi.

    Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va oʻziga xos tizimi yaratildi. Mamlakatimizdagi barcha mahallalardagi kriminogen vaziyat “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilib, tahlil qilinmoqda. Keyingi paytda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari profilaktika inspektorlarining kundalik xizmat faoliyatiga aylandi.

    Prezidentimizning 2021-yil 26-martdagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida”gi farmoni bilan ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizmlari amaliyotga tatbiq etilmoqda. Xususan, tayanch punktlari negizida mahalla huquq-tartibot maskanlari bosqichma-bosqich tashkil qilinyapti. Bunda mahalla huquq-tartibot maskani hududdagi jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning asosiy quyi boʻgʻini hisoblanadi.

    Mahalla huquq-tartibot maskani negizida hududdagi ichki ishlar organlarining tegishli sohaviy xizmatlari hamda Milliy gvardiya va boshqa davlat organlarining muvofiqlashtirilgan faoliyati tashkil etiladi. Bunda jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tizimli tashkil etish va muvofiqlashtirish vazifasi profilaktika inspektoriga yuklanadi.

    Respublikamizning barcha hududlarida “Smart mahalla” axborot dasturi ishga tushirilmoqda. Bu profilaktika inspektoriga masofadan turib murojaat yuborish va uni koʻrib chiqish jarayonini kuzatib borish, aholi bilan oʻzaro tezkor muloqotni yoʻlga qoʻyish, profilaktika inspektorlari va sektor rahbarlari faoliyatiga baho berish imkonini beradi. Shuningdek, har oy yakuni boʻyicha Internet tizimidagi axborot resurslari orqali soha rahbarlari tomonidan aholiga kriminogen vaziyat yuzasidan “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat” qilish joriy etilmoqda.

    Barcha hududlarda aholi uchun qulay va shinam, barcha zamonaviy sharoitlarga ega boʻlgan uy-joylar barpo etilmoqda. Hayotimizga “arzon uy-joylar”, “aqlli uy”, “aqlli shahar”, “raqamli xizmatlar”, Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Beshta muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor” degan yangi tushuncha va hayotiy koʻnikmalar kirib keldi. Yangi Oʻzbekistonda arxitektura ansambliga zamonaviy yondashilgani, ilgʻor infratuzilmalar, mahallalardagi ijtimoiy va iqtisodiy qulayliklar jinoyatchilikning oldini olishga imkon yaratdi. Oʻzbekiston bu yoʻlda 5 yil ichida katta tajriba orttirdi.

    Sifatli arxitektura aholining farovonligi, tinch-totuvligi va madaniyat rivojlanishiga xizmat qilishi tadqiqotlarda isbotlangan. Oʻtgan asrning 80–90 yillarida Nyu-York shahri politsiyasi koʻp jinoyat qayd etilgan hududlarda ijtimoiy obyektlarni qayta rekonstruksiya qilish, infratuzilmalarni tiklash, binolar devoridagi turli nojoiz tasvir va yozuvlarni tozalash, koʻchalarni yoritish tadbirlarini qoʻllagan. Bu strategiya 10 yil ichida jinoyatchilikni 56 foizga kamaytirgan.

    Mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida davlat, jamiyat va shaxs xavfsizligini taʼminlash tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Buning uchun eng quyi – profilaktika inspektorlari tizimi zamonaviy tuzilma sifatida shakllantirildi. Ular endilikda mahalla idoralari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib bormoqda.

    Bugun kriminogen vaziyatga yoʻl qoʻymaslik maqsadida oʻziga xos tajribalar yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, Andijon viloyatida “Namunali hudud”, Buxoro viloyatida “Xotin-qizlar bilan ishlash”, Fargʻona viloyatida “Yoshlar bilan ishlash”, Boʻka tumanida “Prezidentning beshta tashabbusi”, Jizzax viloyatida “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati”, Sirdaryo viloyatida “Jinoyatdan xoli mahalla”, Toshkent shahrida esa uyushmagan yoshlar bilan ishlashga qaratilgan tajribalar joriy etildi.

    IIV Akademiyasi professor-oʻqituvchilarining ilmiy kuzatuvlari shundan dalolat bermoqdaki, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlar va ayollar bandligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar kriminogen vaziyatni yaxshilashga xizmat qilmoqda. Bu jarayonda Prezidentimiz tashabbusi bilan tayanch profilaktika inspektorlariga mahallalarning oʻzida xizmat uylari va shaxsiy avtomashina topshirilgani samarador tizim sifatida bugun oʻzini toʻla oqladi.

    Davlatimiz rahbari 2021-yil 12-fevral kuni Ichki ishlar vazirligiga tashrif buyurib, vazirlik hayʼatining kengaytirilgan yigʻilishida mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, ularning sodir etilish sabablarini oʻrganish va bartaraf etish, profilaktika inspektorlari ish yuklamasini yengillashtirib, samaradorligini oshirish lozimligini taʼkidladi. Bu kabi vazifalar tizim faoliyati rivojlanishida yangi bosqichga yoʻl ochgani bilan tarixiy ahamiyatga ega boʻldi.

    Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligining barcha sohaviy xizmatlari xodimlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Ichki ishlar xodimlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi boʻlsin”, degan ezgu davʼatini bajarish yoʻlida astoyidil harakat qilmoqda.

    Sharif QOBILOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi IIV

    Akademiyasi professori, polkovnik