Davlat xizmatchisining bir hikoyasi...

    Bo'sh vaqtda 26 Noyabr 2021 1733

    Majburiyatingizga kirmasa ham gohida rasmiy ish jarayonlarida vijdon va iymon amri bilan ish yuritishga oʻzingizda ishtiyoq sezasiz.

    Oilada olgan tarbiyangiz, faoliyatdagi tajribangiz ana shu voqelikka befarq qarashga imkon bermaydi. Tunov kuni ham shunday boʻldi...

    Men ishlaydigan Margʻilon shahar davlat xizmatlari markaziga pensiya haqidagi maʼlumotnoma olish uchun bir ayolning nomidan qizi keldi. Bilasiz, bu kabi shaxsiy maʼlumotlar bevosita fuqaroning oʻziga beriladi. Toʻgʻrisi, bir yaxshi, bir yomon gumon qildim. Qizi boʻlsa ham maʼlumotnomani oʻzining shaxsiy kredit ehtiyojlariga ishlatsachi... yoʻq, yoʻq... balki, kelishga imkoni, madori yoʻqdir...

    Xullas, ushbu oʻylar tushlikka chiqqunimizcha menga tinchlik bermadi. Yomon gumon iymondan ayiradi, deydilar. Bu haq gap ekan! Apil-tapil ovqatlandimu tavakkaliga pasport maʼlumotlariga asoslanib toʻlanadigan nafaqalar miqdori toʻgʻrisida maʼlumotnomani oldimu, manzil tomon shoshildim.

    Margʻilon shahar, Jaloliddin Rumiy koʻchasi. Horgʻin uy qarshisidaman. Boʻyoqlari ustidan zang gʻolib kelayotgan darvozani taqillatdim. Biroz muddatdan soʻng ichkaridan ovozsiz ellik yoshlardagi bir ayol devor paypaslab chiqib keldi. Qoʻl harakatlari va imo-ishora bilan salomlashdik, bir amallab vaziyatni tushuntirdim. Bilishimcha, menga peshvoz chiqqan Mohira opa umrbod nogironlik nafaqasida. Eshitish, gapirish va koʻrishdan mosuvo inson.

    – Nafaqamning qanchaligini ham bilmayman. Olib kelishadi, berishadi, –deydi Moxira opa qoʻl harakatlari bilan. — Koʻz tushmagur pullarni rangini ham ajrata olmaydi. Xullas, oladigan pensiyamning qancha ekanligiga qiziqqandim. Chunki oilada jim oʻtirsangiz ham boʻlmaydi. Farzandlarimga yukim tushmasin, deymanda. Eringni topganini oʻynab yeysan, oʻgʻlingni topganini oʻylab yeysan, ekan. Gohida majburlab ularga ehtiyojlar uchun pul beraman. Shu bilan oʻzimni xotirjam sezaman.

    Balki, Moxira ona qoʻl harakatlari bilan bundanda maʼnoli suhbat qurgandir. Lekin mening tushunganlarim shu boʻldi.

    Nafaqa maʼlumotnomani topshirdimu markaz telefon raqamini onaga yozib berdim. Horgʻin uy ostonasidan yengil boʻlib ishxonamga qaytarkanman, oʻzimni anglab yetgandek boʻldim:

    –Men xalq xizmatchisiman...

    Feruza Yuldasheva,

    Margʻilon shahar DXM

    boʻlim boshligʻi.