Aynan, talab va ehtiyojga qarab davlat xizmatlarini taklif etish lozimligi, davlat xizmatlaridan foydalanish hayotimizdagi oddiy bir jarayon, kundalik odat kabi koʻnikma shakllanishi juda ham muhimligi taʼkidlandi.

Bunda avvalambor yosh avlodda tushuncha va bilimlarni keng targʻib qilish, nafaqat yoshlar balki katta yosh avlod vakillarida ham yetarlicha koʻnikma hosil qilish oqibatida - davlat xizmatlaridan foydalanishni yana-da osonlashtirishini, ortiqcha harakat va xarajatlar oldi olinishiga erishish mumkin.

Shu vaqtga qadar davlat xizmatlari markazlaridan olisda joylashgan hududlarda filiallar tashkil etilib kelingan boʻlsa, Qarshi tajribasida har bir mahallada davlat xizmatlarini koʻrsatish burchaklari tashkil etish birlamchi maqsad qilib olindi.

Shu maqsadda ham DXA Qashqadaryo viloyat boshqarmasi respublika miqyosida yangicha yondashuv va ish uslubini olib borishga kirishdi. Maxsus chora tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Qarshi shahri tajriba hududi sifatida tanlanganligini hisobga olib, shahardagi mavjud 62 ta mahalla va 42 ta umumtaʼlim maktablari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatishni boshlab yubordilar. Avvalo, shahardagi mavjud MFY va maktablarining internet tarmogʻiga ulanganligi hamda kompyuter va zarur jihozlar bilan taʼminlanganlik holati oʻrganildi.

Shu bugunga qadar 50 ta mahallalarda DXA viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan maxsus targʻibot tadbirlari bilan birgalikda soʻrovnoma ham oʻtkazildi. Soʻrovnomada 1543 nafar fuqarolar ishtirok etib, davlat xizmatlariga oid murojaatlarini va takliflari bildirishdi.

17-noyabr kuni Qarshi shahrining Shayhali shaharchasi va Otchopar mahallasi hududida Davlat xizmatlari markazining filiallarida Davlat xizmatlari agentligi direktori tomonidan mahalla va uning atrofida istiqomat qilayotgan fuqarolarga filial ochishdan koʻzlangan maqsad va vazifalar haqida taqdimot boʻlib oʻtgan edi.

Nafaqat mahallalarda, balki umumtaʼlim maktablarida ham maxsus xizmat koʻrsatish burchagi tashkil etish orqali voyaga yetib kelayotgan ijtimoiy hayot ishtirokchilarini davlat xizmatlari toʻgʻrisida hozirdanoq toʻliq tushuncha va maʼlumotga ega boʻlishlarini taʼminlashdir.

Bugun Qarshi shahar 1 – oʻrta taʼlim maktabida oʻqituvchi va bitiruvchi sinf oʻquvchi yoshlari uchun davlat xizmatlari burchagi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Maktabning informatika fani oʻqituvchisi Toʻxtayeva Gulchehraning soʻzlariga koʻra, davlat xizmatlaridan ish faoliyati davomida 2-3 xil xizmat turidan koʻp bora foydalanib kelishganlarini, lekin barcha xizmatlar haqida toʻliq maʼlumotga aynan shu sohada xizmat koʻrsatayotgan xodimlardan eshitish ancha foydali hamda qiziq boʻlganini aytib oʻtdi.

“Oʻqituvchilarning vaqti doim tigʻiz boʻladi, baʼzan davlat xizmatidan foydalanish zarur boʻlganda, markazga borib kelishni oʻylab qolardik. Onlayn xizmatlar olish ancha soddalashtirilganligi, elektron raqamli imzolarni ham hozirda onlayn tarzda olish mumkinligi juda qulay deb oʻylayman. Biz DXA boshqarmasi vakillari bilan kelishgan holda, yuqori sinf oʻquvchilari va oʻqituvchilar uchun Qarshi shahar davlat xizmatlari markazlarida ochiq darslar, ekskursiyalar oʻtkazishga kelishib oldik.”,- dedi maktab direktori Zebiniso Tursunova.

Hozircha bir shahar miqyosida, keyinchalik esa respublikaga joriy etiladigan ushbu tajriba nafaqat davlat xizmatlari olish koʻnikmasini rivojlantirishga, balki aholini qiynayotgan masalalar, holatlar haqida xabardor boʻlishga ham yordam beradi, yaʼni oʻziga xos “Feedback”-“Qayta aloqa” oʻrnatish hamdir.

Taklif etilayotgan xizmat turlari va ularning sifati, qaysi jihatlariga koʻproq eʼtibor berish lozimligi, qaysi protsedurani yengillashtirish yoki bekor qilish haqida aynan xizmat isteʼmolchisidan fikr olish faqatgina tizimni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Aholining huquqiy madaniyatning oshishi va keyinchalik davlat xizmatlari “qiyin va mutlaqo tushunarsiz” jarayon toifasidan “oddiy, kundalik odat” darajasiga aylanishiga erishish – Qarshi tajribasining asosiy va birlamchi vazifasidir!

DXA Qashqadaryo viloyat boshqarmasi Axborot xizmati