Mazkur qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 70 va 91-moddalariga siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar koʻrsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining oʻttiz foizidan qirq foizga oshirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.    

Loyihani tayyorlashda xorijiy tajriba ham oʻrganildi. Bu boradagi koʻrsatkichlar xorijiy davlatlarda turlicha shakllangan. Xususan, Yevropa davlatlarida 40-50 foiz, MDH davlatlarida 25-30 foiz atrofida belgilangan. Rossiya, Belarus va Tojikistonda esa ayollar uchun kvotalar nazarda tutilmagan. Armanistonda 25 foiz, Qozogʻistonda ayollar bilan birgalikda yoshlar va nogironlar 30 foiz, Qirgʻizistonda esa nomzodlarning koʻpi bilan 70 foizi bir jins vakili boʻlishi mumkinligi koʻzda tutilgan.  

Muhokamalarda soʻz olgan deputatlar ushbu qonun loyihasining ahamiyati muhimligini, ayollarning jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishdagi rolini kuchaytirishga, siyosiy faolligini oshirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.    

Shuningdek, yurtimiz gender tenglik boʻyicha xalqaro reytinglarda yuqori pogʻonalarga koʻtarilayotgani eʼtirof etildi. Jumladan, Parlamentlararo ittifoqning 2023-yil 1-yanvardagi maʼlumotlarida siyosatdagi ayollar reytingi boʻyicha 190 mamlakat ichida Oʻzbekiston 50- oʻrinda qayd etilgan.    

Fikr-mulohazalardan soʻng qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda ham koʻrib chiqilib, qabul qilindi.