Qonun loyihasining asosiy maqsadi – Ommaviy inson huquqlari deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan vijdon va din erkinligiga boʻlgan huquqni taʼminlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish.
Yangi tahrirdagi Qonun loyihasi 6 bob, 49 moddadan iborat boʻlib, unda amaldagi Qonun bilan solishtirganda quyidagi oʻzgartirish va yangiliklar nazarda tutilgan:
- qonunosti hujjatlar bilan tartibga solinadigan munosabatlar toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi yagona qonunga birlashtirilgan;
- vijdon erkinligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari va prinsiplari belgilangan;
- ushbu sohadagi vakolatli davlat organlarining vazifa va funksiyalari chegaralari aniq belgilangan;
- diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatiga olish tartib-taomili soddalashtirilgan, xususan:
-
- taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqartirilgan;
- ularni notarial va boshqa shakllarda tasdiqlashga doir talablar bekor qilingan;
- davlat xizmatlari toʻliq elektron shaklda koʻrsatilishi nazarda tutilgan;
- roʻyxatga olishni rad etish uchun asoslar aniq belgilangan.
Vijdon erkinligini taʼminlash maqsadida Qonunning yangi tahririda amaldagi Qonundagi bir qator talablar bekor qilindi, xususan:
- diniy tashkilotni tashkil etish uchun mahalla fuqarolari yigʻinlarining roziligini olish tartibi bekor qilindi;
- diniy tashkilotni roʻyxatga olish uchun zarur boʻlgan tashabbuskorlar soni 100 nafardan 50 nafargacha kamaytirildi;
- diniy taʼlim muassasalarida diniy taʼlim beruvchi shaxslar uchun mahalliy boshqaruv organining roziligini olish talabi bekor qilindi;
- diniy tashkilotni roʻyxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish muddati uch oydan bir oygacha qisqartirildi;
- diniy tashkilot ustavi va uning roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma dublikatini olish tartibi bekor qilindi.
Qonun loyihasida quyidagilar ham qayd etilgan:
- vijdon erkinligini taʼminlashning asosiy prinsiplari;
- diniy tashkilotlarning huquqiy maqomi, ularning faoliyatini tashkil etish asoslari;
- diniy tashkilotni tashkil etish tartibi;
- diniy tashkilotni roʻyxatga olish va qayta roʻyxatga olish tartibi.
Yangi qonun loyihasi bilan belgilangan qoidalar Oʻzbekiston xalqaro shartnomalari talablariga toʻla muvofiq keladi.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Bahodir Qayumov.