O'zbek va tojik xalqlari azal-azaldan bir-biri bilan do'stu birodar, yondosh-jondosh bo'lib yashab keladigan, urf-odati, dini, mazhabi, tarixiy ildizi, to'y-azasi bir xalq, tillari ko'p jihatdan hamohang, bir-birini to'ldiruvchi, qo'llab-quvvatlovchi ellar sanaladi.

Qadim zamonlardan Movarounnahr va Xuroson, qolaversa, butun Markaziy Osiyo hududlarida ahil-inoq hayot kechirib, turli bosqinchi kuchlarga qarshi yonma-yon turib ona yurtini himoya qilgan, boy yozma adabiyoti, milliy qadriyatlari, san'at va madaniyati, dinu diyonatini ko'z qorachig'idek asrab kelayotgan bu qondosh-qarindosh ikki millat, ayniqsa, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy do'stligi timsollarida bor bo'y-basti bilan jahon hamjamiyatini hayratga solib kelmoqda.

Juda ko'p so'z va atamalar, jumladan, vatan, diyor, dilbar, oftob, nur, muhabbat, sadoqat, sharaf, halol, or-nomus, tabiat, hayo va boshqa ko'plab tabarruk tushunchalar o'zbek va tojik tillarida bir xil yangraydi, qadrlanadi.

Taomlarimizda ham o'xshash jihatlar bisyor. Uy-joy qurish arxitekturasi, ya'ni ayvon, dahliz, tokcha, taxmon, poygak, darvozaxona, mehmonxona, dasturxon singari atamalardagi mazmun-mantiq turmush tarzimizdagi yaqinlikdan dalolat emasmi?

Ota-onani e'zozlash, opa-singil, aka-uka, farzand-nevaraga e'tiborning juda nozik qirralari, barhayot ma'naviy rishtalar o'zaro mushtarak an'analarimizni namoyon etib turadi.

Umuman olganda, o'zbek va tojik xalqlari bir daryoning ikki sohili, bir ruboiyning ikki baytidek ajralmas, yaxlit va uyg'undir.

Xalqlarimiz o'rtasidagi bu azaliy aloqalar, hamkorlik va barqaror ma'naviy muhit, ayniqsa, keyingi to'rt-besh yilda mutlaqo yangi bosqichga ko'tarildi, yangicha shakl va mazmun kasb etdi.

Bu o'rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Tojikiston Respublikasiga ikki marta rasmiy tashrifi va Tojikiston Prezidenti emomali Rahmonning jonajon O'zbekistonimizga davlat tashrifini alohida ta'kidlash joizdir.

Mazkur tashriflar samarasi o'laroq, davlatlararo siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy hamkorlik dasturlari misli ko'rilmagan miqyos va hajmlarda amalga oshirilmoqda.

Chegaralarning ochilishi, viza rejimi bekor qilinishi tufayli ikki mamlakat xalqi uchun emin-erkin, tinch-totuv, baxtli va farovon yashash, bordi-keldi, quda-andachilik rishtalarini yanada mustahkamlash imkoniyati kengaydi.

Jumladan, Samarqand viloyati Tojik va tojikzabon milliy madaniy markazi ushbu imkoniyatlardan keng foydalanib, o'zaro do'stlik, insonparvarlik, milliy va umumbashariy an'analarni mustahkamlash, adabiy aloqalarni kengaytirish, ikki millat ijodkorlari asarlarini kitob shaklida nashr qilish hamda ularni keng targ'ib qilishga alohida e'tibor qaratib kelmoqda.

Xususan, shu kunga qadar nashr etilgan “Saodati do'sti”, “Ayniyshunoslik Samarqandda”, “Si guftor az si tor”, “Armug'on”, “Subh ba xayr” nomli she'riy-publitsistik kitoblar o'z muxlislarini topdi.

Taniqli adabiyotshunos olim Xoliq Mirzozoda, Sadri Sa'diev, adiblardan Habib YUsufiy, Abdusalom Dehotiy, Loyiq SHerali, Mirzo Tursunzoda, Hoji Abdulaziz Abdurasulov va boshqalarning xotira va ijodiy kechalari uyushtirildi.

Quvonarlisi, bu yil 21-mart kuni Samarqand ahli uchun qo'shaloq bayram bo'ldi. Navro'z tantanalari doirasida muhtasham “Do'stlik uyi” binosi foydalanishga topshirilgani biz, 11 ta milliy madaniy markaz uchun unutilmas voqea, bebaho tuhfa bo'ldi. Barchamiz bu tashabbus va e'tiborni davlatimiz rahbariyati tomonidan umrboqiy do'stlikka qo'yilgan ma'naviy haykal sifatida qabul qildik.

O'tgan yili O'zbekiston tomonidan Tojikistonning Xo'jand va Regar shaharlarida qurilgan oliy ta'lim muassasasi filiali va maktab binolari o'z talaba-o'quvchilarini bag'riga olgan bo'lsa, bu yil Samarqand viloyatining Urgut tumanida Tojikiston Respublikasi tomonidan banyod etilgan, barcha shart-sharoit va qulayliklarga ega ta'lim muassasasi ishga tushirildi.

Yurtimizda birinchi marotaba 30 iyulning Xalqlar do'stligi kuni sifatida bayram qilinishi ham milliy madaniy markazlarni kelgusida yanada baland ruh va jo'shqin faoliyat yuritishga undaydi.

Markazning yillik rejasidagi ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar qatoridan o'zbek adabiyotining bir qator sara namunalarini tojik tiliga tarjima qilish hamda nashr etish ham o'rin olgan. O'ylaymizki, bu xayrli ish adabiy aloqalarimizning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Akbar MAHMUDOV,

Samarqand viloyati Tojik va tojikzabon

 milliy madaniy markazi rahbari