“O'zbek” desa, tojigim totgan kabi asaldan,

“Tojik” desam, tilimdan bol tomadi azaldan.

Ajdodlari darddoshdir, avlodlari elkadosh,

Navoiy navo olgan Jomiy bitgan g'azaldan.

 

Er desang, eri tutash, boshida osmoni bir,

Ming-ming yillardan buyon orzuyu armoni bir.

Tinchligi tumoridir, barakasi – baxtidan,

Asrab yashar bir-birin, qadriga qalqoni bir.

 

Kaftlarin xush duoga doim birga ochganlar,

Bir-birlarin yo'liga mehrdan nur sochganlar.

Etti o'lchab bir kesgan ulug' donolaridek,

Mushkularini mudom kengash bilan echganlar.

 

Bir kelida bug'doyin birga yanchgan momolar,

Bir daryoning suvini bo'lib ichgan bobolar.

Hurligidan shodumon, zamon bilan hamnafas,

Ikki xalqning tilida yangramoqda navolar.

 

“O'zbek” desa tojigim totgan kabi asaldan,

“Tojik” desam tilimdan bol tomadi azaldan.

Bu yangi O'zbekiston, bu yangi Tojikiston,

Yangi do'stlik tarixi yozilmoqda zarhaldan!

Mahmud TOIR,

O'zbekiston xalq shoiri