Davlatimiz rahbarining bulbulzabon baxshilar maskani Termizdan keyin Qoraqalpogʻistonda oʻtgan 2-Xalqaro baxshichilik festivali ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigida quyidagi satrlar bor:

“Qoraqalpogʻiston deganda, avvalo, mardlarga vatan boʻlgan, mehnatkash va olijanob el yashaydigan betakror diyor koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi. Bu zamindagi Tuproqqalʼa, Ayozqalʼa, Katta Guldursunqalʼa, Ellikqalʼa kabi noyob obidalar qadimiy sivilizatsiya va madaniyatning tarixiy ildizlaridan dalolat beradi. Ularni bir bora koʻrgan, bepoyon kengliklarda baxshi va jirovlardan doston va termalar tinglagan inson bu diyorga umrbod maftun boʻlib qoladi”.

Bu ayni haqiqat. Zero, qoraqalpoqlar Yevroosiyo zaminining qaysi kengliklari – xoh u Edilu Yoyiq, xoh Jayhunu Sayhun, xoh Dashti Qipchoq, xoh Turonu Turkiston hududida umrguzaronlik qilmasin, dutor bilan qoʻbizni qoʻlidan qoʻymadilar. Bundan yetti asr muqaddam Soʻpposli Sipira jirov dostonlarini hatto Oltin Oʻrda hukmdorlari ham sehrlanib tinglagan. Qoraqalpoqlarning oʻn sakkizinchi asrdagi Turkistondagi taqdirini buyuk Jiyan jirov “Poʻsqon el” dostonida bagʻri biryon boʻlib kuylagan. Bu mard xalqning Orol va Amu sohillariga koʻchgan paytidagi jasorati Kunxoʻja, Ajiniyoz, Berdaq, Oʻtesh, Umar, Ayapbergan, Abboz, Sodiq shoirlar bitgan yozma dostonlarda oʻz ifodasini topdi.

Ayni chogʻda qoraqalpoq folklori butun turkiy xalqlar ogʻzaki ijodida keng eʼtirof etilgan javohirlar ummonidir. Bu nafis soʻz ummoni yana bir ulkan quyma soʻz dengizi – oʻzbek xalq dostonchiligidan quvvat oladi. Zero oʻzbek xalq dostonlarining umumiy soni 200 dan oshadi.

“Alpamыs” (biz oʻzbeklarda “Alpomish”, qozoqlarda “Alpamыs batыr”, oltoylarda “Alыp-Manash", boshqirdlarda “Alpamыsha i Barsыn-Xыluuu” qozon tatarlarida “Alpamsha”,) “Qыrыq qыz”, “Maspatsha”, “Yedige”, “Qoblan”, “Shariyar”, “Goroglы” kabi qirqdan ortiq qahramonlik eposi, ishqiy-romantik dostonlari qoraqalpoq folklorining noyob javohirlaridir. Oʻzbekistonda Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Poʻlkan shoir, Ergash Jumanbulbul oʻgʻlidan tortib oʻttizdan ortiq mashhur baxshi “Alpomish”ni kuylagan. Bu buyuk dostonning qirqdan koʻproq muqobil matni bor. Dostonning bosh gʻoyasi yurt daxlsizligi, insonning insonga mehru muhabbati, yovlarga qarshi nafrat tuygʻularidan iborat. Bu hissiyotlar Alpomish, Barchin, Qaldirgʻoch, Qorajon, Boyboʻri, Boysari, Qultoy, Yodgor, Ultontoz obrazlari orqali ifodalanadi. Qoraqalpoqlarning qoʻbiz bilan aytilguvchi “Alpamыs” dostonida esa Alpomish, Gulbarchin, Jontiles, Oltinsoch, Jadiger, Qultoy, Toychixon obrazlari bor. Shuni taʼkidlash kerakki, yaqinda bosmadan chiqqan “Qoraqalpoq folklori”ning yuz jildligiga shu dostonning sakkiz varianti kiritildi. 7 ming satrdan iborat birinchi variantni chimboylik Oʻgʻuz jirov, yaʼni Xoʻjambergen Niyozovdan atoqli adabiyotshunos Qalli Ayimbetov yozib olgan. Dostonning ikkinchi variantini qoʻngʻirotlik Yesemurat jirov Nurabullayevdan kegaylilik Rambergan Xoʻjambergenov yozib olgan. 15 ming satrdan iborat uchinchi variantni toʻrtkoʻllik Qurbonboy jirov Tojiboyevdan shoir va olim Ortiq Karimov yozib olgan. 11 ming satrli toʻrtinchi variantni chimboylik Qiyos jirov Qayratdinovdan yana oʻsha Ortiq Karimov yozib olgan. Dostonning beshinchi variantini xalqobodlik Karam jirov Nagʻiymovdan Abdugʻani Jamolov, Nasriddin Kamolov, Qolboy Mambetnazarov, oltinchi variantini qanglikoʻllik Arzimbet jirovdan professor Qobul Maqsetov, yettinchi variantini erkindaryolik Tangribergan jirov Toʻreniyozovdan Abdugʻani Jamolov, sakkizinchi variantini bundan 120-yil muqaddam toʻrtkoʻllik Jiyemurat jirov Bekmuhammedovdan Abubakir Ahmadjon oʻgʻli Divayev yozib olgan. Dostonni birinchi boʻlib A.Divayev Turkiston general-gubernatorligi bosmaxonasida chop ettirgan.

Bugungi kunda dostonni chimboylik Qoraqalpogʻiston xalq jirovi Baqbergan Sirimbetov maromiga yetkazib kuylamoqda. U bu aytimni otasi, Oʻzbekiston xalq hofizi Jiqsiliq Sirimbetovdan, Jaqsiliq ogʻaning oʻzi esa Qiyos jirov Qayratdinovdan oʻrgangan. Dostonning soʻzlari oʻta xalqchil:

Mol yoyganim Boysun koʻlin yoqasi,

Soʻzni tinglar yigitlarning donosi.

Kelbatingiz koʻrsam sherning oʻzisiz,

Siz boʻlursiz qaysi elning bolasi?

Yoki:

Xondan kelgan xon ogʻa,

Biydan kelgan bek ogʻa.

Toʻngʻichingiz qaynogʻa,

Kichigingiz toʻq ogʻa,

Oʻrtanchangiz tengdoshim,

Uvol qilma koʻz yoshim!

“Qirqqiz” dostoni qoraqalpoq xalqining tengsiz maʼnaviy xazinasi. “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Oshiq Gʻarib” va boshqa qator dostonlardan farqli oʻlaroq, bu doston faqat qoraqalpoq xalq ogʻzaki ijodiga mansubdir. Qoraqalpoq diyoriga mehr qoʻygan ulkan shoir Mirtemir 1956-yilda Uygʻun domla bilan birga “Qirqqiz” dostonini mahorat bilan ona tilimizga oʻgirdi. Bu oʻrinda shu kunlarda tavalludining 100-yilligi keng nishonlanayotgan atoqli adib va davlat arbobi Sarvar Azimovni esga olmaslik mumkin emas. Aynan u Yozuvchilar uyushmasi raisi boʻlganida qoraqalpoq adabiyoti targʻibotiga alohida eʼtibor berdi. Birinchi bor rais boʻlganida uning topshirigʻi bilan bir necha qoraqalpoq dostoni oʻzbek tiliga tarjima qilindi. “Qoraqalpoq sheʼriyati antologiyasi” chop etildi. Aynan uning tavsiyasi bilan buyuk qoraqalpoq dostonchisi Qurbonboy jirov Tojiboyevdan 10 dan ortiq doston yozib olindi. Ular orasida “Er Qoʻsoy”, “Er Zevar”, “Er Sayin”, “Shirin va Shakar”, “Menglixol”, “Boʻzjigit”, “Qonshoyim”, “Boltakay botir”, “Jonodil” va boshqa ajoyib dostonlar bor edi. Shaxsan shu insonning tavsiyasi bilan yosh olim Qobul Maqsetov Qurbonboy jirovdan “Qirqqiz” dostonini yozib oladi. Taniqli tarjimon Arseniy Tarkovskiy dostonni rus tiliga oʻgiradi. Qurbonboy jirov 1956-yili Jahon yoshlari musiqa festivalida ishtirok etadi. Festivalga buyuk baxshi bilan birga yoshgina bola – Otajon Xudoyshukurov ham borib, taburetka ustida turib ilk qoʻshigʻini aytadi. Qurbonboy jirovdan jami 17 ta doston yozib olingan.

“Qirqqiz” dostoni syujeti hozirgi Beruniy tumanining Sarkoʻp qalʼasi bilan bogʻliq. Yovlar qalʼani egallab, uning hokimi Olloyorni asir oladi. Olloyorning mardlikda yagona qizi Guloyim oʻz atrofiga sarkoʻplik qirq suvoriy qizni toʻplab, dushmanga qaqshatkich zarba beradi. Bunda unga xorazmlik botir Arslon yaqindan yordam koʻrsatadi. Doston jahon adabiyotida kamdan-kam uchraydigan jasur amazonkalar haqidagi asardir. Men oʻsha qalʼa yaqinida tugʻilganman. Uni oʻz koʻzim bilan koʻrganman. 1964-yili Eski Kot kanali oʻzani yaqinida yangi arna qurilishi munosabati bilan qalʼa buzib tashlandi. Eski uyimiz qalʼa qoldigʻidan ellik qadam sharqda joylashgan edi. Hozir Sarkoʻp ovulimizda yigirmadan ortiq xonadonda Guloyim ismli momolar, Guloyim ismli juvonlar, Guloyim ismli qizlar bor.

Arslon obrazi haqida gap ketganda 60 dan oshiq Xorazm xalq dostonlarini eslamaslik mumkin emas. Mening bobom Kenja Muhammad oʻgʻli 25 ta, Bola baxshi (Qurbonnazar Abdullayev) 20 ta Xorazm xalq dostonini yod bilgan. Otam Bozorboy Qoʻchqorov ilgʻor paxtachilik brigadasi boshligʻi boʻlishiga qaramay, “Bozirgon” turkumidan 4 dostonni yod aytar edi. Xorazm dostonchiligining eng buyuk vakili Oshiq Oydin “Xirmondali”, “Oshiq Najab”, “Oshiq Alband”, “Oshiq Gʻarib va Shohsanam”, “Yusuf va Ahmad”, “Huriliqo va Hamro” kabi dostonlarni bulbul boʻlib kuylagan. Oshiq Oydin yashagan manzilda 1991-yili xalqaro baxshichilik bellashuvi boʻlib, unda 92 yoshli Bola baxshi farzandlari Norbek, Matyoqub, Yetmishboy bilan “Xirmondali” dostonini kuylaganiga oʻzim guvoh boʻlganman. “Oshiq Gʻarib va Shohsanam” dostonini ovrupolik atoqli sayyoh, olim Vamberi qoʻngʻirotlik Mulla Isʼhoq koʻmagida yozib olgan. Xorazm baxshichilik maktabida Rizo baxshi, Suyov baxshi, Erniyoz baxshi, Eshvoy baxshi xalq orasida juda mashhur boʻlgan:

Eshvoy baxshi ovozali,

Qibla yonda darvozali,

Palovlari koʻp mazali,

Kuyla, Eshvoy, tillaringdan.

Naql qilishlaricha, xon Eshvoyni tadbirga chaqirganida Qoʻshkoʻpirdagi bir kambagʻalning toʻyida ushlanib qoladi. Gʻazablangan xon uni Koʻkminor (Kaltaminor)dan tashlashni buyuradi. Eshvoyning oltin ovozini suygan butun Xiva ahli Koʻkminor atrofiga oʻz koʻrpa-toʻshaklarini yoyib chiqadi:

Baxshidan aylansin Xiva qalʼasi,

Tagiga toʻshaldi gilam, palosi,

degan satrlar bejiz toʻqilgan emas. Eshvoy baxshi birgina “Goʻroʻgʻli” turkumidan 16 dostonni yod bilgan. U yaratgan kuylar asosida “Urganj Eshvoyi”, “Kurd Eshvoyi”, “Fargʻona Eshvoyi” kabi taronalar bor. Ernafas baxshi, Usmon baxshi, Jumanazar baxshi, Bekjon baxshi, Ernazar baxshi, Matnazar baxshi, Mahmud baxshidek yuzlab baxshilar Xorazm dostonchiligini yuksak pogʻonalarga koʻtargan.

Qoraqalpoq jirovlaridan Shanqay, Jiyemurat, Nurabulla, Yerpoʻlat, Yesemurat, Qurbonboy, Oʻgʻuz, Qiyosni tilga oldik. “Edigey” dostonini Yesumurat va Qiyos jirovdan keyin Oʻzbekiston xalq baxshisi Jumaboy Bozorov qoyilmaqom tarzda kuyladi. “Qoʻblon” dostonini nukuslik telpakdoʻz jirov Shomurat Bekmuratov ijro etdi. “Maspodsho” dostoni ijrosida Qiyos jirov Qayratdinov peshqadam boʻldi. Ammo qoraqalpoq xalq dostonlarini ijro etuvchi baxshilar maktabi ham borki, ulardan Gʻaribniyoz, Aqimbet, Musa, Juman, Eshvoy, Boyniyoz, Eshchon, Qorajon, Ahmad, Oltiboy, Namozboy (ikkalasi turkman tilida kuylashgan), Japaq baxshilarning dovrugʻi yetti iqlimga taralgan.

Buyuk shoir Berdaq va uning qizi Hurliman qoraqalpoq folklorining eng mohir ijrochilari edilar. Musa baxshi Turimov, Qiyos baxshi Qayratdinov, Japaq baxshi Shomuratov, Yesjan baxshi Qoʻspoʻlatov, Kenjaboy baxshi Tleumuratov xalq sevgan baxshilardir.

Oʻn toʻqqizinchi asrning ikkinchi yarmida quyi Amudaryo hududida Eshvoy baxshi, Suyov baxshi va Aqimbet baxshi eng mashhur soʻz ustalari boʻlishgan. Ularning har biri oʻnlab ajoyib shogird tayyorlagan. Bu betakror baxshilar ichida Shabboz elining beqiyos farzandi Musa baxshi Turimov (1836-1907) alohida ajralib turadi. U, birinchidan, ulugʻ Aqimbet baxshining koʻp sonli izdoshlari ichida eng yorqin isteʼdodga, xush ovozga, teran musiqa taʼlimiga ega shogirdi edi. Ikkinchidan, Musa baxshi Xorazm baxshichilik maktabining otasi hisoblangan Eshvoy baxshi merosidan ham barakali tarzda bahramand boʻlgan. Uchinchidan, u nafaqat xorazmliklar, toshhovuzliklar, qoraqalpogʻistonliklar, balki Buxoro zaminida ham keng eʼtirof etilgan Suyov baxshidan koʻp narsa oʻrgangan. Musa baxshi Turimov oʻzbek, qoraqalpoq, turkman tillarida qoʻshiqlar, termalar, dostonlarni mohirlik bilan ijro qilgan.

Berdaq Qargʻaboy oʻgʻli qoraqalpoq yozma adabiyotining asoschisi boʻlish barobarida buyuk baxshi ham edi. Uning avlodlari Qorajon baxshi va Hurliman baxshi qoraqalpoq baxshichilik sanʼatida oʻz oʻrinlariga ega. Berdaq ajoyib zamondoshi Musa baxshiga katta sheʼr bagʻishlagandi. Sheʼrda:

“Taʼrif etsam uni doʻstlar,

Odamzodning vaqtin xushlar,

Qayriladi uchgan qushlar,

Sozin eshitsa Musaning”, degan quyma satrlar bor. Taniqli sanʼatshunos olima Tojigul Adamboyeva oʻz monografiyasida barcha qoraqalpoq baxshilari qatorida Musa Turimov ijrochilik maktabiga alohida toʻxtaladi. Buyuk Berdaqning yuqorida taʼkidlangan sheʼri matnini toʻliq beradi. Kitobdan Musa baxshining toʻngʻich farzandi Davletyor baxshining surati ham oʻrin olgan. Davletyorning otasi Musa, Musaning otasi Turim, Turimning otasi Doʻsimqul, Doʻsimqulning otasi Esimqul edi. Turim ogʻa Biybozor, Qalandarxonadan tashqari Shoʻraxonning Chibiqli ovulida ham dehqonchilik qilgan. U turmush oʻrtogʻi Jumabeka bilan Musa, Doʻstbergan, Xudoyor ismli farzandlarini tarbiyalagan. Shabboz va Shoʻraxonda “Sariq xotin” deb nom chiqargan Jumabeka aya toʻylarda tizzasiga goʻdak Musani oʻtqazib qoʻyib, terma aytar ekan. Soʻz va sozga muhabbat Musa baxshiga ona suti bilan kirgan edi. U yetti yoshidan boshlab “Yusuf Ahmad”, “Zuhra va Toir”, “Sayotxon va Hamro”, “Huriliqo va Hamro” dostonlarini qulogʻiga quyib oladi. 1868-yili oʻn toʻrt yashar Musa baxshi hayotida unutilmas voqea yuz beradi. U oʻz davrining buyuk baxshisi Aqimbetning shogirdiga aylanadi. “Yetti asrim”, “Beshparda” degan ajoyib kuylarini, “Sen yorim” ashulasini yaratadi. Xiva xoni saroyida “Kelar sallona-sallona” degan qoʻshiq bilan shuhrat qozonadi. U gʻurur bilan “Men soʻzim bilan sozimni ikki sohilga ham barobar manzur qilishim kerak!” degan ekan. Keyin Musa baxshi Buxoroyi sharifga borib, xalq musiqasi sir-asrorlarini oʻrganadi. Botirlarning mardligini tarannum etgan Beruniy eli azaldan sanʼat yurtidir. Ayniqsa, xalq ogʻzaki ijodi bu yerda juda ommalashgan edi. Keyinchalik Musa baxshining ishini Namozboy baxshi, Oltiboy baxshi, Juman baxshi, Ahmad baxshi, Abdi baxshi davom ettirdi.

Oʻtgan asarning yigirmanchi yillari oxirida hozirgi Beruniy tumani hududida teatr truppasi tashkil etilib, unga Jumak Abdurahmonov badiiy rahbar boʻlgan. Biroz keyinroq bu vazifani mashhur sanʼatkor Xoʻjaniyoz gormonchi Jumaniyozov oʻz zimmasiga oladi. Truppa tarkibida Ollom Bekchonov, Sobir Gadoniyozov, Yusuf Madrahimov, Qadam Qutliyev, Soli Gʻafurov, Abdulla Seyitnazarov, Madiyor Yoʻldoshev, Fayzulla Abdullayev, Yoʻldosh Obdolov, Ibodulla Otashev, Yangiboy Xolmurodov, Oltinoy Sobirova, Niyozjon Qoʻchqorova bor edi. O.Sobirova keyinchalik Qoraqalpogʻiston xalq artisti, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist boʻldi.

Ayni kunda Beruniy tumanidagi bolalar musiqa va sanʼat maktabi butun mintaqa tarixida xalq ogʻzaki ijodini mohirona ijro etish bilan shuhrat qozongan, bu borada betakror maktab yaratib ketgan Musa baxshi Turimov nomi bilan yuritilmoqda. U yerda anʼanaviy ijrochilik, Sharq va Gʻarb musiqasi nazariyasidan avval oʻz baxshichilik va jirovchilik tarixi, shu jumladan, buyuk Musa baxshi merosi chuqur oʻrganilmoqda. 1988-yilning 27-martida taniqli baxshi qabriga yodgorlik lavhasi oʻrnatildi.

— Yangi Oʻzbekistonda yangi hayot nafasi, Uchinchi Renessans nishonalari deganimda men oʻzim mansub boʻlgan baxshichilik sanʼatidagi olamshumul oʻzgarishlarni his qilaman, — deydi Oʻzbekiston xalq baxshisi Qayratdin Oʻtemuratov. — Besh yil ichida Termiz, Nukus va Guliston shaharlarida 3-marta baxshichilik sanʼati xalqaro festivali oʻtgani tarixiy voqelikdir. Bu anjumanlar ming yil davomida xalq dostonlarini kuylab oʻtgan yuzlab baxshi va jirovlar ruhini shod qildi. Bir anjumanda yonimda oʻtirgan rahmatli Oʻzbekiston xalq baxshisi Abdunazar Poyonov: “Bu ishlar yetti uxlab tushimizga kirmagan edi. Ne-ne ustozlarimiz qadr koʻrmay, oltindan aʼlo asarlari ichida qolib oʻtib ketdilar. Agar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu ishlarning boshida turmaganida, men Qiziriqda, sen Kegaylida nomu nishonsiz qolib ketardik. Bunday mamlakatni sevmay boʻladimi?” deb terma toʻqigan edi. Hozir Abdunazarning ham, mening ham oʻnlab shogirdlarimiz bor. Ustozim Kenjaboy baxshi Tleumuratovning “Shogirdsiz baxshi mevasiz daraxtdir”, deganini bot-bot eslab turaman. Baqbergen Sirimbetov, Jonibek Piyazov, Baxtiyor Yesemuratov, Ziyoda Sharipova, Gulbahor Aqimbetovaning xalqaro tanlovlardagi gʻalabasidan oʻzim gʻolib boʻlgandek quvondim. Dostonlar ellarni, dillarni, tillarni birlashtiradi!

Yangiboy QOʻCHQOROV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi