Dublyaj “qiroli”

    Bolaligi Toshkentning Kamolon mahallasi — hozirgi Milliy bogʻ atrofida oʻtgan sohir ovoz sohibi Afzal Rafiqov

    U ham avvallari chiqindilar uyumidan xunuk koʻrinish kasb etgan qadim qabristonlar oʻrni, bugungi soʻlim Adiblar xiyobonida tengqurlari bilan koptok tepgan. Ariqlarda zavqlanib oqqan, qattiq nonni suvga oqizib yegan. Bir bolaning yorqin kelajagi uchun nimaiki kerak boʻlsa, undan-da ortigʻini ota-onasi harakatlarida koʻrgan bolakay qiziqishi, istaklari yoʻlida baʼzan ularning raʼyiga qarshi ham chiqqan. Ammo bu qarshiliklar uning ijod va sanʼat olamida oʻz oʻrnini topishiga, xalqimizning “dublyaj qiroli” degan eʼtirofiga sazovor boʻlishiga monelik qilmadi.

    Oʻzbekiston xalq artisti, dublyaj ustasi Afzal Rafiqovning serqirra faoliyatiga nazar tashlash asnosida dildan suhbatlashdik.

    Ovozning sohirligi dublyajning muvaffaqiyati emas

    Yaqinda Kinematografiya agentligi tashabbusi bilan Kinematografiyani rivojlantirish markazi huzurida avvalgi oʻzbek dublyaj maktabi anʼanalarini davom ettiradigan dublyaj maktabi, shu bilan birga, studiya tashkil etildi. Unga yana bir tirik afsona, oltin davr vakilasi, dublyaj aktrisasi Mukambar Rahimova rahbarlik qilayotgani yanada hayratlanarli. Zero, yoshi toʻqsonni qoralab qolganida ham yoshlarga tajriba oʻrgatish, mahorat maktabiga rahbarlik qilish oson emas. Eng muhimi, endi Kinematografiya agentligi tomonidan suratga olinadigan filmlarni shu yerda ovozlashtirish imkoniyati mavjud. Dublyajga qiziquvchilar maktabga kelib, professional dublyaj ustalaridan soha sir-asrorlarini oʻrganishi mumkin.

    Afzal Rafiqov dastlab dublyaj va oʻzbek dublyaj maktabining taqdiri, qolaversa, yangi tashkil etilgan maktab istiqbolini nechogʻliq tasavvur qilishi haqida soʻz yuritadi.

    — Avvalo, dublyaj deganda nimani tushunamiz? Deylik, boshqa tilda suratga olingan filmni oʻzbek tiliga oʻgirish jarayoni. Ilgari dublyaj qilingan filmlarda tasvir, musiqa, shovqin, aktyorlar ovozi yozilgan kinotasmalar alohida saqlanar va alohida yozilardi. Original aktyorlar ovozi olib tashlanib, oʻrniga oʻzbek aktyorlariniki qoʻyilardi. U chinakam, sof dublyaj boʻladi. Filmni koʻrayotganda oʻzbek tilida olingan deb oʻylash — oʻzbek dublyajining eng yuksak yutuqlaridan biri. Oʻzbekistonda dublyaj sanʼat darajasiga koʻtarilgan bir paytda “Oʻzbekfilm”da yiliga kamida 60 ta film oʻzbek tiliga oʻgirilardi. Badiiy jihatdan barcha filmlar sifati juda yuqori boʻlgan. Oʻsha paytlarda Moskva yoki Leningradda Butunittifoq dublyaj filmlar festivali oʻtkazib turilardi. Bizning filmlar hech qachon 1-2-3-oʻrinlardan tushmagan. Sababi, oʻzbek dublyajining oʻziga xos maktabi bor edi. Bu maktabni yaratishda esa Abdulla Qahhor kabi atoqli adiblar ishtirok etgan. Rejissyorlar ham juda mahoratli boʻlgan. Zero, dublyaj rejissyorligi boshqa rejissyorlik ishlaridan farq qiladi. Rejissyordan ekrandagi xarakterga aynan tushadigan aktyorni topa bilish talab qilinadi. Film muvaffaqiyatining 60-70 foizini toʻgʻri taqsimot hal qiladi. Ilyos Yoqubov, Sofa Imomqulova, Eson Karimov, Sobit Saidov kabi rejissyorlar bu borada gʻoyat tajribali edi. Ular tanlagan ovozlar ekrandagi qahramonlarning ham botini, ham zohiriga mos tushardi. Bu dublyajda juda muhim. Qahramonning xarakteriga mos tushmagan ovoz tomoshabinning ham gʻashiga tegadi.

    Dublyajni aktyorlik mahorati bor odam qilishi kerak. Biroq ovoz baribir birinchi oʻrinda turadi. Ovozning oʻziga xos xususiyati ham shunda. Insonning ovozini eshitib turib, u qanday odam, qiyofasi qanday, taxminan tasavvur qilasiz. Koʻpincha bu taxmin 50 foiz toʻgʻri chiqadi. Akademikka ovoz bersangiz, ovozingizda akademikka xos salobat boʻlishi kerak. Bu xatti-harakatga qarab boʻladi. Ovoz ortida zakovat, zehn, farosat ham boʻlishi kerak.

    Televizion dublyajda original ovoz eshitilib turadi. Shuning uchun buni kadr ortidan sinxron tarjima deyilsa, toʻgʻri boʻladi. Bu ikkita holatda aktyorlar oldida turadigan vazifa qarama-qarshi. Sof dublyajda aktyor bor vujudi bilan rolga kirib ketishi kerak boʻlsa, televideniyeda vazifa butunlay boshqacha. Nazarimda, televizion dublyajda tomoshabinga filmni koʻrishga xalal bermaslik kerak. Tarjima vaqtida yetkazib berib turilsa, boʻldi. Tomoshabin filmning ichiga kirib ketsa, qaysi tilda ekanini bilmay qolsa, ayni muddao. Televizion dublyajning eng yuksak choʻqqisi ham shunda. Baʼzilar oʻylaganidek, televizion dublyaj oson emas, aksincha, ancha murakkab. Bunda bir aktyor baʼzan hammaga ovoz berishiga toʻgʻri keladi. Masalan, “Morena Klara” serialidagi barcha erkaklarga bir oʻzim ovoz berganman. Dublyajning bu usulida ovozga boʻlgan talab juda yuqori. Insonning chehrasi kinotasma, fototasmada har xil koʻringanidek, ovoz ham turlicha. Mikrofonga tushadigan va tushmaydigan ovoz bor.

    Oʻzbek dublyaj maktabining oxirgi bitiruvchilari Oybarchin Bakirova bilan men boʻldik. Kimdir 10, kimdir 1-sinfda qolib ketdi. Maktabni bitirganlar filmlarda qahramonlarga ovoz bera olishi kerak edi. Endi oyoqqa turib, bosh qahramonlarga ovoz bera boshlaganimizda, dublyajga ehtiyoj yoʻqoldi. “Kinoprokat” degan tashkilotda chet elda yaratilgan filmlar oʻzbek tiliga oʻgirilib, 16 millimetrli tasmaga koʻchirilar, koʻchma apparatlar bilan qishloqma-qishloq yurilardi. Odamlar kino koʻrgani qishloq markazlariga jam boʻlardi. Dublyaj shuning uchun kerak edi.

    Keyingi yillarda baʼzan unut boʻlgan, baʼzan eʼtiborsiz qoldirilgan sohalar Prezidentimiz tashabbusi bilan qayta tiklanayotgani, taʼbir joiz boʻlsa, oyoqqa turayotganini koʻrish koʻngilni koʻtaradi, kishiga quvvat beradi. Masalan, avvalgi oʻzbek dublyaj maktabi tiklanayotgan va bu ishga Mukambar opa boshchilik qilayotgan ekan, professional dublyaj ustalarini tarbiyalash mumkin. Qisqacha aytganda, dublyajni ipidan ignasigacha biladi. Biroq uni avvalgi darajaga olib chiqish uchun, albatta, matonat, sabr, vaqt kerak. Zero, bugun sanʼat, madaniyatga yuksak eʼtibor qaratilyapti. Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni nishonlanayotganining oʻziyoq soha vakillari kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat qoʻshgani aniq.

    “Shu savolga javob topsangiz, bemalol dublyajda ishlayvering”

    Dublyajga ehtiyoj yoʻqolganidan keyin ovozlashtirish jarayoni televideniyega koʻchdi. Birinchi ovozlashtirilgan film “Mahobhorat” boʻldi. Dublyajga koʻp talabgorlar orasidan Hojiakbar Nurmatov, Rimma Ahmedova, Oybarchin Bakirova va meni chaqirishdi. Yoshlarga “Oʻshanda nega bizni chaqirishdi, shuni oʻylab koʻringlar”, deb koʻp aytaman, ketidan “Shu savolga javob topsangiz, dublyajda ishlayversangiz boʻladi”, deb qoʻyaman.

    Oʻsha savolimga oʻzim javob beradigan boʻlsam, yuqoridagi 4 aktyorning ovozi neytral ovozlar edi. Soddaroq qilib aytganda, toʻrtalamizning ovozimiz universal suyuqlik, yaʼni suvga oʻxshaydi. Doim ichiladi, lekin meʼdaga tegmaydi. Negaki, ovozlar bor, tinglovchi bittasini zaytun yogʻi, boshqasini namakob, yana birini balzamdek qabul qiladi. Ularni hamma ham, doim ham ichavermaydi. Bunday ovozlar oʻz xarakteridagi rollarga tushaveradi. Xarakteriga teskari rollarga duch kelganda ojizlik qilib qoladi.

    Televideniyeda Botir Zokirov toʻgʻrisida koʻrsatuv berildi. Kadr ortidagi ovoz ustida ayolim bilan oʻgʻlim tortishib qolibdi. Ayolim men emasligimni aytsa, oʻgʻlim kadr ortidagi ovoz meniki ekanini aytib, garov boylashishgacha borgan. Kechqurun kelganimdan keyin oʻzimdan soʻrashdi. Oʻgʻlim haq edi. Oʻshanda onasini krossovkaga tushirgan. Neytral ovozlarni baʼzan eng yaqin kishilari ham ajrata olmay qoladi. Mana nima uchun chaqirishgan bizni birinchi filmga?! Tanlab olingan boʻlsak-da, biz ham juda qiynalganmiz. Bir necha urinishlardan soʻng moslashganmiz televizion dublyajga.

    Sergey Gerasimov suratga olgan “Lev Tolstoy” filmida esa soʻnggi kunlarini yashayotgan cholga ovoz berishim kerak boʻlgan. 37 yoshda edim. Biz kutgan natija hech chiqavermadi-da. Bir payt miyamga qayerdan buyruq keldi, bilmayman, tik turib gapirayotgan odam oʻz-oʻzidan tizzalarim bukildi. Shunday holatda oʻzimni goʻyo qari choldek his qila boshladim. Yonimdagilar ham bu holatni toʻgʻri qabul qilib, mikrofonni pastlatdi. Shu tarzda Tolstoyga ovoz berganman. Uyga qaytishda ham tizzalarimni bukib ketayotganimni bilmay qolardim. Oila davrasida ham Tolstoyning ohangida gapirib yuborardim. Anchagacha shu rol taʼsirida yurganman.

    Mustaqillikdan keyin filmlar koʻpayib, dublyajga odam yetishmay qoldi. Axir 4 odam hammasini uddalay olmaydi-ku... Qoʻlidan kelsa-kelmasa, dublyajga aralashadiganlar paydo boʻldi.

    Bir kuni ishdan chiqsam, bir yigit bilan qiz turibdi. Meni kutib turishgan ekan. “Dublyaj bilan shugʻullanmoqchi edik”, deyishdi. Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari ekan. Sifat, talab tushib ketgani uchun oddiy odamlar ham dublyajga qiziqib ketdi-da. Toʻgʻri, oʻzbek dublyaji tarixida aktyor boʻlmay turib ham muvaffaqiyatga erishganlar boʻlgan. Lekin ular barmoq bilan sanarli. Teatr va rassomlik instituti oʻqituvchisi Omon Abdurazzoqov kinoda bosh qahramonlarga ovoz bergan. Albatta, oʻqituvchiligi uchun mahorati ham yetarli boʻlgan. Dildora Rustamova. Oʻzi jurnalist boʻlsa-da, dublyajning etagini mahkam tutdi. Juda tirishqoq. Ovozi ham yoqimli.

    “Aktyorning yutugʻi — tomosha zalining sukutga choʻmishi”

    Sulolamizning sanʼatga munosabati meni ham shu sohaga yaqinlashtirgan boʻlsa kerak. Dadam gʻijjak, onam dutor chalgan. Togʻalarim oilaviy yigʻinlarda cholgʻu chalib, ashula aytgan. Xullas, sanʼat hayotimizning ajralmas qismi, usiz inson inson emas, degan tushuncha barchamizda bor edi. Ishonasizmi, 9 yoshimda radiodan rubob ohangini eshitib, rubobga ishqim tushib qolgan. Musiqa maktabida rubob boʻyicha tahsil olganman. Bir kuni maktabda mehnat darsida taxta arralayotib, qoʻlim elektr arraga kirib ketdi. Koʻrsatkich barmogʻimdan ayrildim, jimjilogʻimni shifokorlar tikib qoʻydi, kaftim yorildi. Hali jarohatim bitmagan boʻlsa-da, “Oromijon” kuyini chalib, rubobdan imtihon topshirganman.

    Texnikumning 3-bosqichida oʻqiyotganimda gazetada Teatr va rassomlik institutining eʼloniga koʻzim tushib qoldi. Drama va kino aktyori mutaxassisligi boʻyicha qabul qilamiz, deyilgan ekan. Shundan soʻng mana shu institutga kiraman, deb turib oldim. Chunki ilgarigi tushuncham boʻyicha aktyor boʻlib tugʻilish kerak, unga oʻqib boʻlmaydi, deb yurardim.

    Ikki yillik harakatdan soʻng uchinchi yili institutga sirtqi boʻlimga qabul qilindim. Sirtdan oʻqish barobarida hozirgi Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida dastlab sahna ishchisi boʻlib ishladim, dekoratsiyalar qurdim. Olim Xoʻjayev, Sora Eshontoʻrayeva, Nabi Rahimov, Shukur Burhonovning qanday ishlayotganini koʻrdim va bu menga juda katta maktab boʻldi. Keyin rejissyor yordamchisi, truppa boshligʻi lavozimlariga koʻtarildim. Aktyorlik ham qila boshladim. Tashqi koʻrinishim oʻzbekona boʻlmasa-da, nutqim chinakam oʻzbekka xos edi. Oʻzbekiston xalq artisti Nazira Aliyeva sahna nutqidan birinchi ustozim boʻlgan. Shuni angladimki, sahnaga chiqqan aktyor inson sifatida shaxs boʻlmasa, tomoshabinga rolini yetkaza olmaydi. Baʼzan sahnadagi voqealar rostdan boʻlayotgandek tuyuladi. Bu juda noyob holat, rolga butun vujud bilan kirib ketishning natijasi. Shunday paytda shu kasbni tanlaganingdan, qilayotgan mehnatingdan xursand boʻlib ketasan. Tomosha zalining sukunatga choʻmishi — aktyorning muvaffaqiyati. Bunda tomoshabinni istagan koʻyga solish mumkin. Undan-da yuqori choʻqqi ham bor, u kamdan-kam odamga nasib etadi. Bu — xuddi dublyajdagi kabi aktyorni eng yaqin odami ham tanimay qolishi.

    “Osilsang, baland dorga osil...”

    1990-yilda ariza yozib, teatrdan ketmoqchi boʻlib turgandim. Ustozim Bahodir Yoʻldoshev “Shoshma, truppa “otpuska”dan kelsin”, dedi. Truppaning kelishini kutishga rozi boʻldim. Chunki shu paytgacha ijro etgan rollarimdan sira qoniqmayotgandim. Sergey (“Ichkuyov”), Blojnikov (“Roʻyxatlarda yoʻq”), Dolgov (“Abay”), Aleksandrov (“Tirik murda”) singari faqat rus qahramonlarini oʻynadim. Bunaqada men oʻzbek tomoshabini koʻngliga yoʻl topa olmayman, mendan milliy qahramon chiqmas ekan, dedim. Men ham milliy qahramonlarni oʻynashim kerak edi, axir oʻzbek xalqining farzandi boʻlsam.

    Bahodir aka masalamni butun jamoaga tashladi. Hamkasblarim meni rosa koyidi. Oradan 2 kun ham oʻtmay, eʼlon yozib qoʻyishibdi. Shuhrat Rizayevning “Iskandar” pyesasi sahnalashtiriladi, Navoiy rolida Yodgor Saʼdiyev, Afzal Rafiqov, deyilgan edi. Qotib qoldim. Menga hech qachon oʻzbek qahramoni berilmagandi. Birorta oʻzbek qahramoni boʻlsa boʻldi, degandim. Yana biratoʻla Navoiy-a? “Osilsang, baland dorga osil”, degandi oʻshanda ustozim. Afzaldan qanaqa Navoiy chiqadi, tashqi koʻrinishi ham toʻgʻri kelmaydi-ku, deganlar boʻldi. Rosti, hech kim Navoiy rolini ijro etishimni tasavvur qilmagan-da. Bunday yuksak ishonchdan kuch olib, butun vujudim bilan Navoiy siymosini gavdalantirishga kirishdim. Odatda hozirgacha menga qaysi rol berilmasin, unga institutni endi bitirgan talabadek yondashishga harakat qilaman.

    Xayriyat, Chorsudagi kitob doʻkonida “Xamsa”ning besh dostoni ham bor ekan. Yana nasriy bayoni bilan. Bahodir Yoʻldoshev hozirgi Milliy universitetdan aruzni yaxshi biladigan adabiyotshunosni taklif qildi. Maktab oʻquvchisi singari daftar tutib, doskaga yozib, Navoiy asarlarini aruz qoidasi boʻyicha oʻqishni oʻrgandik. 1991-yilning 21-martida premyera boʻldi. Nazarimda, baʼzilar oʻylaganidek emas, tuppa-tuzuk Navoiy chiqdi. Armonim ushaldi. Men uning asarlari bilan oʻzligimga qaytdim. Qaysi tamaddun vakili ekanimni bildim, hayotim butunlay boshqa tomonga oʻzgardi. Navoiyning qudrati shu qadarki, agar uning bir baytini besh adabiyotshunosga tahlil qilish uchun bersangiz, besh xil javob boʻladi va eng qizigʻi, beshovi ham asosli, mantiqli. Yana uning qudrati shuki, orkestr bilan uzundan-uzoq oʻqiganimda ham tomoshabin zerikmaydi, butun diqqatini Navoiyning soʻzlarini anglab yetishga qaratadi.

    Hazratning 580-yilligiga Rus akademik drama teatrida “Hayrat ul-abror”ni rus tilida sahnalashtirdik. Tomoshabin tushunmasa kerak, didaktik asar boʻlsa, pand-nasihat kimga yoqadi, deb oʻylagandim. Ne ajabki, tomoshabin juda yaxshi qabul qildi. Kollej oʻquvchilari ham jim oʻtirib eshitdi. Albatta, bu buyuk ajdodimiz satrlari zamiridagi ohanrabodan boʻlsa kerak.

    Orzum roʻyobi, hayotimning moʻjizasi

    Suhbat soʻngida Afzal akadan Qurʼoni karimning oʻzbekcha audiosini­ ­tayyorlash jarayoni haqida soʻradik.

    — Birinchi marta Qurʼon tilovatini 14 yoshimda qabristonda — buvimning dafn marosimida eshitganman. Koʻzi ojiz bir qori bor edi. Juda chiroyli tilovat qilgan. Hamon qulogʻimda jaranglaydi. Qurʼon oʻqishga, suralarni qiroat bilan aytishga qiziqib qolganman.

    1991-yili Qurʼonning birinchi oʻzbekcha matni chiqqan. Ramazon oyida saharlikda Alovuddin Mansur tarjima qilgan Qurʼoni karim maʼnolarini oʻqirdim. Shundan Qurʼonni mikrofonda oʻqish, audio qilish istagi dilimga tushgan. Uzoq vaqt homiy qidirdim. Hatto Misr Arab Respublikasi vakilining oldiga ham bordim. Chunki “Muhammadur rasululloh” filmini ulardan olgandik-da. U ham rozilik bermadi. Homiy topa olmadim. Oradan 16 yil oʻtib, 2007-yilda “Sinema market” rahbari qoʻngʻiroq qildi. Ahmadjon degan bu yigit Qurʼoni karimning audiosini tayyorlatmoqchi ekanini eshitib, darhol yetib bordim. Ular menga Alovuddin Mansurning emas, Abdulaziz Mansur tarjimasini berdi. Bu tarjima ilmiyroq boʻlgani sabab, shunchaki oʻqimadim, aktyorlik mahoratimni ishga soldim. Alloh nomidan kelganida boshqacha, paygʻambarning soʻzlarini boshqa ohangda, odamlarning gaplarini oddiy odamlarga xos tarzda berishga harakat qildim. Zero, xalqimizga matnni quruq berib boʻlmas, hissiyot bilan berilsa, kuchli taʼsir qilar ekan.

    Qurʼon suralarining arab tilida juda goʻzal eshitilishiga mahliyo boʻlganimda, oʻzbek tilida qanday jaranglarkan, deb qiziqardim. Audio variantini tayyorlab, mana shu savolimga javob topganday boʻldim. Bu eng katta orzumning roʻyobi, hayotimning moʻjizasi boʻldi.

    * * *

    Afzal Rafiqovdan kelajakdagi orzulari haqida soʻramadik. Chunki u orzularini sir tutishni yaxshi koʻradigan inson.

    — Dunyodan oʻtganimdan 50 yildan keyin ham meni eslashsa, nimadir qilgan boʻlsam kerak, — deydi u. — Alisher Navoiyni qariyb olti asrdan buyon eslaymiz. Mana, chinakam umr, ayrimlargagina beriladigan neʼmat.

    Afzal Rafiqov ota-onasini el nazariga tushishdek hammaga ham nasib etavermaydigan baxtining meʼmorlari deb biladi.

    Teatr institutiga kirayotganida erkin mavzuda insho yozgan yosh, navqiron Afzal Rafiqov oʻsha inshoga ichki hissiyotlarining barini tushirar ekan, “Oʻzbek teatri sanʼati rivojiga munosib hissa qoʻshib, ana shu sanʼat kitobida oʻzimning sahifamga ega boʻlish”, degan jumlani xulosa sifatida yozgan edi...

    Qanday qahramon qiyofasida boʻlmasin, u nafaqat teatr, kinoda ham oʻz sahifasiga ega boʻldi. Lekin oʻzi aytganidek, kino va teatr ustalari eʼtirof etgan rollarini ham Yaratgan bergan betakror, sohir ovozining kuchi ijobiy maʼnoda “ezib qoʻydi”, xolos. Shoirning “Tillardan tilga koʻch tirik dostonday”, degan soʻzlarini uning oʻzi gʻoyat taʼsirchan ohangda oʻqiganidek, Afzal Rafiqov nomi oʻzbek dublyaji tarixida qoladi, ovozi kelgusi avlodlar tomonidan ham sevib tinglanadi, tillardan tillarga koʻchadi.

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri